Jamiyat | 11:41 / 12.11.2016
19428
4 daqiqa o‘qiladi

ATB “Mikrokreditbank”ning Chiroqchi filiali boshqaruvchisi o‘z-o‘ziga kredit “tuhfa” etib, bankni taladi

ATB “Mikrokreditbank”ning Chiroqchi filiali boshqaruvchisi hamda “Chiroqchi paxta tozalash” AJ raisi vazifalarida ishlagan Ma'ruf Pirnazarov qator jinoyatlarga qo‘l urishdi. Bu haqda “Postda” nashri yozmoqda.

Chiroqchi tumanidagi “Uchar Lochin” MChJ mutasaddilari o‘tgan yili to‘yxona binosini hamda avtomobillarga yonilg‘i qo‘yish shoxobchasini ta'mirlash va jihozlash uchun bankdan 300 mln. so‘m kredit olishdi.

“Uchar Lochin” MChJning 80 foiz ulushi bank filiali boshqaruvchisi Ma'ruf Pirnazarovga, qolgan 20 foizi esa uning onasi G. Jalilovaga tegishli edi. Aslida M.Pirnazarovning o‘zi ushbu MChJni tashkil etgan, onasini shunchaki rahbar sifatida rasmiylashtirib qo‘ygan edi. Aslida hamma ishlarni o‘zi bajarib kelgan. 

Ma'lum bo‘lishicha, M.Pirnazarov 2015 yil 10 iyundagi raqamsiz kredit buyurtmasini MChJ rahbari bo‘lgan onasiga imzolatib, kredit qo‘mitasiga ko‘rib chiqish uchun topshirib, kredit ajratish jarayonida MChJning moliyaviy hisobotlarini tegishli tartibda o‘rganmasdan, unga 14 foiz ustama to‘lash sharti bilan 36 oy muddatga 300 mln so‘m kredit mablag‘i ajratish mumkinligi to‘g‘risida xulosa tuzib, imzolaydi. Kredit ajratish to‘g‘risida tegishli majlis bayonini rasmiylashtirib, uni viloyat kredit qo‘mitasiga ko‘rib chiqish uchun yuboradi. Kredit ajratish haqida viloyat kredit qo‘mitasining majlisi bayonidagi yozuvlar o‘zgartirilib, mazkur bayonnoma soxtalashtiriladi va shu orqali kredit ajratilishiga erishadi.

Kredit mablag‘lari va foiz to‘lovlari qat'iy grafik asosida o‘z vaqtida to‘lanishiga kelganda esa, u o‘z mansab hamda vakolatlarini su'iiste'mol qilib, chetga surdi va qarzni qaytarishni istamadi. 
Bank filiali boshqaruvchisi “Uchar Lochin”ning hali 260 mln, 770 ming so‘m miqdorda kredit qarzdorligi bo‘lsa-da, yuqoridagi “uslub” orqali unga (ya'ni o‘z-o‘ziga) navbatdagi kreditni “tuhfa” etdi. Ya'ni MChJga 12 foiz ustama to‘lash sharti bilan 24 oy muddatga yana 50 mln kredit ajratishga erishdi. Mazkur mablag‘ ham maqsadsiz ishlatilib, o‘zlashtirildi. 

U tumandagi “Qurbonov Nurqul” fermer xo‘jaligi raisi Nurqul Qurbonov bilan jinoiy til biriktirib, fermer xo‘jaligi tomonidan “Chorvachilikni rivojlantirish va chorva kompleksi qurish” uchun xo‘jalikning to‘lov layoqati, moliyaviy ishonchliligi, doimiy pul mablag‘lari oqimi va moliyaviy hisobotlarini, shuningdek, chorva kompleksi qurilishi lozim bo‘lgan smeta hujjatlarini talab qilmasdan, kredit byurosidan axborot olmasdan 12 foiz ustama to‘lash sharti bilan 24 oy muddatga 35 mln. so‘m kredit ajratilishiga “ko‘maklashib” yubordi. 
Sud hukmi bilan Ma'ruf Pirnazarov va Nurqul Qurbonovlarga tegishli jazo tayinlandi. Ish bo‘yicha bankka yetkazilgan 385 mln. so‘m zarar to‘liq qoplandi.
 

Mavzuga oid

E`lonlar