O‘zbekiston | 16:56 / 15.11.2016
4533
2 daqiqa o‘qiladi

MDH missiyasi O‘zbekistondagi prezident saylovini kuzatishga kirishadi

Foto: MDH Ijroiya qo‘mitasi

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) missiyasi O‘zbekistondagi prezident saylovlarini kuzatishni boshlaydi. Bu haqda MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi Sergey Lebedev jurnalistlarga ma'lum qilgan.

"17 noyabr kuni MDH missiyasi O‘zbekistonda ish boshlaydi. O‘n nafardan ortiq uzoq muddatli va yana 700 nafardan ortiq qisqa muddatli kuzatuvchilar faoliyat olib boradi. Ularning deyarli barchasi MDH mamlakatlari vakillaridir", – deya Lebedevning so‘zlarini keltirgan Sputnik Belarus.

U bu missiya Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Prezidenti saylovida kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun rasmiy taklifi asosida ish boshlanishini ma'lum qilgan.

O‘tgan oyda Markaziy saylov qo‘mitasi MDH Ijroiya qo‘mitasiga rasmiy taklifnoma yo‘llab, O‘zbekistonda 2016 yil 4 dekabrda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovining xalqaro kuzatuvida ishtirok etishga chaqirgandi. 

2004 yildan beri MDH Ijroiya qo‘mitasida MDH kuzatuvchilari missiyasi faoliyatini ta'minlash bo‘limi ishlamoqda.

O‘zbekistonda MDH kuzatuvchilari missiyasi 2004, 2009 va 2014 yilgi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, shuningdek, 2007 va 2015 yilgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlari chog‘ida kuzatuv amalga oshirgan.

Lebedev 2015 yilning martida o‘tkazilgan O‘zbekiston prezidenti saylovida ham MDH kuzatuvchilar missiyasiga rahbarlik qilgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid