Jahon | 19:41 / 22.11.2016
9898
5 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston muxolifati yetakchisi Atambayevning impichmenti uchun asos ko‘rmoqda

Foto: © RIA Novosti

Qirg‘iziston parlamentidagi muxolifat partiya bo‘lmish "Ata Meken" fraksiyasi yetakchisi Omurbek Tekebayev matbuot anjumanida Almazbek Atambayevning iste'fosi borasida tashabbus bilan chiqishini e'lon qildi. U Atambayevni konstitutsiyani buzishda ayblagan va prezident impichmenti jarayonini boshlash uchun asosga ega ekanini aytgan.

Uning aytishicha, prezident QSDP (Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi) faoliyatida ishtirok etmoqda.

Konstitutsiyaning 63-moddasida esa prezident davlat rahbari vazifasini bajarayotgan chog‘ida o‘zining partiyaga a'zoligini to‘xtatib turishi va partiya faoliyati bilan bog‘liq har qanday harakatni amalga oshirmasligi shart. Harakat deyilganda "har qanday yo‘l bilan bildirilgan sha'ma va maqbul topishlar" tushuniladi", degan u.

U prezident partiya faoliyatida bevosita va bilvosita ishtirok etayotgani haqida dalillar ko‘pligini bildirdi.

"Afsuski, Atambayev o‘zining bevosita majburiyatlarini bajarmayapti va QSDP faoliyatida ishtirok etmoqda. Fevralda bo‘lib o‘tgan partiya s'yezdida siyosiy kengash tashkil etilib, uning tarkibiga prezident atrofidagi shaxslar: Farid Niyazov, Ikram Ilmiyanov, Kubanichbek Kulmatov, Albek Ibraimov kirgan. Yana bir holat: Atambayev prezident etib saylanganidan so‘ng partiya raisi lavozimidan ketgan, lekin ushbu lavozim haligacha bo‘sh turibdi — bu ko‘p narsani bildiradi", — deya ta'kidlagan Tekebayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "Ata-Meken" prezident impichmenti jarayonini boshlash uchun dalillar yig‘ishga kirishadi.

"Bu konstitutsiyaning muhim bandlaridan biriga ziddir. Prezident hakam bo‘lishi va mamlakatda teng huquqli siyosiy raqobatni ta'minlashi darkor. Afsuski, u o‘z vazifasini bajarmayapti. Shuning uchun "Ata Meken" partiyasi ashyoviy dalillarni to‘plash va ular asosida impichment jarayonini boshlash uchun xulosa tayyorlash taklifi bilan chiqadi", — dedi fraksiya yetakchisi.

U mart oyigacha barcha zarur dalillar yig‘ilishi va hujjat tarzida tayyorlanishi rejalashtirilganini aytib o‘tgan.

Bundan avvalroq deputatlar prezident Almazbek Atambayev va "Ata Meken" muxolif partiyasi rahbari Omurbek Tekebayev o‘rtasida "dalillar urushi" boshlanganini bildirishgandi.

Oktyabr oyida mahalliy nashrlardan birida "atamekenchilar" Omurbek Tekebayev, Aida Salyanova va Almambet Shikmamatov go‘yoki Southfield Management Inc offshor kompaniyasida o‘z ulushlariga ega ekanligi haqida xabar paydo bo‘lgandi. Nashrning bildirishicha, firma Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Kurmanbek Bakiyevning o‘g‘li Maksim nomiga rasmiylashtirilgan. Maqola muallifi ular 2012 yilda keyinchalik aksiyalarining yarmi 50 million dollarga sotilgan MegaCom kompaniyasining mulk huquqini tiklashda yordam berishgani uchun haq olishganini yozgan.

Bu xabar 14 noyabr kuni Qirg‘iziston davlat xavfsizlik qo‘mitasi raisi Abdil Segizbayev prezidentga Beliz davlatidan trast hujjati olingani haqida ma'lum qilganidan so‘ng tasdiqlandi. Hujjatda qirg‘izistonlik 3 nafar siyosatchi MegaCom aksiyalarining 50 foizi sotilishiga qiziqish bildirishayotgani aytilgan. Prezident shu kuniyoq bosh prokuraturaga mazkur ma'lumotni tekshirishni buyurdi.

Shuningdek, sentabr oyi boshidagi matbuot anjumanida Tekebayev davlat rahbari Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi Kurmanbek Bakiyevning yer uchastkasida uy qurayotgani haqida ma'lum qildi. 

"Bu joy davlat hisobiga o‘tkazilmagan va qo‘ldan-qo‘lga o‘tib, Atambayevning mulkiga aylangan", degan u.

Bosh prokuratura bu masala yuzasidan o‘z xulosasini bergan.

Almazbek Atambayev sotsial-demokratlar partiyasiga asos solganiga 20 yildan oshiq vaqt bo‘lgan va almashuvsiz rahbarlik qilgan. 2011 yilda u prezidentga aylangach, partiya rahbarligini to‘xtatgan. O‘tgan yilda QSDP parlament saylovlarida g‘alaba qozondi va 120 mandatdan 25tasini qo‘lga kiritdi.

Mavzuga oid