07:35 / 23.11.2016
7826

AQSh IShIDning uch nafar yetakchisiga nisbatan sanksiyalar kiritdi

Foto: © RIA

AQSh hukumati IShIDning uch nafar yetakchisiga nisbatan sanksiyalar kiritdi. Bu haqda Davlat departamenti saytida ma'lum qilingan.

Ma'lum qilinishicha, sanksiyalar ro‘yxatiga Abdulla Ahmad al-Mashadaniy, Basil Hasan va Abdelil Ximich kiritilgan.

AQSh Davlat departamentining ta'kidlashicha, al-Mashadaniy xorijiy jangarilar, jumladan xudkushlarni IShID safiga jo‘natish va joylashtirish bilan shug‘ullanadi. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, u shuningdek IShID yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiyning maslahatchisi hisoblanadi.

Basil Hasan esa 2013 yilda daniyalik jurnalist Lars Xedegaardni o‘ldirishda ayblanadi. 2014 yilda terrorchi Turkiyada qo‘lga olingan, biroq keyinroq u IShID tomonidan asirda ushlab turilgan 49 kishiga almashtirilgan. Shundan keyin u Suriyaga jo‘nab ketgan. 

Yana bir terrorchi, Abu Sulaymon al-Faransiy nomi bilan taniqli bo‘lgan Abdelil Ximich IShIDning "tashqi operatsiyalarini" boshqaradi. U tomondan 2015 yilda "Tarik ibn Ziyad" deb ataluvchi batalon tuzilgan. Bu batalon Yevropadagi terrorchilik tarmog‘i bo‘lib, bir vaqtlar 300 kishidan iborat bo‘lgan. Bundan tashqari, jangari 2015 yil noyabrda Parijda hamda joriy yilning martida Bryusselda sodir etilgan teraktlarga aloqador bo‘lishi mumkin.

 

Top