Fan-texnika | 21:37 / 29.11.2016
8182
3 daqiqa o‘qiladi

Boom Technology kompaniyasi tovushdan tezkor samolyot prototipini namoyish qildi (video)

Foto: hi-news.ru

XIX va XX asrlar davomida ixtiro qilingan samolyotlar, shubhasiz, yo‘lovchi tashishda ma'lum bir inqilobga erishdi. Fuqarolik aviatsiyasi o‘tgan 100 yillikning o‘rtasida zamonaviy chizgilarga ega bo‘ldi va o‘shandan buyon bir manzildan boshqasiga yetish uchun talab qilinadigan vaqt keskin qisqardi. Shunga qaramay, uzoq masofaga uchish hali-hanuz ko‘p vaqt talab qiladi. Biroq tovushdan tezkor samolyotlarni ekspluatatsiyaga kiritish orqali ko‘p narsa o‘zgarishi mumkin. Ana shunday samolyotlardan birining prototipi yaqinda Boom Technology kompaniyasi tomonidan namoyish qilindi. Bu haqida Hi-News nashri ma'lum qildi. 

Tovushdan tez uchishga qodir yo‘lovchi samolyotini ishlab chiqarish g‘oyasi anchadan beri havoda muallaq turgandi, bunday mashinalar hattoki qo‘llangan ham: bu mashhur Britaniya Konkordi va Rossiyaning Tu-144 uchuvchi qurilmalaridir. Afsuski, bunday samolyotlar yetarlicha xavfsizlik bilan ta'minlashning uddasidan chiqmadi va ularga xizmat ko‘rsatish juda qiyin kechdi, shuning uchun ular ekspluatatsiyadan qaytarib olindi. 

Boom Technology kompaniyasi hozirgi vaqtda XB-1 Supersonic Demonstrator samolyoti prototipini sinovdan o‘tkazmoqda. Manbaga ko‘ra, ushbu uchuvchi qurilma xavfsizlikning barcha standartlariga javob beradi va unga xizmat ko‘rsatishda muammolar bo‘lmaydi. 

Prototip (mualliflar uni hazillashib Baby Boom deb atashadi) uchta General Electric J85-21 dvigateliga ega. Samolyot fyuzelyaji yengil uglerod tolalardan iborat. Avialayner dizayni uchun NASA, Boeing va SpaceX mutaxassislari javobgar. 

Ishlab chiqaruvchilarning ta'kidlashicha, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash hisobiga XB-1 tezligi soatiga 2335 kilometrni tashkil qiladi. Bu esa har qanday zamonaviy avialaynerdan taxminan 3 karra ko‘p demakdir. 

XB-1'ning tajriba namunasi 3:1 ko‘lamida qurilgan bo‘lib, sinov vaqtida bortda uch kishidan iborat ekipaj joylashadi: ikki nafar uchuvchi va bir muhandis. Ilk tovushdan tezkor parvoz 2017 yilning oxiriga mo‘ljallangan. To‘liq ko‘lamli samolyot 55 kishini tashiy oladi, ekipaj esa 6 kishidan iborat bo‘ladi. Avialayner parvozining ko‘zlangan masofasi 16 700 kilometrni tashkil qiladi. Qurilma bilan yaqindan tanishish uchun quyida taqdim etiladigan videoni tomosha qilishingiz mumkin. 

Mavzuga oid