Sport | 15:29 / 13.12.2016
9119
9 daqiqa o‘qiladi

YeChL qur'asi tahlili. Venger-«Bavariya» tuganmas yo‘li, qur'adan hamisha minnatdor «Real», Parij-Kataloniya «deja-vyu»si

12 dekabr kuni Yevropa chempionlar ligasining 1/8 final uchrashuvlari uchun qur'a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. «Arsenal» yana «Bavariya»ga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldi, «Real» ko‘pchilikning nazdida yana tushishi mumkin bo‘lgan eng oson raqibga duch keldi. Boshlanganiga ikki oy vaqt bo‘lgan pley-off bosqichi hozirdanoq turli bahs munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Tribuna.Uz juftliklarning har biriga alohida to‘xtalib o‘tadi.

PSJ – Barselona (14 fevral, 2017 yil)
Bir yillik tanaffusdan keyin bu ikki jamoa yana to‘qnash keladigan bo‘ldi. 2013-2015 yillar davomida jamoa ketma-ket uch marta o‘zaro o‘yinlarda maydonga tushishgan. Shulardan ikkitasi pley-off bosqichiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bir marta jamoalar bitta guruhdan joy olishgandi.  2013 yil «Barselona» ikkita durang natijasida (1:1, 2:2) yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2014 yilda «Barselona» guruhda birinchi, «PSJ» ikkinchi o‘rinni egallab keyingi bosqichga yo‘l olgandi. O‘zaro uchrashuvlarda jamoalar bittadan g‘alaba almashishgan. Parijda 3:2, Kataloniyada 3:1 – mezbonlar foydasiga. O‘sha mavsumning bahorgi qismida jamoalar yana bir bor chorak final doirasida to‘qnash kelishdi. Parijda 3:1, Barselonada 2:0 hisobida g‘alaba qozongan Enrike shogirdlari yarim final yo‘llanmasi, keyinchalik esa musobaqa bosh sovrinini qo‘lga kiritgandi.

Umuman olganda jamoalar bungacha o‘tgan asrda 3 marta to‘qnash kelishgan. 1994/95 yilgi mavsumda «PSJ» ikki o‘yin natijasiga ko‘ra (1:1, 2:1) «Barselona»ni musobaqadan chiqarib yuborgan. 1997 yilda esa o‘sha paytlar mavjud bo‘lgan Kubok egalari kubogi finalida «Barselona» g‘alaba qozonib, kubokka ega chiqqan.

Bo‘lajak o‘yin
Har qanday holatda ham, har qanday raqibga qarshi «Barselona» favorit jamoa sifatida e'tirof etiladi. Bo‘lajak o‘yinda ham aynan kataloniyaliklar favorit sanalishmoqda. Boz ustiga, Parij ham so‘nggi vaqtlarda chempionatda ham, chempionlar ligasida ham kutilganidek o‘yin namoyish qila olmayapti. «Barselona»da ham bir qarashda ichki chempionatda barchasi ko‘ngildagidek ketayotgani yo‘q. Jamoa azaliy raqibidan 6 ochkoga ortda bormoqda. Biroq YeChL jamoada va Messida hammasi joyida ekanini ko‘rsatib berdi. Fevralgacha vaziyat qanday bo‘lishi ham muhim. Futbolchilar o‘sha davrga qay holatda yetib kelishi, jarohatlar va boshqa bir necha omillar ham uchrashuvda o‘z so‘zini aytishi tayin. Hozircha esa barchasi «Barselona»ning navbatdagi muvaffaqiyati sari yo‘l ko‘rsatmoqda

Tribuna.Uz talqini bo‘yicha imkoniyatlar: 35-65

Benfika – Borussiya Dortmund (14 fevral, 2017 yil)
Yevrokuboklar doirasida tez-tez uchrashadigan juftliklar qanchalik bo‘lsa, bu juftlik ularning butunlay teskarisi deyish mumkin. O‘sha mashhur Eysebio davridan buyon jamoalar hech qanday rasmiy musobaqa davomida o‘zaro ro‘baro‘ kelishmagan.

Bo‘lajak o‘yin
Nom jihatdan olib qaralganda «Borussiya» so‘zsiz favorit sanalishi tabiiy. Jamoa guruh bosqichini o‘ta ishonchli o‘tkazdi. «Real» ortda qoldirildi. Guruh bosqichida ko‘p gol kiritish bo‘yicha rekord yangilandi. Biroq o‘yingacha bo‘lgan muddatga qadar futbolchilarning qanday sport formasida bo‘lishi juda muhim. Ayniqsa, «Borussiya» kabi jamoalar uchun. Jamoa yetakchisi Roys jarohatidan forig‘ bo‘lib safga qaytgan, biroq uning tez-tez lazaretda mehmon bo‘lishini hisobga olsak, fevralda uning sog‘lom bo‘lishi muhim. Gerreyro, Shmeltser kabi mavsumning dastlabki qismini o‘tkazib yuborgan asosiy tarkib futbolchilari uchun ham tegishli bu gap.

Hozircha esa, Tribuna.Uz talqini bo‘yicha imkoniyatlar: 40-60

Bavariya – Arsenal (15 fevral, 2017 yil)
«Insoniyat to‘xtovsiz kuzatishi mumkin bo‘lgan uchta narsa bor: suvning oqishi, olovning yonishi va «Arsenal» YeChLda har doim «Bavariya»ga raqib bo‘lishi». So‘nggi yillarda shu remiks ibora urfga kirdi. 2016 yilgi 1/8 finalda «Arsenal» «Barselona» bilan kuch sinashgandi. Undan oldingi ikki mavsum ketma-ket inglizlar va nemislar bu bosqichda o‘zaro to‘qnash kelishgan va har safar «Bavariya»ning qo‘li baland kelgan. (2013 yil Londonda 1:3, Myunxenda 0:2, 2014 yil Londonda 0:2, Myunxenda 1:1). 2015/16 mavsum guruh bosqichida esa Londonda 2:0 hisobida Venger shogirdlari g‘alaba qozongan bo‘lsa, Germaniyada 5:1 hisobida mezbonlar zafar quchgan. 2005 yilda ham jamoalar 1/8 finalda duch kelgan va yuqoridagi kabi holat kuzatilgan (Myunxenda 3:1, Londonda 1:0 – mezbonlar foydasiga).

Bo‘lajak o‘yin

«Bavariya» Gvardiola ketgach, butunlay boshqacha o‘yin uslubdagi italiyalik murabbiy bilan yangicha futbolga moslashishi biroz qiyin kechmoqda. Jamoa 3 turdan keyin nihoyat Germaniya chempionatida peshqadamlikni qaytarib oldi. Chempionlar ligasida esa uzoq vaqtdan buyon ilk marta guruhni ikkinchi o‘rinda yakunladi. Venger ko‘p noliydigan guruh bosqichidagi ikkinchi o‘rin sindromidan qutulganiga qaramay, bu safar «Bavariya»ga duch keldi. Londonliklar APLda «Chelsi»ga eng munosib qarshilik qilib turgan jamoa bo‘lib turishibdi. 

Germaniya tez orada davralar oralig‘idagi tanaffusga chiqib ketadi. Bir tarafdan bu futbolchilarning hordiq chiqarib olishi uchun yaxshi bo‘lishi mumkin. Biroq ikki haftada jamoa optimal sport formasiga chiqa oladimi, yo‘qmi bu ham qo‘shimcha savol.

Tribuna.Uz talqini bo‘yicha imkoniyatlar: 55-45

Real Madrid – Napoli (15 fevral, 2017 yil)
«Lester» yoki «Napoli» madridliklar uchun eng qulay raqiblar sifatida ko‘rilgandi. Ko‘p ko‘tariladigan mavzu «Real»ga bu safar ham qur'ada omad kulib boqdi deyish mumkin. Higuain bilan o‘tgan mavsumni juda yaxshi o‘tkazgan «Napoli» bu safar argentinalik hujumchisiz butunlay boshqacha futbol namoyish etmoqda. Bugungi jamoa amalda «Real»ni to‘xtatib qolishi mumkin bo‘lgan favqulodda kuchga emasdek ko‘rinmoqda.

Ikkala jamoa ham yevrokuboklarda ko‘p uchrashadigan jamoalar sirasiga kirmaydi. Kelgusi yili bu jamoalarning so‘nggi to‘qnashuviga 20 yil to‘ladi. 1987 yilning kuzida UYeFA kubogi 1/16 final doirasida o‘tgan uchrashuvda ikki o‘yin natijasiga ko‘ra (2:0, 1:1) madridliklar zafar quchishgandi. Hozircha bu ikki jamoaning rasmiy uchrashuvlar tarixiga yozilgan yagona qarama-qarshilik bo‘lib turibdi.

Bo‘lajak o‘yin
«Real» fantastik sport formasiga kirib ulgurgan. Jamoa oxirgi marta mag‘lubiyatga uchraganiga ham tez orada 40ta uchrashuv bo‘ladi. Fevral oyida ham Zidan shogirdlari shunday sport formasini saqlab qolsa, «Napoli»dan biror karomat kutish foydasiz bo‘ladi. Neapolliklar yevromavsumni ham bir tekisda o‘tkaza olmadi. Dastlabki ikki uchrashuvni g‘alaba bilan yakunlagan jamoa, keyinchalik o‘ziga muammolarni orttirib oldi va faqatgina so‘nggi turdagina o‘ziga kelib guruhda g‘alaba qozonishni uddaladi. Fevralda Sarri shogirdlarini juda murakkab uchrashuv kutib turibdi. Hozircha bu ulkan boshog‘riqni jamoa qanday yengib o‘tadi – bunisi qorong‘u.

Tribuna.Uz talqini bo‘yicha imkoniyatlar: 65-35

Yevromavsumning bahorgi qismi dastlabki haftasi mana shu uchrashuvlardan iborat. Ikkinchi haftada o‘tkaziladigan qolgan 4ta uchrashuv haqida esa keyinroq.

Azamat Murodov
Tayyorlagan Azamat Murodov
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid