Fan-texnika | 16:24 / 26.12.2016
16981
7 daqiqa o‘qiladi

«Apple yana diqqatini yo‘qotmoqda, ammo bu safar Jobs yordam bera olmaydi»

Foto: Getty Images

Dunyoning eng yirik yuqori texnologiya mahsulotlar ishlab chiqaruvchi Apple korporatsiyasi duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolar haqida Business Insider nashri muharriri Deyv Smit fikr yuritishga qaror qilgan. Ushbu kompaniya mahsulotlari soni ortgani sayin, ularning sifati buzila boshlamoqda. Smitning ishonch bildirishicha, Apple 20 yil muqaddam bu bosqichdan bir bora o‘tgan. O‘shanda, Stiv Jobsning qaytishi va mahsulotlar sonini qisqartirish bo‘yicha radikal siyosati muvaffaqiyat keltirgan edi. 

«Stiv Jobs Apple kompaniyasiga qaytgan vaqtda, korporatsiya eng yomon holatini boshdan kechirayotgan edi», — deb yozadi Business Insider muharriri Deyv Smit. O‘tgan asrning 80-yillari boshida Apple II va Macintosh kompyuterlari ishlab chiqarilganidan so‘ng erishilgan natijalar kompaniyaga muvaffaqiyat keltirgan bo‘lsa-da, oradan 10 yillar o‘tgach, daromadlar pasaya bordi, 1996 yilda savdo hajmi 30 foizga qisqardi. 

«Bunga kompaniya tomonidan ko‘p turdagi mahsulot ishlab chiqarilishi sabab bo‘ldi. Garchi, kompaniya Macintosh kompyuterlaridan bir necha xilini ishlab chiqarsa-da, iste'molchilarga ular orasidagi farq mijoz tilida yetkazib berilmagan. Soddaroq aytganda, kompaniya diqqatini yo‘qotgan edi», — deb yozadi Smit.

Biroq, Jobsning qaytishi hammasini o‘zgartirib yubordi.

1997 yil sentabrida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar soni 70 foizga qisqartirilib, printerlar va server uskunalaridan voz kechildi. «Sizlar iste'dodli kishilarsiz. Sizlar bu kabi qayoqdagi jihozlarga vaqt sarflamang», — degan edi Apple rahbari. 

«Strategiyaning bunday kutilmaganda o‘zgarishi kompaniyani saqlab qoldi. Shu bilan birga, mahsulotlar soni qisqartirilgani sababli, Apple 3 mingdan ortiq xodimini ishdan bo‘shatishga majbur bo‘ldi. Va kelasi yanvar oyida Jobs daromad keltirgan choraklik yakunini e'lon qildi. Bu bir necha yillar davomida erishilmagan natija edi. Apple hech qachon qilmagan ishiga qo‘l urdi va u ish berdi», — deb hikoya qiladi Smit. 

«Jobs va dizaynerlik bo‘limi rahbari Jonni Ayv kompaniyada birorta ortiqcha narsa bo‘lmasligi borasida qayg‘urishdi. Shu sababli, mahsulotlar, biznes va marketing ayni shu g‘oya mahsuli bo‘ldi», — deb yozadi Business Insider.

Natijada, iPod, iPhone va iPad zudlik bilan dunyoni zabt etdi va odamlarning texnologiyalar bilan o‘zaro munosabatini o‘zgartirib yubordi. Apple dunyoning eng qimmat va eng yirik kompaniyasiga aylandi. 

«Ammo, 2011 yili Jobs bu dunyoni tark etdi. Uning hamkori va g‘oyaviy izdoshi Ayv esa, kompaniyada tobora kamroq ko‘rinmoqda. Ko‘pchilik uning ketishiga ishonmoqda. Biroq, Apple korporatsiyasining bu yilgi natijalaridan aytish mumkinki, Jobs va Ayvsiz qoladigan kompaniya muammolarga duch keladigan ko‘rinadi», —deb yozadi Smit.

Chunki, Apple hozirda, 46 turdagi mahsulotini ishlab chiqaradi, bular smartfonlardan planshetlargacha, soatlardan kompyuterlargacha. «Mahsulotlar soni muhim emas, ularda aniqlangan muammo va nosozliklarga barham berish muhimroq. Har bir yangi Apple mahsuloti esa, nuqsonsiz chiqmayapti», — deya ta'kidlangan Business Insider nashri.

iPhone

iPhone 6 va iPhone 6s smartfonlarining ko‘plab egalari, batareya to‘la bo‘lsa ham telefonning o‘chib qolishidan nolishadi. «Ammo, Apple bu kamchilikni bataraf eta olmadi yoki kompaniya bu ma'lumotlarni shunchaki oshkor qilishni xohlamayapti», — deb yozadi Smit.

MacBook Pro

Batareyaning ishlash davomiyligi reklamada aytilganidan kamroq bo‘lib chiqdi. «Apple qurilma 10 soatgacha qo‘shimcha quvvatsiz ishlashiga va'da bergandi, biroq, ko‘pgina xaridorlar, batareya kuchi 7-8 soatga yetayotganini qayd etishgan. Bundan tashqari, yangi modelda SD-karta va MagSafe konnektori uchun tirqish mavjud emas. Shu bilan birga, anchagina qimmat ekani xaridorlar va muxlislar e'tiroziga sabab bo‘ldi». 

AirPods

Apple simsiz quloqchinlarning ilk partiyasini oktabr oyida sotuvga chiqarishga ulgurmadi, ular dekabr oyi o‘rtalarida paydo bo‘ldi. Qolaversa, EarPods quloqchinlariga nisbatan ancha qimmat ekani oydinlashdi. 

Apple Watch

Ikkinchi avlod Apple soatlari avvalgi namunasidan deyarli hech narsa bilan farq qilmaydi. «Endi u suv o‘tkazmaydi va GPS-modulga ega xolos. Biroq, interfeys jihatidan maqtovga loyiq emas».

Apple TV

Smitning fikricha, qurilmaning boshqaruv pulti juda ham noqulay. «U juda kichik, buning ustiga, sensor paneli juda sezgir. Shu bois, pult doim yo‘qolib qoladi yoki ozgina tegib ketilsa, ishlaydi. Uning nuqtalari ko‘pligiga qaramay, Apple rahbariyati mahsulot dizaynini ma'qullaganidan hayronman», - deb yozadi Smit.

O‘tkazgichlar

«Yangi iPhone’da simli quloqchindan foydalanish uchun maxsus konnektorlar talab etiladi. Yangi MacBook uchun masalan, SD-kart va Lightning-konnektor kabi boshqa ulagichlar lozim. Bularning barchasini olib yurish juda noqulay, chunki ular osonlik bilan yo‘qolib qolishi mumkin», — deb yozadi Deyv Smit.

Maqola muallifi reklama va dasturiy ta'minotdagi muammolarga ham e'tibor qaratgan. Uning fikricha, Apple kompaniyasining ko‘plab dasturlari va xizmatlari eskirgan va ularni yangilash zarur

Apple Music intefeysi 2016 yilda yangilangan bo‘lsa-da, foydalanishda noqulaydir. 
App Store platformasida to‘liq tartibsizlik hukm suradi, deyish mumkin. U yerda yangi ilovani qidirish umuman qiziqarli emas. 

Apple kompaniyasining («Pochta», «Ob-havo», «Yangiliklar» kabi) standart ilovalari ham boshqalarnikiga qaraganda yaxshi emas. Muallif, shuningdek, Apple reklama kampaniyalari sifati ham tushib ketganidan qayg‘urgan: «Marketing Jobs sevgan jihatlardan biri edi. Masalan, "1984", "iPod silueti", yoki Think Different kabilar, eng ajoyib reklama kampaniyalari edi», - deb yozadi maqola muallifi Deyv Smit.

Mavzuga oid