Kun.uz tasnifi bo‘yicha 2016 yilning eng muhim hodisalari
Yaqinginada kutib olganimiz 2016 yil ham go‘yoki ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketmoqda, tarix zarvaraqlariga qo‘shilmoqda. Biroq tarixan qisqa davrda, bir yil uchun juda ko‘pdek tuyulgan olamshumul voqea-hodisalar ro‘y berdi. Kun.uz tahririyati o‘z nuqtai nazari bo‘yicha eng muhim bo‘lgan voqea-hodisalarni yodga olishga qaror qildi.
Yanvar
1 yanvar kuni Ukraina va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi Erkin savdo kelishuvi kuchga kirdi. Odatda YeI bundan kelishuvlarni mamlakatda siyosiy, iqtisodiy, savdo va sud islohotlarini amalga oshirish majburiyati evaziga imzolaydi. Kelishuvni imzolagan hamkor davlat, xususan, YeIning ayrim yoki barcha bozoriga bojsiz kirish, moliyaviy yoki texnik yordam olish, YeI bilan erkin savdo hududlarini tashkil etish borasida imtiyozlarga ega bo‘ladi.
2 yanvarda Saudiya Arabistoni podshohligida, ushbu mamlakatdagi shialar rahnamolaridan biri Nimr an-Nimr va yana oliy jazoga mahkum qilingan 46 kishi qatl qilindi. Bunga javoban, rasmiy Tehron qatlni qoraladi, Bahrayn va Saudiyaning shialar istiqomat qiladigan hududlarida, Livan va Eronda ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Tehrondagi namoyishchilar Saudiya Arabistoni elchixonasiga yonuvchi aralashma to‘ldirilgan shishalarni irg‘itib, elchixona binosini egallab olishdi. 3 yanvarga o‘tar kechasi Eron politsiyasi namoyishchilarni elchixona binosidan quvib chiqarishdi. 4 yanvarda Saudiya podshohligi Eron bilan diplomatik aloqalarni uzganini e'lon qildi. Ar-Riyod ortidan Bahrayn va Sudan ham shunday yo‘l tutdi. BAA o‘z elchisini chaqirib oldi va elchilik darajasi muvaqqat vakillik darajasigacha pasaytirilganini bildirdi. 5 yanvarda Kuvayt hukumati ham Erondan elchisini chaqirib oldi, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Xolid Sulaymon al Jaralla Eron elchisiga norozilik notasini taqdim etdi. 6 yanvarda Jibuti, 7 yanvarda Somali Eron bilan diplomatik aloqani uzdi.
6 yanvarda KXDR vodorod bombasining yerosti sinovini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. AQSh, Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya seysmologiya xizmatlari 4-5 ballik yer silkinishini qayd etdi.
16 yanvarda IAEA (Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik) Eron hukumatining o‘z yadro salohiyatini qisqartirishga tayyorligiga oid hisobotni taqdim etdi. BMT Xavfsizlik kengashi, AQSh va YeI Eronga nisbatan joriy qilgan iqtisodiy jazo choralarini bekor qildi.
Fevral
7 fevral kuni Koreya xalq demokratik respublikasi bortida Yerning sun'iy yo‘ldoshi bo‘lgan «Kvanmenson-4» raketasini uchirdi. Bunga javoban, BMT Xavfsizlik kengashi ushbu mamlakatga nisbatan navbatdagi jazo choralarini qabul qildi.
11 fevral kuni amerikalik olimlar gravitatsiya to‘lqinlari mavjudligini aniqlashdi. Shunday qilib, 100 yil muqaddam mashhur fizik olim Albert Eynshteyn tomonidan mazkur to‘lqinlar mavjudligi haqidagi nazariya tasdiqlandi.
Mart
20 mart kuni Qozog‘iston Respublikasida Parlament quyi palatasi Majilis uchun navbatdan tashqari saylovlar bo‘lib o‘tdi. Bu mustaqil respublika tarixidagi 7-parlament saylovi (5-navbatdan tashqari) bo‘ldi. Saylovda 6 ta siyosiy partiya qatnashdi, ularning 3 tasi 7 foizlik to‘siqdan oshib, Qozog‘iston parlamenti quyi palatasi tarkibiga kirdi.
22 mart kuni Belgiya poytaxti Bryussel shahrida teraktlar sodir etildi. Shahar aeroportining parvozlar zalida ikkita portlash bo‘ldi. Yana biri Bryussel metrosining Malbek bekatida amalga oshirildi. Ushbu xunrezlik oqibatida 38 kishi (shundan 3 nafari xudkush terrorchi) halok bo‘ldi, 340 dan ortiq inson yaralandi. Teraktlar uchun javobgarlikni IShID terrorchilik guruhi o‘z zimmasiga oldi.
27 mart Suriya armiyasi Palmira shahrini IShID jangarilaridan ozod qilgani xabar qilindi. Jangarilar bu yerda qadimgi tarixiy va madaniy yodgorliklarni vayron qilib, mahalliy aholini qatl etishgan edi. Biroq dekabr oyida jangarilar shaharga qaytadan hujum qildi. Hozirda Suriya armiyasi mudofaa janglarini olib borayotgani xabar qilinmoqda.
Aprel
14 aprel kuni kechqurundan Yaponiyaning Kyusyu orolida Rixter shkalasi bo‘yicha 7,3 ballik bir necha yerosti silkinishi ro‘y berdi. Uylar va ko‘priklar vayron bo‘ldi, avtomobil va temir yo‘llar buzildi. Jami 500 ga yaqin yerosti silkinishi qayd etildi. Kumamoto prefekturasida 400 ga yaqin uy buzildi 1262 bino qisman vayron bo‘ldi. 40 dan ortiq inson hayotdan ko‘z yumdi. Mingdan ortiq odam jabrlandi. Hududdagi qator ishlab chiqarish korxonalari, avtomobil zavodlari faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi.
16 aprelda Ekvadorda 7,8 balllik yer silkinishi sodir bo‘ldi. Buning oqibatida 663 kishi hayotdan ko‘z yumdi, 12,5 ming kishi turli darajada tan jarohati oldi. Manabi, Esmeraldas, Santo-Domingo-de-los-Tsachilas, Guayas, Santa-Elena va Los-Rios muzofotlaridagi infratuzilmalar vayron bo‘ldi.
May
12 mayda Braziliya parlamenti mamlakat prezidenti Dilma Rusefga nisbatan impichment e'lon qilish jarayonini boshladi va uni 6 oy muddatga vazifasidan ozod qildi. Davlat rahbari vazifasini Mishel Migel Elias Temer Lulia vaqtincha bajaradigan bo‘ldi.
19 may kuni Egyptair aviakompaniyasining Parijdan Qohiraga MS804 reysini amalga oshirayotgan Airbus A320 samolyoti radar ekranlaridan yo‘qoldi. Samolyot Gretsiya hududiga kirgach, 20 daqiqadan so‘ng g‘oyib bo‘lgan. Uning bortida 66 kishi bo‘lgan. "Mayadin" telekanaliga ko‘ra, samolyot dengizga qulab tushgan.
22 may Tojikistonda Konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan referendum bo‘lib o‘tdi. Unda jami bo‘lib 41 ta konstitutsiyaviy tuzatish xalq muhokamasiga kiritildi. Unda prezident Emomali Rahmonning muddatsiz vakolatlariga ruxsat berish, mamlakat prezidentligi uchun nomzodlarning eng kam yoshini 35 dan 30 yoshga pasaytirish, diniy qarashlarga asoslangan siyosiy partiyalarni taqiqlash kabi asosiy masalalarga doir xalq fikri aniqlangan.
26-27 mayda Yaponiya G7 (katta yettilik) mamlakatlari davlat rahbarlarining 42-sammitiga mezbonlik qildi. Anjuman Mie prefekturasi Sima shahrida bo‘lib o‘tdi. Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya va AQSh katta yettilik davlatlari hisoblanadi.
Iyun
5 iyun kuni Qozog‘istonning Aqto‘be shahrida qurollangan guruh ikkita qurol sotiladigan do‘konga hamda shahardagi harbiy qismga hujum qildi. 7 kishi halok bo‘ldi, 10 kishi yaralandi. «Salafiylik» diniy oqimi izdoshlari qo‘poruvchilikda ayblandi. Keyinchalik ushbu jinoyatga aloqadorlikda gumon qilinib qo‘lga olingan 29 kishiga nisbatan hukm o‘qildi. Ularning 7 nafari umrbod, qolganlari esa turli yillarga ozodlikdan mahrum qilindi.
10 iyundan 10 iyulgacha Fransiyaning futbol maydonlarida Yevro-2016 futbol bayrami bo‘lib o‘tdi. Unda qit'aning 54 terma jamoasidan ilk marotaba 24 jamoasi ishtirok etdi. 10 iyul kuni bo‘lib o‘tgan final o‘yinida o‘z tarixida ilk marotaba Portugaliya terma jamoasi g‘alaba qozondi. Shunday qilib, asosiy o‘yin vaqtida atigi bir marta g‘alaba qozongan hamda guruhda uchinchi o‘rinni egallab, pley-off bosqichiga chiqqan jamoa kelgusi 4 yillikning chempioni bo‘ldi.
23-24 iyun kunlari Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining 15-sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammit yakunlari bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Tashkilotni rvojlantirish strategiyasiga doir 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan harakat dasturi tasdiqlandi. Bundan tashqari, davlat rahbarlari Hindiston va Pokistonni tashkilotga qabul qilish tartibi va muddatiga oid hujjatlarni ham imzolashdi. Sammit doirasida, shuningdek, tashkilotga a'zo mamlakatlarning turizm sohasini rivojlantirishdagi hamkorlik dasturi ham ma'qullandi.
Iyun oyida yana bir muhim voqea – Buyuk Britaniyaning YeI tarkibidan chiqish masalasiga bag‘ishlangan referendum bo‘lib o‘tdi. 23 iyunda tashkil etilgan ovoz berish jarayonida ishtirok etganlarning 51,8 foizi Brexit uchun ovoz berdi. 48,2 foiz saylovchi bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlamadi.
26 iyunda Iroq qo‘shinlari Al Faluja shahrini IShIDdan ozod qilganini e'lon qildi. Shahar 2014 yildan beri IShID nazoratida edi. Al Faluja Bag‘dod shahriga yaqinligi bois, jangarilar uchun muhim ahamiyatga molik edi.
27 iyunda jahon siyosat maydonida yana bir shov-shuvli yangilik paydo bo‘ldi. Oradan 7 oy o‘tgach, Turkiya Rossiya bilan munosabatlarni tiklashga qaror qildi. Mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Rossiya rahbari Vladimir Putinga yo‘llagan maktubida Su-24 samolyoti urib tushirilgani uchun uzr so‘radi va ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni tiklashga chaqirdi. Rossiya tomoni bu chaqiriqni ijobiy qabul qildi.
28 iyun kuni Turkiyaning Istanbul shahridagi Otaturk xalqaro aeroportida uchta portlash sodir etildi. Buning oqibatida 44 kishi, shu jumladan ikki nafar o‘zbekistonlik ham hayotdan ko‘z yumdi. 239 kishi yaralandi.
30 iyunda Rodrigo Duterte Roa Filippin prezidenti lavozimiga kirishdi. U 2016 yil 9 may kuni Filippinda bo‘lib o‘tgan umummilliy saylovlarda g‘alaba qozongan edi. Saylovlarda, shuningdek, parlament Vakillar palatasi, Senatning yarmi ham yangilangan edi.
Iyul
3 iyulga o‘tar kechasi Bag‘dodning Al Karroda va Ash-Shaab tumanlarida amalga oshirilgan terrorchilik oqibatida 292 kishi hayotdan ko‘z yumdi. 200 dan ortiq inson yaralandi. Shaharning shialar istiqomat qiladigan hududlarida amalga oshirilgan xunrezliklar uchun jvobgarlikni IShID o‘z zimmasiga oldi.
8-9 iyul kunlari Polsha poytaxti Varshava shahrida NATO sammiti bo‘lib o‘tdi. Bu anjuman alyansga a'zo mamlakat davlat va hukumat rahbarlarining 27-uchrashuvi hisoblanadi. Sammitning maqsadi NATO yangi tahdidni jiddiy qabul qilishi borasida Moskvaga o‘ziga xos ishora berishdan iborat bo‘lgan. Sammit yakunida Boltiqbo‘yi mamlakatlari (Estoniya, Litva, Latviya) va Polshada to‘rtta alohida batalondan iborat NATO harbiylarini joylashtirishga kelishib olindi.
14 iyul kuni Fransiyaning Nitstsa shahri Angliya sohillariga to‘plangan olomon ustiga terrorchi yuk avtomobilini boshqardi. 85 kishi halok bo‘ldi, haydovchi o‘ldirildi. 200 kishi jarohatlandi.
15 iyuldan 16 iyulga o‘tar kechasi amalga oshirilgan yana bir mudhish voqelik jahon OAVlari tomonidan keng yoritildi. Bir guruh harbiy isyonchilar Turkiyaning konstitutsiyaviy hukumatini ag‘darish maqsadida harbiy davlat to‘ntarishini amalga oshirishga urindi. Ushbu jarayonlarda isyonchilardan tashqari, 294 nafar tinch aholi vakili hayotdan ko‘z yumdi. 2 mingdan ortiq fuqaro yaralandi. Mamlakat hukumati davlat to‘ntarishiga urinishda AQShda istiqomat qiluvchi Fathulloh Gulen tashkilotini aybladi. Tergov jarayonida bir necha o‘n ming kishi hibsga olindi.
18 iyulda Jahon Dopingga qarshi agentlik (WADA)ning mustaqil komissiyasi Rossiyani sportda doping qo‘llash bo‘yicha Davlat dasturiga egalikda aybladi. Bu alaloqibat, Rossiya yengil atletika va og‘ir atletika terma jamoalarining Olimpiya o‘yinlaridan diskvalifikatsiya qilinishiga sabab bo‘ldi.
Avgust
5-21 avgust kunlari Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Unda rekord darajada – 306 ta medallar to‘plami o‘ynaldi. Ishtirokchi davlatlar soni bo‘yicha ham rekord qayd etildi. 206 terma jamoa medallar uchun kurash olib bordi. Rio-2016, shuningdek, amerikalik suzuvchi Maykl Felps (jahon sportidagi ilk natija – 23 karra olimpiya chempioni) va yamaykalik sprinter Useyn Boltning (8 karra Olimpiya chempioni) rekord ko‘rsatkichlari bilan ham yodda qoladi. Ushbu Olimpiada musobaqalarida erishilgan yana bir ijobiy natija O‘zbekiston milliy Olimpiya terma jamoasi ko‘rsatgan natijalar bilan bog‘liq. Yurtimiz sportchilari Milliy Olimpiya terma jamoamiz tarixida ham ilk marotaba ulkan yutuqlarga erishdi. O‘zbekistonlik sportchilarning 13 nafari Olimpiada o‘yinlari sovrindori bo‘ldi.
7 avgust Rossiya Paralimpiada terma jamoasi Rio Paralimpiada o‘yinlaridan chetlatildi. Xalqaro Paralimpiada qo‘mitasi Rossiya termasiga nisbatan doping mojarolari tufayli shunday keskin qaror qabul qildi va Rossiya Paralimpiya qo‘mitasini tashkilot a'zoligidan mosuvo etdi.
24 avgust Italiyaning markaziy tumanlarida 6,0 ballik zilzila yuz berdi. Uning markazi Latsio viloyati ma'muriy markazi Akkumoli shahri yaqinida edi. 300ga yaqin kishi tabiiy ofat qurboni bo‘ldi, bir necha yuz odam jarohatlandi, 3 mingdan ortiq inson boshpanasidan ayrildi. Italiyaning Amatriche shahri deyarli yakson bo‘ldi.
31 avgust kuni Braziliya Senati mamlakat prezidenti Dilma Rusefga nisbatan impichment qo‘llash xususida qaror qabul qildi. Shu bilan mamlakat prezidentligi Mishel Temerga o‘tdi. U bu vazifani 2019 yil 1 yanvarigacha bajaradi. Siyosiy inqirozga Petrobras davlat neft kompaniyasi bilan bog‘liq korrupsiya mojarosi sabab bo‘ldi.
Sentyabr
2016 yil 1 sentabrda O‘zbekiston aholisi mamlakat mustaqilligining 25 yilligini nishonladi. Biroq unda xastaligi sababli Respublikaning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ishtirok eta olmadi.
2 sentabrda mustaqil O‘zbekiston Birinchi Prezidenti, davlat va siyosat arbobi Islom Karimov 78 yoshida insult tufayli hayotdan ko‘z yumdi. U 1989 yil iyunidan O‘zbekistonga rahbarlik qilib kelayotgan edi. Islom Karimov 3 sentabrda Samarqand shahridagi Shohi Zinda qabristoniga dafn qilindi.
4-5 sentabrda Xitoyning Xanchjou shahrida G20 – dunyoning yirik yigirma davlati rahbarlarining 11-sammiti bo‘lib o‘tdi. G20 jahonning rivojlangan va rivojlanayotgan 20 ta yirik davlatini birlashtiradi. Ularning hissasiga dunyo YaIM (yalpi ichki mahsulot)ning 85 foizga yaqini to‘g‘ri keladi.
7-18 sentabr kunlari Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston paralimpiya terma jamoasi umumiy ro‘yxatda 16-o‘rinni egalladi. Shuni aytib o‘tish lozimki, bu yil Paralimpiya o‘yinlarida 176 mamlakatdan sportchilar delegatsiyasi ishtirok etdi. Rio-2016 Paralimpiya o‘yinlarida terma jamoamiz 8 ta oltin, 6 ta kumush, 17 ta bronza — jami 31 ta medalni qo‘lga kiritishdi. O‘zbekiston Osiyoda Xitoy va Erondan keyin uchinchi, MDHga a'zo davlatlar orasida Ukrainadan so‘ng ikkinchi va Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni qayd etdi. Mazkur Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan vatandosh sportchilarimiz 6 ta jahon, 7 ta paralimpiya va 12 ta Osiyo rekordini o‘rnatishdi.
8 sentbrda Rossiya IIV polkovniki Dmitriy Zaxarchenko bilan bog‘liq shov-shuvli korrupsiya mojarosi haqida xabarlar tarqaldi. U 7 million rubl miqdorida pora olayotgan vaqtda qo‘lga olingan edi. Huquq-tartibot idoralari qo‘lga olish chog‘ida undan yana 20 mln rublni musodara qilishgan. O‘tkazilgan tintuv ishlaridan so‘ng, 120 million dollar va 2 million yevro naqd pul aniqlangan. Ammo mazkur pullar topilgan xonadon Zaxarchenkoga tegishli emasligi qayd etilgan.
16-17 sentabrda Bishkekda MDH davlat rahbarlarining sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammitda Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Ozarbayjon, Armaniston va Belorussiya prezidentlari, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri, Moldova bosh vaziri, Ukraina elchisi, Turkmaniston Vazirlar mahkamasi raisi o‘rinbosari ishtirok etdi.
26 sentabr kuni Ozarboyjonda Konstitutsiyaviy islohotga doir referendum bo‘lib o‘tdi. Unda saylovchilar 29 ta tuzatish bo‘yicha fikrlarini bildirishi lozim edi. Xususan, mamlakatda vitse-prezident lavozimini joriy qilish, prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirish, prezidentga Milliy majlisni tarqatib yuborish vakolatini berish kabi masalalar tasdiqlandi.
28 sentabrda Isroil sobiq prezidenti Shimon Peres vafot etdi. Nobel tinchlik mukofoti sovrindori 93 yoshida insult natijasida hayotdan ko‘z yumgan.
Oktyabr
3 oktabrda Tailand qiroli Pxumipxon Adul'yadet (Rama to‘qqizinchi) 89 yoshida Bangkokda hayotdan ko‘z yumdi. U 1946 yildan beri mamlakat taxtini egallab kelar edi. Shu munosabat bilan asosiy bir oylik, davlat xizmatchilari uchun bir yillik motam e'lon qilindi. 1 dekabrda shahzoda Maxa Vatchiralongkon Maxidol rasman mamlakatning yangi qiroli deb e'lon qilindi.
Oktyabr oyi oxirida Janubiy Koreyada prezident Pak Kin Xening lavozimidan iste'fo berishini talab qilib norozilik namoyishlari tashkil etildi. 29 oktabrda Seulda bo‘lib o‘tgan namoyishlarda minglab odamlar qatnashdi. Bunga prezidentning davlat ishlariga dugonasi Chxve Sun Silni aralashtirgani oshkor bo‘lgani va Sun Silning korrupsiyada ayblanganidan so‘ng boshlangan mojarolar sabab bo‘ldi. JTBC kabel telekanali jurnalistlari Seuldagi chiqindi qutilardan birida planshet topib olgani, unda 2012-2014 yillarga doir 200 ga yaqin maxfiy hujjatlar borligi siyosiy mojarolar avj olib ketishiga turtki bo‘ldi. Koreya muxolif Demokratik partiya raisi U San Xo, Chxve Sun Silni "qohin-folbin" deya aybladi.
Noyabr
2016 yil 8 noyabrda Amerika Qo‘shma Shtatlarida mamlakat prezidentligi uchun saylovlar bo‘lib o‘tdi. Saylovoldi kampaniyasi mamlakat tarixida ilk bora o‘ta keskin ruhda o‘tdi va raqib nomzodlarning o‘zaro obro‘sini to‘kish, behurmat qilishi bilan yodda qoldi. Qolaversa, AQSh hukumati Rossiyani Demokratik partiya markaziy qo‘mitasi serverlariga xakerlik hujumida aybladi. Bundan tashqari, maxfiy ma'lumotlarni oshkor etish bilan shug‘ullanuvchi Wikileaks sayti Hillari Klinton va uning saylovoldi shtabi rahbari Jon Podestaga tegishli shaxsiy elektron maktublarni e'lon qilib bordi. Saylov natijalariga ko‘ra, milliarder tadbirkor, Respublikachilar partiyasidan o‘z nomzodini ilgari surgan Donald Tramp AQSh prezidentligiga saylandi. Garchi saylovoldi ijtimoiy so‘rov natijalari aksini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, Tramp g‘alaba qozondi.
15 noyabrda Rossiyada yana bir davlat mulozimi bilan bog‘liq yirik korrupsiya mojarosi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Rossiya iqtisodiy taraqqiyot vaziri Aleksey Ulyukayev «Rosneft» kompaniyasining «Bashneft» kompaniyasiga tegishli davlat ulushini xarid qilishiga ruxsat berish uchun 2 million dollar miqdorida pora olayotgan vaqtda hibsga olindi. Ulyukayev o‘z aybiga iqror bo‘lmagan, unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
16 noyabrda xitoylik olimlar dunyoda ilk marotaba tirik inson genomini tahrirlash uchun CRISPR/Cas9 genom tahrirlagichidan muvaffaqiyatli foydalanishdi. Ular o‘pka saratonini davolash maqsadida bemorning immunhujayralarini qayta dasturlashgan. Uning sog‘lig‘i bir necha oy nazorat qilinadi, agar, tajriba yaxshi natija bersa, boshqa bemorlar ham shu usulda davolanadi. CRISPR/Cas9 genom tahrirlagichi amerikalik olim Fen Chjan va qator boshqa molekulyar biologlar tomonidan 2013 yilda yasalgan edi.
2016 yil 25 noyabrda Kuba inqilobi fidoiysi, davlat va siyosat arbobi Fidel Kastro 90 yoshida hayot bilan vidolashdi. U 1959 yilda Kubadagi diktator Fulxensio Batista tuzumini ag‘dargan isyonchi harakatga rahbarlik qilgan. 2006 yilda sog‘lig‘i yomonlashgani bois, Davlat kengashi va Vazirlar kengashi rahbarligini ukasi Raul Kastroga topshirgan edi.
29 noyabrda Kolumbiya osmonida yirik aviahalokat ro‘y berdi. Yo‘lovchi samolyot bortida 77 kishi, shu jumladan Braziliyaning «Shapekoense» futbol klubi a'zolari ham bor edi. Ular Janubiy Amerika kubogi final uchrashuvining birinchi o‘yinini o‘tkazish uchun Boliviyaga uchayotgan edi. Fojiada 6 kishi tirik qolgan, 71 kishi hayotdan ko‘z yumdi.
Dekabr
2016 yil 4 dekabrda O‘zbekistonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Respublikadagi 4 ta siyosiy partiya tomonidan davlat rahbarligi uchun ilgari surilgan nomzodlar saylovchilar ishonchini qozonishga harakat qilishdi. Markaziy saylov komissiyasining e'tirof etishicha, demokratik va oshkora ruhda bo‘lib o‘tgan saylovda, saylovchilarning 87,73 foizi o‘z fuqarolik huquqidan foydalandi. Ularning 88,61 foizi O‘zLiDeP nomzodi Shavkat Mirziyoyevni qo‘llab-quvvatladi.
7 dekabrda O‘zbekistonning saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoyev Respublika Konstitutsiyasining 24 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali yig‘ilishda ma'ruza qilib, 2017 yilni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e'lon qildi.
2016 yil 14 dekabrda O‘zbekistonning saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma sessiyasida tantanali qasamyod qilib, o‘z lavozimini bajarishga kirishdi. O‘zLiDeP tomonidan Bosh vazirlikka nomzodi ko‘rsatilgan Abdulla Aripov ushbu lavozimga tasdiqlandi.
15 dekabr kuni Suriya hukumati mamlakat shimolidagi Halab shahri ozod etilganini e'lon qildi.
19 dekabrda Rossiyaning Turkiyadagi elchisi Andrey Karlov Anqarada oshkora suiqasd qurboni bo‘ldi. Turkiya hukumati ma'lumotlariga ko‘ra, sobiq politsiya xodimi Rossiyaga oid fotoko‘rgazma ochilishida nutq qilgan Andrey Karlovga bir necha bor o‘q uzgan. Qotil maxsus amaliyot natijasida o‘ldirildi. Rossiya TIV buni terakt sifatida baholadi.
19 dekabr kuni yuk avtomobili nasroniylarning Mavlid bayrami munosabati bilan Germaniyaning Berlin shahri markazidagi Braytshaydplats maydonida tashkil etilgan savdo yarmarkasiga to‘plangan odamlarni bosib ketdi. Fojiada kamida 12 kishi hayotdan ko‘z yumdi, 50 dan ortiq odam yaralangan. Mamlakat hukumati voqeani terrorchilik akti deya baholagan. Yuk mashinasi haydovchisi pokistonlik ekani aniqlangan. U yashirinishga urinish chog‘ida qo‘lga olingan.
25 dekabrda Qora dengizga Rossiya Mudofaa vazirligining Tu-154 samolyoti qulab tushdi. Sochidan Suriyaning Latakiya shahridagi Xmeymim aviabazasiga uchayotgan samolyot Adlerda yoqilg‘i quyib olgach, havoga ko‘tarilgach, bir necha daqiqadan so‘ng radar ekranlaridan g‘oyib bo‘lgan. Uning bortida bo‘lgan 92 kishining barchasi hayotdan ko‘z yumgan. Ular orasida, ekipaj a'zolaridan tashqari, jurnalistlar, Aleksandrov nomidagi harbiy ansambl, “Spravedlivaya pomoshch” fondi rahbari Yelizaveta Glinka ham bor edi. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, fojiaga texnik nuqsonlar yoki uchuvchining boshqaruvdagi aybi sabab bo‘lgan.
Shuningdek, yakunlanayotgan yilda, Fancy Bear xakerlik guruh tomonidan WADA serverlari buzilib, undagi ko‘plab sportchilarning doping tahlili natijalariga doir ma'lumotlar o‘g‘irlandi va jahon afkor ommasi e'tiboriga havola qilindi. Unda, dunyoga mashhur tennischilar, bokschilar va boshqa turdagi chempion sportchilar, agentlik ruxsati bilan o‘ta kuchli taqiqlangan moddalarni iste'mol qilgani ma'lum bo‘ldi. Bundan tashqari, Kolumbiyada bir necha yillik qurolli kurashga barham bergan sulhga erishildi. Mamlakat hukumati va FARC inqilobiy isyonchi kuchlari o‘rtasida shunday bitim imzolangani sababli, davlat rahbari Xuan Manuel Santos Kalderon Nobel tinchlik mukofotiga loyiq topildi.
Shu o‘rinda qayd etish joizki, 2016 yilda Suriya, Yaman, Iroq, Turkiya, Afg‘oniston, Bangladesh, Pokiston, Nigeriya, Burkina Faso va boshqa ko‘plab davlatlarda ta'bir joiz bo‘lsa, sanoqsiz terrorchiliklar sodir etildi. Ularda yuzlab insonlar hayoti bevaqt xazon bo‘ldi. Minglab insonlar yaralandi.
Kun.uz tahririyati kelayotgan yilda bu kabi insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilmasligi, barcha insonlar tinch-totuvlikda hayot kechirishi, dunyodagi qaynoq nuqtalardagi urushlar, kelishmovchiliklar barham topishiga umid qilib, Yaratgandan so‘rab qoladi!
Kirib kelayotgan Yangi 2017 yil barchamiz uchun xayrli va barokatli kelsin!
Mavzuga oid
23:48 / 11.09.2024
11 sentabrning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
10:39 / 16.06.2024
100 yil oldin O‘zbekistonda Qurbon hayiti qanday nishonlangan? Arxiv suratlar
09:00 / 24.05.2024
6 yilda 54 ta tarixiy film - o‘zbek kinoijodkorlari bunga tayyormi?
15:46 / 17.02.2024