Jamiyat | 20:03 / 31.12.2016
21909
10 daqiqa o‘qiladi

Yangi yilni qanday nishonlamoqchisiz?

Foto: 1wallpaper.net

Bismillahir rohmanir rohiym!

Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz, Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga esa behisob salovotu durudlarimiz bo‘lsin!

Har bir millat, elat va din vakillarining o‘zlariga xos va mos bo‘lgan turli tuman bayramlari bor. Albatta, bu bayramlarning ichida sof diniy bo‘lgan bayramlar, hamda har bir millat va yurt vakillari tarixidagi qandaydir voqealar, ota-bobolariga, urf-odatlariga taalluqli bo‘lgan bayramlar ham bor. Mana shunday bayramlarning ichida, hozirgi kunda dunyo bo‘yicha eng ommaviy nishonlanadigan bayramlardan biri – «yangi yil» nomli bayramdir.

Bu borada, albatta hech qanday shak-shubhasiz, butun dunyo xalqlarini o‘ziga jalb qilgan bayram, milodiy hisob-kitob bo‘yicha yil sanasining boshlanishidir. Bu yangi yilni dunyoning aksariyat xalqlari nishonlaydi. Hattoki, bu borada ularning millati va elati, dini va urf-odatlari ham ahamiyatga ega bo‘lmay qoladi. Chunki, hozirgi kunda dunyo miqyosida asosan iste'molda bo‘lgan taqvim – milodiy taqvim desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Biz esa, yangi yil va unga tegishli bo‘lgan ba'zi bir ma'lumotlar, uni kutib olishlik, qanday nishonlashlik tartiblari to‘g‘risida quyida bir oz so‘z yuritmoqchimiz.

Albatta, har bir narsani, xossatan millionlab odamlar ishtirok etadigan va nishonlaydigan bayramlarni ham o‘ziga yarasha nizomi, tartibi va odobi bo‘lishi kerak. Bu borada esa, ushbu bayramni nishonlayotgan millat va elatlar, o‘zlarining shart-sharoitlari va urf-odatlariga muvofiq, ko‘ngilxushlik qilishning turli tuman navlaridan foydalanish bilan o‘tkazadilar.

Masalan, ba'zi bir millatlar yangi yilni kutib olish arafasida barcha eski narsalardan voz kechadilar, ya'ni uydagi har xil jihozlar, idish tovoqlar va ba'zi bir liboslarni ham tashlab yuboradilar.
Ba'zilar esa, yangi yilda yangi uy-joyga ko‘chishlik, agar buning imkoniyati bo‘lmasa, yashab turgan uy-joyini yangidan ta'mirlash bilan kutib oladi.

Yana ba'zilar esa, yangi yilda faqatgina shirinlik tarqatish va uni iste'mol qilishlik bilan kutib olishadi. Boshqa birlari, yangi yilni har xil musobaqalar o‘tkazish bilan kutishadi.

Hozirgi kunda esa, dunyo xalqlarida yangi yilni asosan mushakbozlik bilan kutib olishlik an'anaga aylangan. Buning natijasida har xil tan jarohati olganlar bo‘ladi va ko‘plab yong‘in hodisalari sodir etiladi.

Umumiy olib ko‘radigan bo‘lsak, yuqoridagi holatlarni amalga oshiruvchi barcha odamlar, aynan yangi yil kechasida ziyofat dasturxoni atrofida yig‘ilishib, soat millari o‘n ikkiga bong urishini intizorlik bilan kutib turadilar. Deyarli hammalarining qo‘llarida mast qiluvchi ichimliklar bilan to‘ldirilgan qadahlar bo‘lib, ularning har biri «yaxshi niyatlar, istak va tilaklar bilan» qadah ko‘taradilar. Shu kechasi mazkur bayramni nishonlayotganlar uchun, go‘yoki ko‘ngillari tusagan har qanday ishni qilishlikka ruxsat beriladi hamda bayram kuni bo‘lganligi uchun bu ishlarning hech qaysi biri qoralanmaydi, nazorat qilinmaydi, balki: «Ha endi bayram kuni-da», degan shior bilan ulardan ko‘z yumiladi.

Shu kechasi butun dunyoda misli ko‘rilmagan jinoyatlar sodir etiladi. «Santa Klaus» yoki «qorbobo» nomi bilan mashhur bo‘lgan, shu kechaning «qahramoni», o‘ziga xos bo‘lgan kiyim va niqoblarni kiyib olib, qanchadan qancha qaroqchilik, o‘g‘rilik, buzuqchilik va boshqa jinoyatlarni sodir etadi. Eng asosiysi – sof tabiatli, ishonuvchan va murg‘ak qalb sohiblari bo‘lmish yosh bolalarni har xil sovg‘a-salomlar tarqatishlik bilan: «Buni senga qorbobo olib keldi», deb aldashlari hammasidan oshib tushadi. Shu kechada dunyo miqyosida yuzlab joylarda yong‘in hodisalari sodir etiladi.

Mutaxassislarning aytishlaricha, shu bir kechaning o‘zida bir necha oylar davomida shifoxonalarga keladigan bemorlarning sonidan ko‘ra ancha-muncha ko‘proq bemorlar shifoxonalarga keltiriladi.

Mastlik va boshqa sabablarga ko‘ra misli ko‘rilmagan darajada qotilliklar sodir etiladi. Fahsh va buzuqchiliklarni esa gapirmasa ham bo‘laveradi. Son-sanoqsiz eru xotinlar bir-birlariga xiyonat qiladi.

Bunday holatlarning ro‘yxatini anchagacha davom ettirish mumkin. Eng asosiysi esa, dunyo miqyosida millionlab yosh bolalar va qarovchisini yo‘qotgan keksalar ochlik va chanqoqlikdan, iqtisodiy yetishmovchilikdan qirilib borayotgan bir paytda, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida shu bir kechaning o‘zida, milliardlab mablag‘lar ko‘kka sovuriladi.

Albatta, yuqoridagi holatlar bejiz emas. Chunki, odatda har bir millat, elat va din vakillari o‘z kundalik hayotlarida qaysi ishlarga ko‘proq mashg‘ul bo‘lib, o‘z hayotini shu ishlarsiz tasavvur qila olmaydigan bo‘lsalar, o‘zining bayram kunlari ham aynan mana shu ishlarni ko‘proq va tartibsiz holatda, butun vujudi bilan amalga oshirishga harakat qiladilar.

Masalan, jinoyatchi, qotil, o‘g‘ri, qaroqchi, fahsh bilan shug‘ullanuvchilar, buzuqilar, poraxo‘rlar, xiyonatkorlar, ichuvchilar, gunoh-ma'siyatga mukkasidan ketganlar, ezgu ishlarni umuman qilmaydiganlarning hayotining mazmuni mana shu narsalardan iborat bo‘lib, bu ularning doimiy holatda bajarib yuradigan ishlaridir. Bayram kunlari esa, o‘zlari o‘rganib qolgan kun tartibidagi ushbu ishlarini bir necha barobar ko‘paytirishlik bilan nishonlaydilar.

Endi esa, biz, ya'ni musulmonlarga xos bo‘lgan hijriy qamariy va islomiy yil sanamiz bo‘yicha yangi yilni qanday kutib olishimiz to‘g‘risida qisqagina ma'lumot berib o‘tamiz. Biz musulmonlar Alloh taoloning qullarimiz, qullar esa doimo har bir ishda o‘z xojasining buyrug‘iga itoat etadi. Shunda, u qulchilik maqomini qoyillatib ado etgan bo‘ladi. Demak, biz hayotimizning har bir lahzasi, daqiqa, soat va kunlarida ham Alloh taologa nisbatan itoatgo‘y qul holatida, ya'ni musulmon banda maqomida bo‘lishimiz kerak.

Zotan, Alloh taolo marhamat qiladi:
«Ey iymon keltirganlar! Allohga haqiqiy taqvo ila taqvo qiling. Va faqat musulmon holingizdagina bu dunyodan o‘ting». (Oli Imron, 102 – oyat)

Demak, musulmon kishi har bir lahzada o‘zining musulmon ekanligini unutmasligi va bunga muvofiq ravishda, munosib hayot kechirishi talab qilinadi. Uning hayotining mazmuni – Robbil alamiyn bo‘lmish Zotga o‘zining banda ekanligini izhor qilishlik bilan bo‘ladi. Bu esa, hayotning har bir jabhasida o‘z ifodasini topishi kerak.

Masalan, yeb-ichish, oila qurish, dam olish, mehnat qilish, bola-chaqa orttirish, qo‘ni-qo‘shnichilik, qavmu-qarindoshchilik, ota-onaga munosabat, rahbar bilan xodimning o‘rtasidagi munosabat, dunyo va oxiratga bo‘lgan munosabat, millat, yurt, vatan va dinga bo‘lgan munosabat va albatta Alloh taolo har bir musulmonning zimmasiga farz qilgan, dinning asosini tashkil etuvchi ibodatlarga bo‘lgan munosabatlarda o‘z aksini topadi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, musulmon kishi, o‘z hayotining mazmuni bo‘lgan kundalik mashg‘uloti bo‘lgan, yuqorida zikr qilingan va qilinmagan amali solihlarni, muruvvatu sahovatni, yordamga muhtoj bo‘lganlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zmoqlikni aynan bayram kunlarida yanada keng qamrovli holatda amalga oshirishi lozim. Har kuni kasb etadigan savobli ishlariga nisbatan, bayram kunida bir necha barobar ko‘proq holatda savobli ishlarni amalga oshirishi kerak. Eng asosiysi, mana shu ishlarni barchasini Alloh taolo qabul qilishligiga umidvor bo‘lib, Alloh taologa yalinib yolvorib, bayram kunlari duolarni ko‘paytirishi kerak. Zero, hazrati Aliy roziyallohu anhu: «Qaysi kuni bizlarni ibodatimiz qabul bo‘lsa, o‘sha kun bizlar uchun bayramdir», deganlar. Chunki, mo‘min musulmonlar uchun bundan ortiq bayram yo‘q.

Alloh taolo har bir kunimizni barchalarimiz uchun tom ma'nodagi bayram o‘rnida bo‘lmoqligini muvaffaq aylasin. Amiyn.

Ishoqjon Begmatov
«To‘xtaboy» jome masjidi imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi, 
«Oltin Qalam» XI Milliy mukofoti sohibi

Mavzuga oid