Sport | 17:06 / 31.12.2016
11524
2 daqiqa o‘qiladi

Odil Ahmedovning ilk murabbiyi uning Xitoyga yo‘l olganidan afsusdaligini bildirdi

Rossiyalik murabbiy, o‘z vaqtida «Paxtakor» jamoasi va O‘zbekiston terma jamoasini boshqargan Valeriy Nepomnyashiy Xitoy chempionatiga yo‘l olgan Odil Ahmedov haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Men Ahmedovda hozirgisidan ham yaxshiroq futbolchini ko‘rgandim. Odilni jiddiy saviyadagi o‘yinchi deb hisoblar edim. Uning Yevropaga emas, Xitoyga yo‘l olganidan afsusdaman. Ammo bu bir tarafdan uning o‘zi uchun yomon emas.

Ahmedov 18 yoshida o‘zini 30 yoshli futbolchiday tutar edi. Hammasini bilar, hamma narsani qila olar, juda bilimli edi. U hayotda o‘ta kamtar, xotirjam va uyatchan bola, ammo maydonda - butunlay o‘zgacha. Odilga qo‘lidan kelgan ishlarni bajarishga qo‘yib berish kerak edi, o‘shanda uning salohiyati ko‘rinadi. Bu yerda mening xizmatim yo‘q.

Eslayman, o‘sha vaqtda termada ikki yosh yigit paydo bo‘lgan edi - Ahmedov va Vitaliy Denisov. Ular O‘zbekiston terma jamoasida ko‘p narsani hal qilar edi. Bilasizmi, murabbiy ba'zi futbolchilarga e'tibor berishi shart bo‘lmaydi. Odilni qo‘llab-quvvatlash kerak edi. U betgachopar va surbet emas. Ammo cho‘qqilarni zabt etish uchun keskinroq bo‘lish kerak.

Ahmedov bundan ko‘prog‘iga loyiq. Ammo Odil faoliyatining Rossiyadagi qismini munosib o‘tkazdi. U oliy darajadagi professional va jamoaviy o‘yinchi. U tayanch yarimhimoyachisi bo‘lishiga qaramay, «Krasnodar» uni qanotda o‘ynatdi. U «Anji»ning yulduz tarkibida o‘ynadi. «Krasnodar»da ham oxirgi rollarda bo‘lmadi», deya Nepomnyashiyning so‘zlarini keltirgan «Sport-Ekspress».

Mavzuga oid