Jahon | 19:50 / 03.01.2017
12254
7 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston «EXPO-2017» xalqaro ko‘rgazmasiga tayyorgarlik ko‘rmoqda

Kirib kelgan 2017 yilda Qozog‘iston uchun eng muhim voqelik, bu – «Ostona EXPO-2017» xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasining ochilishidir. Ostona shahrining nomzodi Xalqaro ko‘rgazmalar byurosining 152-Bosh Assambleyasida yashirin ovoz berish natijasida 2011 yili tasdiqlangan edi. 

O‘zbekiston «EXPO-2017» ko‘rgazmasiga mezbon sifatida Ostona shahrining nomzodini qo‘llab-quvvatlagan.

Ko‘rgazma o‘z ishini 10 iyun kuni boshlaydi va 10 sentabr sanasigacha davom etadi. Ko‘rgazma «Kelajak energiyasi» mavzusiga bag‘ishlangan. Ishtirokchi mamlakatlar muqobil energiya manbalaridan foydalanish soxasidagi yangi texnologiyalarni namoyish qiladilar. Sof energiya ishlab chiqaruvchi mavjud fotoelektr va boshqa namunadagi stansiyalardan foydalanish tajribasi bilan o‘rtoqlashadilar.

Shu maqsadda «Ostona EXPO-2017» milliy kompaniyasining mutasaddilari 21-22 noyabr kunlari Rossiya, Ukraina, Belorusiya, Ozarbayjon, Gruziya va O‘zbekiston jurnalistlari uchun press-tur tashkillashtirdilar. Press-tur dasturi juda mazmunli tuzilgan bo‘lib, birinchi kuni jurnalistlar EXPO-2017 obektlariga tashkil etilgan sayohatda ishtirok etdilar.

"EXPO-2017" loyihasi ko‘rinishi. Maksad Jangirov surati

Eng katta pavilonlar Xitoy, Rossiya, Buyuk Britaniya, AQSh, Hindiston, shuningdek, Qozog‘iston uchun ajratilgan. Tashkilotchilarning o‘zlari EXPO-2017 ko‘rgazmasini inqirozga qarshi loyiha sifatida baholamoqdalar, zero bu yerda 50 ming nafar ish bilan ta'minlanadi. Faqat qurilish obektlarining o‘zida ayni kunda 14 ming kishi mehnat qilmoqda. 1 mlrd. AQSh dollari miqdoridagi investitsiyalar o‘zlashtirilib, 126 mln. yevro homiylik mablag‘lari jalb qilingan. Loyihaning umumiy qiymati 3 mlrd. AQSh 

dollaridan oshadi. Bundan tashqari, ko‘rgazma ishida Djyeneral Elektrik, Samsung, RosAtom kabi yirik transmilliy kompaniyalar ham ishtirok etadi. Mazkur kompaniyalar «EXPO-2017»ning homiylari sifatida ham qayd etilgan.

EXPO-2017 ko‘rgazma zallari. Maksad Jangirov surati

“Ayni paytda butun dunyo bo‘yicha muqobil energiya manbalari soxasi uchun $ 350 mlrd. miqdorida investitsiya kiritilgan. Ushbu ko‘rsatkich kun sayin o‘sib bormoqda. Kosta-Rika hukumati o‘z ehtiyojinining 90 foizini muqobil va qayta tiklanuvchi energiya manbaalari hisobiga qoplaydi”, dedi jurnalistlar bilan o‘tkazilgan matbuot anjumani paytida «Ostona- EXPO-2017» milliy kompaniyasi boshqaruvi raisi Axmetjan Yesimov.

Axmetjan Yesimov EXPO-2017 xaqida ma'lumot berdi
Maksad Jangirov surati

Ushbu yirik anjumanda dunyoning 110 dan ortiq mamlakati, shu jumladan, O‘zbekiston vakillarining ham ishtiroki kutilmoqda. Jurnalistlarga bu haqda Axmetjan Yesimov aytib o‘tdi. «Biz qardosh O‘zbekistonning ishtirokini kutmoqdamiz, hukumat rahbari Shavkat Mirziyoyev mamlakat ko‘rgazma ishida ishtirok etishini aytib o‘tgan», dedi janob Yesimov. 

Axmetjan Yesimov jurnalistlar savollariga javob berdi
Maksad Jangirov surati

Bo‘lg‘usi ko‘rgazmaning hududi 174 gektar yerdagi ulkan qurilish maydonini egallagan. Bu yerda pavilonlar, turar-joy majmualari barpo etilmoqda. Ular mehmonlarni kutib olish uchun deyarli shay holatga keltirildi. EXPO-2017 ning eng o‘ziga xos va asosiy inshooti – Qozog‘iston milliy paviloni. Mazkur yuqoritexnologik qurilma yirik shar ko‘rinishida bo‘lib, quyosh va suv energiyasi bilan ta'minlanadi. 

Qozog‘iston ko‘rgazma binosining ko‘rinishi
Maksad Jangirov surati

“EXPO-2017” turizm departamentining mutaxassislari ko‘rgazmada mehmonlar soni 5 million kishi atrofida bo‘lishini, uning 85 foizini Qozog‘iston aholisi, qolgan 15 foizini esa yaqin va uzoq horijlik sayyohlar tashkil etishini bashorat qilishmoqda. Darvoqe, Samarqand shahri “EXPO-2017” doirasida sayyohlik yo‘nalishlari ro‘yxatiga kiritilgan. Qozog‘iston shu kungacha 35 ta davlat bilan vizasiz rejim kelishuviga erishgan va ushbu ko‘rsatkichni 60 taga yetkazishni rejalashtirgan. Kirib kelayotgan 2017 yil Qozog‘istonda Xitoy turizmi yili deb e'lon qilingan. 
Ayni paytda Ostona shahrining aholisi 800 ming nafardan ortiqni tashkil qiladi, norasmiy manbaalarda esa shaharda yashovchilar 1 million nafar ekani qayd etilgan.

“EXPO-2017” tashkilotchilari press-turda ishtirok etayotgan barcha jurnalistlarni mazkur yirik tadbirni yoritish uchun iyun oyida yana Ostonaga taklif qildilar.
Tashrif buyuruvchi va sayyohlar uchun chiptalar 10 iyundan e'tiboran sotuvga chiqariladi. Chiptalar qiymati – ekonom klassga 100 AQSh dollari, biznes klassga 180 va premium klassga 500 AQSh dollari miqdorida.

O‘zbekistonda muqobil energiya manbaalari istiqbollari     

Ayni paytda Qozog‘iston energetikasi muvozanatida qayta tiklanuvchan energiya manbaalari 1,5 foiz atrofidagi nisbatga teng. O‘zbekistonda ham tahminan shunday vaziyat. 
Joriy yilning aprel oyida O‘zbekistonda quyosh elektrostansiyasi ishga tushirilgan edi va u MDH sarhadlaridagi birinchi yirik 1,2 mVt quvvatga ega mobil quyosh elektrostansiyasi bo‘ldi. 2013 yilning noyabrida Toshkent shahrida quyosh energiyasi bo‘yicha Osiyo forumi bo‘lib o‘tdi. 

Toshkentdagi “Fizika-Quyosh” IIChB bazasida Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda 2013 yilning oktabr oyida Xalqaro quyosh energiyasi instituti tashkil etildi. Ushbu ilmiy muassasa quyosh energiyasining zamonaviy texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish bilan shug‘ullanishi, buning vositasida esa O‘zbekiston mazkur yo‘nalishda mintaqadagi yetakchilik pozitsiyasini qo‘lga kiritishni rejalashtirgan.

“O‘zbekiston Respublikasining past uglerodli rivojlanish strategiyasi”ga muvofiq 2030 yilga kelib mamlakatdagi quyosh stansiyalarining quvvati 2 GVt ni tashkil qilishi, bu esa 5 milliard kVt/s elektroenergiya ishlab chiqarish imkonini berishi mumkin.

Mavzuga oid