19:44 / 05.01.2017
9961

PowerRay droni baliq ovlash va suv ostini tasvirga olish uchun mo‘ljallangan

Agar siz o‘zingizni havaskor baliqchilarning yangi avlodiga mansub deb bilsangiz hamda baliq ovlashda turli xil yordamchi gadjyetlar va elektron asboblardan foydalanish ko‘nikmasiga ega bo‘lsangiz, PowerRay droni shubhasiz siz uchun ishlab chiqarilgan deyish mumkin. Loyiha mualliflari CES 2017 ko‘rgazmasiga tashrif buyurganlarning e'tiborini jalb etish maqsadida Las-Vegasga masofadan boshqariluvchi PowerRay suv osti qurilmasini olib kelishdi. 

Suzuvchi dronning o‘ziga xos texnik jihatlaridan biri 30 metrgacha suv tubiga tusha olishidir. Bu yerda u qo‘shimcha ravishda baliqlar va suv osti dunyosining boshqa jonivorlarini topishga yordam beruvchi gidrolokator – Fishfinder modulini ishga tushirishi mumkin. Uni ishga tushirish bilan foydalanuvchi PowerRay yordamida yana 40 metr chuqurlikni skan qila oladi. 

PowerRay modeli kamera, sensor bilan jihozlangan bo‘lib, 4K formatdagi videoyozuvni kafolatlaydi. Undagi datchiklar to‘plami suv osti chuqurligining o‘ziga xosliklari xususida, jumladan suv harorati haqida ma'lumotlar to‘plash imkonini beradi. Dron esa barcha axborotni Wi-Fi moduli orqali smartfonga uzatadi. 

Ishlab chiqaruvchilarning qayd etishicha, PowerRay dronining eng ko‘zga ko‘ringan jihati suv ostini kuzatishi va tasvirga olishida emas, balki baliq ovining samarali bo‘lishiga yordam beradigan texnologik uskuna ekanidadir. U baliqlarni chaqira oladigan yorug‘lik taratib, kerakli joylarda qarmoqlar tashlay oladi. 

Shuni ham ta'kidlash lozimki, PowerRay dronini ishlab chiqishda virtual reallik texnologiyasini qo‘llab-quvvatlash yoddan ko‘tarilmagan. Suv osti muqobil qurilmasi atrofida bo‘layotgan jarayonlarni PowerVision VR ko‘zoynaklari yoki boshqa turdosh mahsulotlar yordamida kuzatsa bo‘ladi. Kompaniyaning o‘z ko‘zoynagi yordamida siz bosh harakati bilan dronni harakatga keltirishingiz ham mumkin. 

Hozircha, PowerRay narxi noma'lum qolmoqda. Biroq, u shu yilning 27 fevralidan sotuvga chiqarilishini e'tiborga oladigan bo‘lsak, PowerVision kompaniyasining droniga oid narx siyosatidan yaqin orada xabar topishimiz aniq. 


 

Top