Jamiyat | 13:16 / 10.01.2017
15887
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent farmatsevtika institutida allergiyaga, diabetga qarshi dori turlari ishlab chiqildi

Foto: Emaze.com

Mamlakatimizdagi 132 farmatsevtika korxonasi tomonidan bugungi kunda 2 ming turdan ortiq dori vositalari ishlab chiqarilmoqda, deb xabar qiladi O‘zA.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil 31 oktabrdagi «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirishda muhim omil bo‘layotir.

Qarorda ko‘zda tutilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta'minlashda Toshkent farmatsevtika instituti tomonidan ham muayyan ishlar amalga oshirilayotir.

Oliy ta'lim muassasasining professor-o‘qituvchilari korxonalar bilan o‘zaro tuzilgan shartnomalar asosida dori vositalarini ctandartlash ustida ish olib boradi. Bundan tashqari, institut qator ilmiy-tadqiqot markazlari, yetakchi oliy ta'lim muassasalari va mahalliy farmatsevtika ishlab chiqaruvchilari bilan ilmiy-texnikaviy hamkorlik qilmoqda.

O‘tgan yili institut olimlari yurtimizda yetishtirilayotgan tikanli artishok xomashyosi asosida gepatoprotektor va o‘t haydovchi ta'sirga ega bo‘lgan fitovosita – alltrombosepin yangi dori preparatini yaratish texnologiyasini ishlab chiqdi. Bundan tashqari, institutda mahalliy xomashyolardan yallig‘lanishga, allergiyaga, diabetga qarshi va regenerativ xususiyatga ega applikatsion fitodermatologik dori turlari, antitrombogen yumshoq dori shakllari, geriatriya amaliyotida qo‘llaniladigan gipolipidemik vosita – piratsin dori shaklini ishlab chiqish va standartlash kabi loyihalar amalga oshirildi. 

IX Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasida institut xodimlari tozalangan oltingugurt kapsulalari, qattiq sochiluvchan nanoo‘lchamli yodning β-siklodekstrinli kompleksini olish texnologiyasini, «Kobalt-30» tabletka preparatining yangi dori shakli, "Stiflos” peshob xaydovchi yig‘mani, yallig‘lanish va gijja invaziyasiga qarshi «Mekritin» dori vositasini ishlab chiqish va tibbiyot amaliyotida joriy etish kabi qator ilmiy ishlanmalar bilan ishtirok etdi. Yarmarkada farmatsevtika sohasida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar bilan 535 million 500 ming so‘mlik shartnomalar tuzildi.

O‘tgan yili institut olimlari tomonidan yaratilgan va tibbiyotda qo‘llash uchun ruxsat olingan 65 preparatning me'yoriy-texnik hujjatlari ishlab chiqarish uchun “O‘zfarmsanoat” aksiyadorlik konserniga berildi.

Mazkur oliy ta'lim muassasasi ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash va ilmiy izlanishlar olib borish bo‘yicha Buyuk Britaniya, Polsha, Janubiy Koreya, Hindiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ukraina kabi davlatlarning bir qator oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid