Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Daniel Ortega: Nikaragua prezidentligiga qadar bosib o‘tilgan yo‘l
Noyabr oyida Nikaraguada bo‘lib o‘tgan saylovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 71 yoshli Daniel Ortega davlat rahbari lavozimiga kirishdi. Inaguratsiya marosimi 11 yanvar, chorashanba kuni mamlakat poytaxti Managuada bo‘lib o‘tdi. Nikaraguaning yangi vitse-prezidenti Orteganing umr yo‘ldoshi Rosario Murilo bo‘ldi. TASS agentligi shu haqida maqola taqdim etdi.
Qurollangan kurash yetakchilaridan biri ilk marta 1985 yilda Anastasio Somosa diktaturasiga qarshi chiqib, prezident bo‘lgan va 1990 yilga qadar hukumatni boshqargan. Biroq 5 yil o‘tgach, Ortegaga qayta saylanish nasib etmadi. U ikki marotaba hukumat tepasiga qaytishga urindi, biroq faqat 2007 yilga kelibgina mamlakat hukumatiga qaytishga muvaffaq bo‘ldi.
Inqilobiy yoshlik
Ortega 1945 yilning 11 noyabrida tug‘ilgan. Uning ota-onasi XX asrning eng jirkanch diktaturalaridan birining rejimiga qat'iy qarshilik qilgan.

Ortega o‘smirlik davridayoq inqilobiy faoliyatga jalb qilingan. 1962 yilda u Managuadagi Markaziy Afroamerika universitetining yuridik fakultetiga o‘qishga kirgan, biroq bir yildan keyin SMOF (Sandinist milliy ozodlik fronti) qatoriga qo‘shilib, o‘qishni tashlagan.
1967 yilda hibsga olinib, 1974 yilga qadar qamoq jazosini o‘tagan.
1979 yilning 19 iyulida sandinistlarning qurollangan otryadlari Anastasio Somosa diktaturasini qulatganda, SMOF yetakchiligiga da'vogarlik qilgan yosh siyosatchi milliy uyg‘onish muvaqqat hukumatining rahbarlik kengashi tarkibiga kiritilgan.

Nikaraguaning yangi rejimi ijtimoiy o‘zgarishlarga yo‘naltirilgan. Xususan, 1980 yilda savodsizlikka qarshi kurash kampaniyasi yo‘lga qo‘yilgan, buning natijasida mamlakat aholisi orasidagi o‘qish va yozishni bilmaydiganlar sonini 12 foizga qisqartirishga muvaffaq bo‘lingan.
Prezident Ortega
1984 yilning noyabrida Ortega Nikaragua Respublikasi prezidenti etib saylangan va 1985 yilning yanvaridan o‘z lavozimiga kirishgan.
Biroq tez orada mamlakat jiddiy iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan, ko‘plab ijtimoiy dasturlarni bekor qilishga to‘g‘ri kelgan. Muammolar harbiy mojarolarga ham bog‘liq bo‘lgan - 1980-yillarda sandinist hukumati joriy rejimni qulatishni maqsad qilgan va AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Nikaragua kontrasiga qarshilik qilgan. Mamlakatdagi iqtisodiy izolyatsiya bo‘yicha AQShning siyosati yana bir salbiy omil bo‘lgan. Nikaraguaning yangi hukumati SSSR bilan yaqinlashishga harakat qilgan. Biroq ko‘makning aksariyat qismi sandinist armiyasi ehtiyojlariga sarflanar edi, bu vaqtda esa mamlakatning YaIM keskin qisqarib borardi.

Natijada 1990 yilda Ortega prezidentlik saylovlarida mag‘lub bo‘lgan, shundan keyin yana ikki marta - 1996 va 2001 yillarda hukumat tepasiga qaytishga ketgan urinishlari besamar ketgan.
Siyosiy qarashlarning o‘zgarishi
Sobiq partizanning prezidentlik saylovlarida g‘alaba qilishga qaratilgan navbatdagi harakati 2006 yildagi saylovlarda muvaffaqiyatli yakun topdi. Bunga uning shu vaqt ichidagi siyosiy qarashlarining o‘zgarishi asosiy sabab bo‘lgan.

2007 yilning yanvarida Ortega ikkinchi marta Nikaragua prezidenti lavozimini egalladi. U katolik cherkov rahbariyati bilan uzviy aloqalar o‘rnata boshladi. Shuningdek u mol-mulkni talon-taroj qilishdan voz kechib, xususiy kapitalni qo‘llab-quvvatlay boshladi va xorijiy investitsiyalarga e'tibor qaratdi. Tashqi siyosatda esa sandinist yetakchisi barcha mamlakatlar bilan munosabat o‘rnatishni maqsad qildi.
2011 yilda Ortega yangi muddatga saylangan. Uning rahbarligi ostida Nikaragua 2008-2009 yillardagi global iqtisodiy inqirozni yengib o‘tishga harakat qildi va qashshoqlik darajasini kamaytirishning uddasidan chiqdi, YaIM o‘sish ko‘rsatkichlari mintaqadagi eng yuqori natijalardan birini qayd etdi.

2014 yilda Nikaragua Milliy assambleyasi (parlament) konstitutsiyadagi prezidentlik saylovlariga oid o‘zgarishlarni tasdiqladi va bu Ortegaga 2016 yilning noyabrida prezidentlik saylovlarida ishtirok etish imkonini berdi. Unda Ortega 72 foiz saylovchi tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, raqiblarini katta farq bilan ortda qoldirdi.
Daniel Ortega 2022 yilga qadar Nikaraguaning eng oliy lavozimida faoliyat yuritadi.
Mavzuga oid
17:07 / 31.12.2024
Argentina sudi Nikaragua prezidentini hibsga olishga order berdi
13:52 / 20.04.2024
Isroil va Nikaraguaga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlandi
08:10 / 12.09.2023
Samarqandda Nikaragua orqali AQShga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi
10:49 / 30.08.2023