Ayol millat yuzidagi nur, qalbidagi quyoshdir. Shu bois jamiyatning ma'naviy barkamolligi ayollarga bo‘lgan munosabat bilan belgilanadi. Mamlakatimizda xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, kasbiy, jismoniy, ma'naviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, mehnat faoliyatini oiladan ajralmagan holda olib borishlarini ta'minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish uchun davlatimiz tomonidan barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. 

Ma'lumki, ushbu yo‘nalishlardagi sa'y-harakatlarda respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari, chunonchi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi ham o‘ziga xos o‘rin tutadi. Bugun mazkur tashkilot oldida turgan eng dolzarb vazifalar nimalardan iborat, qo‘mita faoliyatining qaysi jihatlarini davr talabidan kelib chiqqan holda yangilash, rivojlantirish zarurligi xususida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Narbayeva bilan suhbatlashdik. 

— Tanzila Kamalovna, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi ayni paytda mamlakat Bosh vazirining o‘rinbosari hisoblanishi davlat tomonidan xotin-qizlar masalasiga yuksak e'tibor namunasi bo‘lishi bilan birga, albatta, mazkur tashkilotga bo‘lgan katta ishonch hamdir. Sir emaski, ijtimoiy soha yo‘nalishlarida ko‘p yillik boy tajribaga egasiz. Hozirgi vaqtda mamlakat va jamiyat hayotida bo‘layotgan islohot va o‘zgarishlarda oldingizda turgan asosiy vazifalar haqida to‘xtalib o‘tsangiz. 

— Darhaqiqat, bugun mamlakatimizda davlat va jamiyatni rivojlantirish, yurtimiz obro‘-e'tiborini yanada yuksaltirish, xalqimiz turmush darajasini oshirish borasida tom ma'nodagi misli ko‘rilmagan yangilanish va rivojlanish jarayonlari kechmoqda. Bu, albatta, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatiga ham taalluqlidir. Ya'ni, har bir jamoat tashkiloti o‘z faoliyatini qayta ko‘rib chiqqan holda, inson manfaatlarini ta'minlash maqsadida qo‘yilgan talablarni amalga oshirishga o‘z hissasini qo‘shmog‘i zarur.

Bunda bizga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi nutqida belgilab berilgan ustuvor vazifalar dasturilamal bo‘lmoqda. 

Alohida ta'kidlash joizki, bu vazifalar respublikamizdagi davlat tashkilotlari qatori barcha nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining ham asosini tashkil etmog‘i maqsadga muvofiqdir. Zero, davlatimiz rahbari taklifi bilan 2017 yilning mamlakatimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e'lon qilinishi barchamizga birdek mas'uliyat yuklaydi. Ushbu mas'uliyat, avvalo, xalqimiz turmushi, jamiyat hayotida mavjud bo‘lgan turli masala va muammolarga kompleks yondashuvni, bunda, albatta, mamlakatimizda tobora rivoj topib borayotgan ijtimoiy sheriklik imkoniyatlaridan keng foydalanish, ya'ni bir emas, bir nechta jamoat tashkilotlari imkoniyatlarini birlashtirgan holda mavjud masalalarni hal etish tizimini yaratishni talab etadi.