O‘zbekiston | 21:59 / 24.01.2017
26595
3 daqiqa o‘qiladi

Yuridik kadrlarni 36 savol asosida emas, shaxsan suhbat asosida o‘qishga qabul qilish taklifi berildi

24 yanvar kuni Toshkent shahrida "2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha harakatlar strategiyasi" loyihasining jamoatchilik muhokamasi davom ettirildi. Mediahaftalikning ikkinchi kuni qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlariga e'tibor qaratildi. 

Bir qator strategiyalar taqdimotidan so‘ng tadbirga tashrif buyurganlar va videokonferents aloqada bo‘lgan viloyat vakillarining savollari, shuningdek veb-sayt orqali yo‘llangan savollarga e'tibor qaratildi. Ta'kidlash joizki, berilgan savollarda dolzarb masalalar ko‘tarildi. Jumladan, amnistiya qo‘llanganlarning qanchasi to‘g‘ri yo‘ldan ketgani, bunga doir statistika mavjud yoki yo‘qligi borasida savol bilan murojaat qilindi. Mutaxassislardan biri bu borada aniq statistika yo‘qligini aytgan bo‘lsa, yana biri bunday statistika olib borilishini qayd etdi, lekin bu borada aniq raqamlar keltirilmadi. 

Shuningdek, oilaviy sudlarni tashkil etish imkoni, prokuraturada reyting tizimi, noto‘g‘ri ko‘rilgan yoki qayta ko‘rishga taqdim etilgan ishlar bo‘yicha sudyalarga nisbatan sanksiyalar joriy qilishga oid bir qator savollar bilan murojaat qilindi hamda ularga tegishli javoblar olindi.

Savollar bilan bir qatorda takliflar ham kiritilgani alohida diqqatga sazovordir. Xususan, Toshkent davlat yuridik universiteti magistratura bosqichi 1-kurs talabasi kadrlar masalasi bo‘yicha o‘rinli taklif kiritdi - yuridik kadrlarni o‘qishga qabul qilishda 36 savol asosida emas, shaxsan suhbat asosida, ularning dunyoqarashi, bilim doirasi, insoniylik xislatlarini inobatga olgan holda, davlat talablariga javob beradigan, shu maqsadda yonayotgan yoshlarni o‘qishga qabul qilish taklifi kiritildi.

Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalari uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masala - davlat organlari matbuot xizmatlarining OAV tomonidan beriladigan savollarga javob berishi, o‘z vaqtida yangiliklarni taqdim etish masalasi ko‘tarildi. Davlat siri tushunchasiga nimalar kirishini ro‘yxat asosida taqdim etish hamda OAV tomonidan beriladigan savollarga ochiq-oydin javob berish taklifi kiritildi. 

Shuningdek, zarurat tug‘ilgan taqdirda 60 yoshdan oshgan kishilarning uyiga borib, ularga huquqiy yordam ko‘rsatish taklif etildi. 

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, xalq bilan ochiq muloqot qilish, shu kabi anjumanlarni o‘tkazish huquqiy davlat tizimini takomillashtirish, yurtimiz farovonligini ta'minlashda katta rol o‘ynaydi. Bunday muloqotlar mavjud kamchiliklarni aniq ko‘rsatib, vaziyatni yanada yaxshilashga yordam beradi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid