Jahon | 14:06 / 26.01.2017
5257
4 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish loyihasi umumiy xalq muhokamasiga qo‘yildi

Qozog‘istonda amaldagi konstitutsiyaga hukumat organlari o‘rtasida vakolatlarni taqsimlash bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish loyihasi OAVlarda taqdim etildi. Bu prezident tomonidan umumiy xalq muhokamasiga qo‘yilish uchun amalga oshirilgan.

Qonun loyihasiga ko‘ra, konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar birinchi o‘rinda respublika parlamenti mavqeni oshiradi.

Avval hukumat o‘z ishi uchun prezident va alohida vaziyatlarda Majlis (parlament quyi palatasi) oldida mas'ul bo‘lgan bo‘lsa, endilikda u doimiy ravishda o‘z harakatlari uchun prezident va parlament oldida javob beradi.

Bundan tashqari, konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar hukumat o‘z vakolatini prezident emas, balki qayta saylangan Majlis oldida topshirishini ko‘zda tutadi. Hukumatning yangi tarkibi bosh vazir tomonidan taklif etiladi. Bunga qadar hukumat rahbarining o‘zi mustaqil ravishda vazirlar mahkamasi a'zosi nomzodini prezidentga taqdim etgan.

Shuningdek, taklif etilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, prezident bundan buyon davlat dasturini mustaqil ravishda ma'qullashi, shuningdek qonuniy kuchga ega bo‘lgan farmonlarni chiqarishi mumkin bo‘lmaydi. 

Bundan tashqari, hukumat a'zolarini deputatlar murojaatiga ko‘ra vazifasidan ozod etish tartibi ham yengillashtirilmoqda.

Umumiy xalq muhokamasida bildirilgan takliflarni tahlil qilish va bir joyga jamlash, shuningdek qonun loyihasini barcha takliflarni hisobga olgan holda to‘ldirish va uni prezidentga taqdim etish hukumat organlari vakolatini taqsimlash bo‘yicha maxsus ishchi guruhga topshirildi.

Ma'lumot uchun, Nursulton Nazarboyev hokimiyat organlarining vakolatlarini qayta taqsimlash ustida o‘ylab ko‘rish vaqti kelgani haqida 15 dekabr kuni ma'lum qilgan. 
"Davlat taraqqiyotining yangi bosqichi mamlakatdagi jarayonlar uchun parlament va hukumat mas'uliyatini kuchaytirishni talab qiladi. Qozog‘iston prezidentlik boshqaruvidagi davlat bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Ammo, prezident, hukumat va parlament vakolatlarini qayta taqsimlash masalasini ko‘rib chiqadigan vaqt keldi", - degandi Qozog‘iston rahbari.

Keyinchalik davlat rahbari farmoni bilan respublika hukumat organlari o‘rtasidagi vakolatni taqsimlash bo‘yicha ishchi guruh tashkil etildi. Unga prezident ma'muriyati rahbari Odilbek Jaksibekov rahbar etib tayinlandi.

Maxsus tashkil etilgan guruhdan parlament, hukumat, oliy sud va boshqa davlat organlari vakillari, shuningdek, huquqshunoslar hamda olimlar joy oldi.

Kecha esa Nazarboyev Qozog‘iston prezidenti hukumat organlari vakolatlarini qayta taqsimlash bo‘yicha maxsus murojaat bilan chiqish qildi. "Hukumatga davlat dasturlarini tasdiqlashni o‘tkazish maqsadga muvofiq. U buning uchun butun majburiyatni o‘ziga oladi. Hukumatga mustaqil ravishda o‘z tarkibiga kirmaydigan markaziy ijro organlarini tashkil etish va yopish huquqi berilishi mumkin. Prezident hukumat va bosh vazir aktlarini rad etish yoki to‘xtatib turish huquqidan voz kechishi mumkin", - deya ma'lum qildi Nazarboyev o‘z murojaatida.

Mavzuga oid