22:51 / 27.01.2017
4305

Haaretz: Isroil bosh vaziri politsiya tomonidan 3 soat so‘roq qilindi

Isroil politsiyasi bosh vazir Binyamin Netanyaxuni o‘z vakolatlarini suiste'mol qilish bo‘yicha tergov doirasida 3 soat so‘roq qildi. Bu haqda Haaretz nashri ma'lum qildi. 

"Netanyaxuning Qudusdagi qarorgohida o‘tgan so‘roq 3 soat davom etgan", deyilgan xabarda.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, politsiyaning o‘ta muhim ishlar bo‘yicha bo‘limi "Laxav-433" tergovchilari 27 yanvarda Netanyaxu qarorgohiga kelib, uni "ikkita ish" bo‘yicha so‘roq qilishgan. Ishlardan biri ikki tadbirkordan sovg‘a olishda ularning noto‘g‘ri rasmiylashtirilishi, ikkinchisi esa Yediot Ahronot nashri tahririyati siyosatiga ta'sir qilishga urinishlar bilan bog‘langan.   

Netanyaxu bir qator OAVda ovoza qilingan o‘ziga qo‘yilayotgan ayblarni bir necha marotaba rad etgan. "Menga qarshi OAVda katta kampaniya olib borilmoqda, uning maqsadi men boshchilik qilayotgan hukumatni ag‘darishdan iborat", deb aytgandi bosh vazirning o‘zi. Netanyaxuning aytishicha, unga qarshi kampaniyada nafaqat jurnalistlar, balki tergovchi, sudya va jallodlar rolini bajarayotgan matbuot vakillari ishtirok etmoqda. 

Netanyaxu yilning birinchi haftasida ham so‘roq qilingandi. Birinchi so‘roq 3 soatdan ko‘proq, ikkinchisi 5 soatdan ko‘proq davom etgan.

Mavzuga oid
Top