Jamiyat | 23:16 / 28.01.2017
7326
3 daqiqa o‘qiladi

Bolalar adabiyotining jonkuyari – Safo Matjon 70 yoshda

Butun umri, faoliyatini bolalar adabiyotiga bag‘ishlagan filologiya fanlari doktori, professor Safo Matjon tavalludiga 70 yil to‘lishi munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Til va adabiyot ta'limining dolzarb masalalari” nomli respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. 

Anjumanni boshqarib borgan universitet rektori Sh.Sirojiddinov: “Bu qutlug‘ dargohda yetishib chiqqan qanchadan-qancha ulug‘ zotlar, tilimiz, fanimiz, adabiyotimiz yorug‘ kelajagi uchun o‘zlarini butun borlig‘i bilan fidokorona mehnat qildilar, shular qatorida ustoz Safo Matchonovning mehnatlari alohida tahsinga sazovordir”, deya ta'kidladi. Darhaqiqat, anjumanga respublikaga taniqli olimlar, fan arboblari, shoiru yozuvchilar tashrif buyurib, Safo Matjon ilmiy-ijodiy dunyosi, uning bolalar adabiyotiga qo‘shgan ulkan xizmati, shogirdlar tayyorlashdagi matonatli mehnatlarini haqli ravishda e'tirof etdilar. Jumladan, O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon, bolalar shoiri Tursunboy Adashboyev, Dilshod Rajab, adabiyotshunos Qozoqboy Yo‘ldoshev kabi qator ilm-fan xodimlari o‘zlarining chiqishlarida olimning serqirra faoliyatiga baho berdilar. 

Safo Matjon 50 yillik ilmiy-ijodiy faoliyati davomida “O‘qish kitobi” (4-sinflar uchun darslik), “Kitob o‘qishni bilasizmi?”, “Maktabda adabiyotdan mustaqil ishlar”, “Ona tili o‘qitish metodikasi”, “Bolalar adabiyoti”, “Bolalar olami”, “Tiriklik suvi” “Ikki el ardog‘ida”, “Bolalikni poshsholikka yo‘ygan adib” nomli qator risola, monografiya, o‘quv qo‘llanmalari keng kitobxonlarga taqdim qilindi. Anjuman doirasida universitet iqtidorli talabalari tomonidan tayyorlangan she'riyat guldastalari mehmonlarga xush kayfiyat bag‘ishladi. 

Izoh: Safo Matchon 1947 yil 23 yanvarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani “Qipchoq” qishlog‘ida tug‘ilgan.

Xursandbek TO‘LIBOYeV, adabiyotshunos

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid