Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
"O‘zbekiston havo yo‘llari"ga 25 yil: maqsadlar sari dadil parvoz
Toshkentda 28 yanvar kuni “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi tashkil etilganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat a'zolari, davlat va jamoat tashkilotlari, diplomatik korpus vakillari, aviakompaniya mas'ul xodimlari va faxriylari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi jamoasiga yo‘llagan tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov o‘qib eshittirdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning farmoniga muvofiq "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i bilan mukofotlandi.
Davlatimiz rahbari farmoniga binoan “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining bir guruh xodimlari davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi. Tadbirda ana shu mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
"O‘zbekiston" yozuvi tushirilgan va davlatimiz bayrog‘i aks etgan zamonaviy va qulay avialaynerlar bugun dunyoning ellikdan ortiq mamlakatiga parvoz qilmoqda. Alyaskadan to Yangi Zelandiyagacha charter qatnovlari amalga oshirilayotir. 2016 yilda aviakompaniyamiz samolyotlari 2 million 500 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi va 43 ming tonna yuk tashidi.
Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan Milliy aviakompaniyamiz parki bosqichma-bosqich modernizatsiya qilindi, eng so‘nggi rusumdagi havo kemalari bilan to‘ldirildi. Uchuvchilarimiz A320, Boeing-757/767, Il-114-100 kabi havo kemalarini mahorat bilan o‘zlashtirib, yangi avlod samolyotlari – Dreamlinerlarni ham boshqarmoqda. Vatanimiz mustaqilligining 25 yilligi arafasida mamlakatimiz aviaparkiga dunyodagi sanoqli davlatlar aviatashuvchilari qatorida birinchilardan bo‘lib, eng zamonaviy ikkita Boeing-787-8 Dreamlineri olib kelingani yurtimizning xalqaro aviatashuvlar tizimidagi o‘rnini yanada mustahkamlash, nufuzini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizning 11 aeroporti zamon talablariga muvofiq mukammal ta'mirdan chiqarildi, modernizatsiya qilindi, xalqaro maqomga ega bo‘ldi. Natijada yurtimizga keluvchi sayyohlar oqimi oshdi, ularga xizmat ko‘rsatish darajasi yanada yuksaldi. “Toshkent”, “Samarqand”, “Buxoro”, “Urganch” singari xalqaro aeroportlarimiz bir necha xalqaro tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelayotgani buning yorqin dalilidir.

“Navoiy” aeroporti negizida tashkil etilgan Xalqaro intermodal logistika markazi mintaqaning yuqori texnologik va ulkan aviayuk tashish salohiyatiga ega majmualaridan biridir. Bugun ushbu markaz mamlakatimizni Frankfurt, Milan, Bryussel, Vena, Saragosa, Oslo, Bazel, Dubay, Dehli, Tehron, Shanxay singari ko‘plab yirik logistika markazlari bilan bog‘lamoqda.
2016 yilda mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasini yanada rivojlantirish yo‘lida navbatdagi muhim qadam tashlandi – “O‘zbekiston havo yo‘llari” bilan “Boeing” korporatsiyasi hamkorligida samolyotlarning kompozit materiallarini ta'mirlash markazi ish boshladi. Bugungi kunda jahon aviasanoatida kompozit materiallardan keng foydalanilayotir. Chunonchi, “Orzu layneri” (Boeing-787-8 Dreamliner) fyuzelajining ellik foizi shunday materiallardan tarkib topgani hisobidan og‘irligi sezilarli darajada kamaytirilgan. Yangi markaz milliy va xorijiy aviatashuvchilar samolyotlariga yuqori sifatli texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha keng imkoniyatlarga ega.
Ayni paytda Janubiy koreyalik hamkorlar bilan soatiga 1,5 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan Markaziy Osiyodagi eng zamonaviy “Toshkent-4” yo‘lovchilar terminalini qurish bo‘yicha yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Mazkur inshoot 2019 yil oxirida foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston havo floti xodimlarining fidokorona mehnati davlatimiz tomonidan yuksak qadrlanmoqda. Milliy aviakompaniyamizning o‘nlab xodimlari faxriy unvonlar, turli orden va medallar bilan taqdirlangan. Milliy aviakompaniya “Boeing” uchuvchilar otryadining uchuvchi-yo‘riqchisi Zarxo‘ja Saidazimov 2007 yilda O‘zbekiston Qahramoni oliy unvoniga sazovor bo‘lgan.
"O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi Bosh direktori V.Tyan, uchuvchi-yo‘riqchi D.Muhammadjonov, ikkinchi uchuvchilar otryadi komandiri D.Ma'rupov va boshqalar Milliy aviakompaniya rivojiga alohida e'tibor qaratayotgani va doimiy qo‘llab-quvvatlayotgani, kompaniya jamoasi mehnatini yuksak qadrlayotgani uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Tantanali marosim konsert dasturi bilan yakunlandi.