Turkiya aviakompaniyasi Bishkek yaqinidagi Boeing halokatidan jabrlanganlarga zararni qoplab berishga tayyor
Bishkekdagi Manas aeroporti yaqinida halokatga uchragan "Boeing-747" yuk samolyoti tegishli bo‘lgan Turkiyaning ACT Airlines aviakompaniyasi aviahalokat vaqtida jabrlanganlarga moddiy ko‘mak ko‘rsatishga tayyor. Bu haqda aviakompaniya bosh direktori Jalol Qorabosh Qirg‘iziston bosh vaziri o‘rinbosari Muhammadqalim Abulg‘oziyev bilan uchrashuvda ma'lum qildi, deb xabar berdi qirg‘iz hukumati matbuot xizmati.
"Turkiya aviakompaniyasi vakillari moddiy zararni qoplash, ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarga ruhiy yordam ko‘rsatish, shuningdek ularni kelajakda ta'lim olishlari va boshqa sarf-xarajatlarda o‘z ko‘magini berishi haqida ma'lum qildi", - deyiladi xabarda. Qoraboshning ta'kidlashicha, ushbu Boeing aviahalokatga qadar Honkong-Bishkek-Istanbul yo‘nalishi bo‘yicha bir necha reyslarni amalga oshirgan hamda har gal Manasda "yoqilg‘i quyish va ekipajni almashtirish" uchun to‘xtab o‘tgan.
"Yuz bergan aviahalokat bo‘yicha barcha masalalar hukumat nazoratida, jabrlanganlarga davlat tomonidan kerakli yordam ko‘rsatilmoqda. Endilikda biz qo‘shma harakatlar bilan aviahalokat tufayli jabrlanganlar muammosini hal etishimiz lozim", - deya Abulg‘oziyev so‘zlarini keltiradi matbuot xizmati. Uning ta'kidlashicha, hodisa oqibatida jabrlanganlarning barchasi kerakli tibbiy yordam va davolash muolajalarini olmoqda, uy-joysiz qolganlar esa vaqtincha mehmonxonalarga joylashtirilgan.
Ma'lumot uchun, Boeing 747-400 samolyoti 16 yanvar kuni Bishkekdagi “Manas” xalqaro aeroportining uchish-qo‘nish qismidan 1,5 km uzoqlikda halokatga uchragan. Samolyot aeroport yaqinidagi qishloq ustiga tushdi. Buning oqibatida 32ta uy vayron bo‘ldi, 4 ekipaj a'zosi hamda 35 nafar mahalliy aholi vakili halok bo‘ldi.
Hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi boshchiligidagi xalqaro komissiya tomonidan olib borilmoqda. Ma'lumotlarga ko‘ra, Boeing qulash chog‘ida texnik soz holatda bo‘lgan.
Mavzuga oid
11:00 / 26.09.2024
Bishkekda davlat xizmatchilariga shaxsiy avtomobilda ishga borish cheklandi
18:02 / 10.08.2024
TezJet aviakompaniyasi Bishkekdan Toshkentga parvozlarni yo‘lga qo‘yadi
21:31 / 23.07.2024
Qirg‘iziston poytaxtiga avtomobilda kirish pullik bo‘lishi mumkin
09:13 / 18.05.2024