O‘zbekiston | 16:54 / 02.02.2017
23331
2 daqiqa o‘qiladi

2016 yilda qulab tushgan ko‘prikni ta'mirlash ishlari Navro‘z bayrami arafasida yakunlanadi

A380 «G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynov» avtoyo‘lining 184-kilometrida, Amu-Buxoro kanali ustidan o‘tgan ko‘prik qurilishi ishlari davom etmoqda. 

2016 yilning iyulida ushbu hududdagi ko‘prik qulab tushgach (bu inshoot 1961 yilda qurilgandi - tahr.), yangi ko‘prik loyihasi ishlab chiqilgandi.

«O‘zavtoyo‘l» ma'lumotiga ko‘ra, loyiha qiymati 11,8 mlrd so‘mni tashkil qilgan, ko‘prik Navro‘z bayrami arafasida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Loyihachi va quruvchilar ko‘prikning nafaqat zamonaviy ko‘rinishi, balki har tomonlama chidamli bo‘lishiga ham ahamiyat berishmoqda. Shu bois uning tayanch qirg‘oqlariga 72 dona beton qoziqlar, o‘rta tayanch qismlariga esa har birining uzunligi 14 metr bo‘lgan 104 dona metall quvurlar o‘rnatildi.

Ko‘prikda harakatlanish ikki tomonlama bo‘lib, yo‘llar kengligi 10 metrdan ortiqni tashkil qiladi. Ko‘prikning ikki chetida 1,5 metr kenglikdagi piyodalar yo‘lagi ajratilgan.

Ko‘prik qurilish tashkiloti rahbari Kamoliddin Mahkamovning aytishicha, qurilayotgan ko‘prikni mavjud asosiy yo‘lga bog‘lash maqsadida Buxoro tomonidan 247 metr, Qarshi tomonidan esa 178 metr uzunlikdagi yangi asfalt-beton yo‘l ham qurilmoqda.

Xalqaro ahamiyatga molik A380 avtoyo‘li Qashqadaryo, Buxoro viloyatlari va Qoraqalpog‘istondan o‘tib, Qozog‘istonda yakunlanadi.

2016 yilning iyuli

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid