16:20 / 02.02.2017
10925

Germaniya prezidentligiga kim asosiy nomzod ekani ma'lum bo‘ldi

foto: Frank-Valter Shtaynmayyer

Germaniya tashqi ishlar vazirligi sobiq rahbari Frank-Valter Shtaynmayyer Germaniya prezidenti etib birinchi turdayoq saylanishi mumkin. Sobiq vazir nomzodini ilgari surayotgan hukmron koalitsiya Federal yig‘ilishda ko‘pchilik ovozga ega.

Mamlakat amaldagi prezidenti Yoaxim Gauk o‘tgan yilning iyunida o‘z nomzodini keyingi prezidentlik muddatiga qo‘ymasligini ma'lum qilgandi, u bu qarorni yoshi bilan bog‘lagan. Gauk 1940 yilda tug‘ilgan bo‘lib, katta ehtimol bilan lavozimida qolishi mumkin edi. Siyosatchi 17-martga qadar prezident bo‘lib qoladi.

Endilikda Shtaynmayyer prezident lavozimi uchun asosiy nomzod bo‘lib turibdi. 12 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan Federal yig‘ilish 1 ming 260 kishidan iborat. Saylanish uchun esa kamida 631 ovoz kerak bo‘ladi.

Bundestag statistikasiga ko‘ra, ayni damda kansler Angela Merkelning NDI/NSI partiya ittifoqi Federal yig‘ilishda 539, Germaniya sotsial-demokratik partiyasi esa 384 kishi ovoziga umid qilishi mumkin. Shu tariqa, Shtaynmayyer nomzodini birgalikda qo‘yayotgan "nasroniy demokratlar" va sotsial-demokratlar ko‘pchilikka ega bo‘ladi.

"Yashillar" yig‘ilishda 147, "So‘llar" — 95 delegatga ega. Shuningdek, Federal yig‘ilishda bundestagda bo‘lmagan Erkin demokratik partiyaning 36, parlamentda bo‘lmagan "Germaniya uchun muqobillar" 35, "Qaroqchilar" 11 va Bavariyadan bo‘lgan "Ozod saylovchilar"ning 10 nafar vakili ishtirok etadi. 

Mavzuga oid
Top