19:30 / 03.02.2017
24845

AQShda o‘zbek xalqining fidoyi farzandlaridan biri haqidagi kitob nashrdan chiqdi

O‘zbek xalqining fidoyi farzandi haqida, uning yurt ravnaqi yo‘lida bosib o‘tgan mashaqqatli hayot so‘qmoqlarini yoritgan avtobiografik roman kitobi AQShda chop etildi.

Ikkinchi jahon urushi yillarida qaqshatqich ocharchilik, yetishmovchiliklardan azob chekkan sonsiz yetim norasidalar orasida o‘zining otasini uch yoshida «borsa qaytmas» urushga kuzatgan Sarvar Qodirov ham bor edi. Sarvar Qodirov qalamiga mansub «Taqdir» romanini o‘qish orqali uning ilm izlab, qor bosgan yo‘llardan kalishda sovuqqotib har kun maktabga borgani, o‘qish kitobidagi rasmda etik kiygan bolakayning oyog‘idagi etiklariga entikib tikilib, mana shunday etik kiyishni faqat orzu qila olgan mittigina bolakay Sarvarning shunday og‘ir kunlaridan to texnika fanlari doktori, professor, O‘zbekiston fan arbobi, O‘zQXFA akademigi, nufuzli universitet rektori lavozimiga tayinlanishi, Nyu York akademiyasi akademigi, xalqaro Al-Xorazmiy mukofotlarini qo‘lga kiritgan kunlarigacha guvoh bo‘lish mumkin. Shuningdek, uning avtomobilsozlik sohasida qilgan kashfiyotlarining bayoni ham juda maroqli. Bu avtobiografik romanda muallifning hayot yo‘li sahnasida urush va qatag‘on davrlarida xalqimiz boshidan o‘tgan alamli iztiroblar, muallif ota-onasining hamda sevgi qissalarining nihoyatda o‘zbekona nafis hikoyalari dillarni rom qiladi.

Romanning ingliz tiliga tarjimasini O‘zbekiston Milliy universiteti, Xorijiy filologiya fakulteti o‘qituvchisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiati, «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishoni sovrindori Hafiza Allanazarova amalga oshirgan bo‘lib, kitob tarjimasi filologiya fanlari nomzodi Mirabbos Iriskulov va Jasmaya Publishings nashriyoti rahbari, ingliz adabiyoti o‘qituvchisi Kombon Obayani tahrirdan o‘tkazdilar. Asar AQShning Jasmaya Publishings nashriyotida nashrdan chiqqan bo‘lib, hozirda amazon, kindle veb-sahifalarida onlayn sotuvga qo‘yilgan. Kitob shaksiz-ki, hozirgi kunda yaxshi hayotga yengil yo‘llar bilan erishish orzusida bilib bilmay o‘z umrining qimmatli soatlarini bekorga sarflab qo‘yayotgan yoshlarimizning yuragiga o‘t solib, ularni buyuk kelajak sari yetaklovchi ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Top