23:38 / 03.02.2017
17391

Ramzan Qodirov Chechenistonda yaratilgan vezdexodlar uchun nom tanlash bo‘yicha tanlov e'lon qildi

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov 2017 yil fevralda "Chechenavto" zavodida seriyali tarzda ishlab chiqariluvchi yengil vezdexodlarga nom topish iltimosini bildirdi. U shu munosabat bilan Instagram’dagi akkaunti obunachilari o‘rtasida tanlov e'lon qildi. Bu tanlov fevral oxirigacha davom etadi.

Tanlovda "Chechenavto" va Maxsus vazifalarni bajaruvchi kuchlar o‘quv markazi bilan birgalikda yaratilgan bir necha turdagi baggi (vezdexod) uchun nomlar birdaniga qabul qilinadi. Bu baggilar taktik uch o‘rindiqli, sport model va 6 o‘rindiqli model ko‘rinishida yaratilgan. Baggining "standart" modifikatsiyasi shaxsiy tarkib va yuklarni o‘tish qiyin bo‘lgan joylarga yetkazish uchun mo‘ljallangan. 

Baggining 6 o‘rindiqli versiyasi uzunligi 4 metrni tashkil qiladi, og‘irligi esa 1,5 tonnaga yetadi. Model odamlardan tashqari, 800 kg gacha yuk tashiy oladi, uning maksimal tezligi soatiga 130 km dan oshadi. Taxmin qilinishicha, unda qurol sifatida "Kord" va "Pecheneg" pulemyotlari hamda avtomatik granatomyot AGS ishlatiladi.

Qodirovning aytishicha, tanlanadigan nomlar vezdexodning xarakteristikasi va uning Rossiyada ishlab chiqarilganini aks ettirishi kerak. Checheniston rahbari g‘olibni shaxsan o‘zi taqdirlashga va'da berdi. G‘olib uch o‘rindiqli baggini birinchi bo‘lib sinab ko‘rish va o‘quv markazining instruktorlari bilan ekstremal avtotayyorgarlik kurslaridan o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 

Top