18:30 / 04.02.2017
6434

Windows dasturiy tizimlar bozorida rekord ko‘rsatkichlarni qayd etdi

Jahon planshetlar bozorining 2016 yil to‘rtinchi choragiga doir hisobot e'lon qilindi. Strategy Analitics tahliliy kompaniyasi tuzgan reytingga ko‘ra, Apple va Samsung bozordagi ulushini boy bermoqda. Xitoy va Windows planshetlari tobora ommalashib borayapti. 

Umuman olganda, dunyo bo‘ylab planshetlar savdosi tushib bormoqda. 2016 yil 4 choragida pasayish 9 foizni tashkil etgan. O‘tgan yilning so‘nggi 3 oyi mobaynida jami 63,5 mln qurilma sotilgan. Eng jiddiy pasayish, garchi Apple va Samsung bozor yetakchilari bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, ayni shu kompaniyalarda kuzatilmoqda. 

Apple iPad plansheti tufayli bozorning 20,6 foizini egallab, 13,1 mln dona planshet sotishga erishgan. Biroq, 2015 yilda uning bu ko‘rsatkichi 16,1 mln planshet bilan bozorning 23,2 foizini tashkil etgan edi. Samsung bu borada raqibiga qaraganda birmuncha sekinroq pasaygan. Galaxy Tab planshetidan 8,1 mln dona sotilgan, bozor ulushi 12,8 foiz bo‘lgan. 2015 yil bilan qiyoslaganda pasayish 900 ming dona yoki bozor ulushining 0,1 foizini yo‘qotgan. 

Shu bilan birga, Apple va Samsung raqiblari — Amazon, Lenovo va Huawei o‘z o‘rnini mustahkamlab olmoqda. Ayniqsa, Xitoy kompaniyasi keskin o‘sishni namoyish etmoqda. Uning mahsulotlari savdosi 49 foizga oshgan. 

Shuningdek, bu bozorda Microsoft tizimlarining ommalashib borayotgani qayd etilmoqda. 2016 yil to‘rtinchi choragida 10,1 mln dona Windows planshetlari sotilgan, bu bozorning 16 foizi demakdir. Yildan yilga o‘sish ko‘rsatkichi 19 foizni tashkil etmoqda. Bu esa Windows rekordidir. iOS va Android savdolari pasayishni namoyish etayapti.

Mavzuga oid
Top