Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sog‘liqni saqlash vaziri: «Tug‘uruqxonalardagi suyunchi puli ham qonunan, ham insoniylik jihatidan taqiqlanadi»
2017 yilning 8 fevral kuni O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tashabbusi bilan “Press klub” tashkil etildi. “Xalq salomatligi: muammo va dolzarb vazifalar” mavzusida tashkillashtirilgan uchrashuvda ommaviy axborot vositalari vakillari Bosh vazir o‘rinbosari - O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Adham Ikromov, vazirlikning boshqa amaldorlari, tibbiyot sohasidagi oliy o‘quv yurtlari rektorlari, tegishli ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari bilan uchrashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.
Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 7 fevral kuni sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar va sohaning rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilishda davlat rahbari tug‘uruqxonalardagi poraxo‘rlikka chek qo‘yish lozimligini ham alohida ta'kidlab o‘tdi.
8 fevral kungi uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri, Bosh vazir o‘rinbosari Adham Ikromov ham tug‘uruqxonalardagi poraxo‘rlik yoki “suyunchi puli” haqida berilgan savolga javob qaytardi. Uning aytishicha, xizmat mutlaqo bepul bo‘lishi lozim.
“Buning natijasini ko‘rish uchun bu yerda ishlaydigan xodimlarga alohida motivatsiya berishimiz kerak. Ularning oyliklarini boshqa tibbiyot xodimlarinikidan 2-3 barobargacha oshirish lozim. Har qanday niyatda berilayotgan va olinayotgan moddiy rag‘bat ham qonunan, ham insoniylik nuqtai nazaridan taqiqlanadi”.
Uchrashuvda, shuningdek, tez tibbiy yordam xizmati haqida ham so‘z yuritildi. Vazirning birinchi o‘rinbosari Abduhakim Xojiboyevning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pgina tez tibbiy yordam mashinalarining texnik holati bilan bog‘liq bir qancha muammolar bor. Biroq u bu masala yaqin 1-2 oy ichida hal qilinishini, 1200ta yangi avtomobil olinishini aytib o‘tdi. Bundan tashqari, yaqin bir oy ichida avtomobillar GPS navigator tizimi bilan ham ta'minlanadi. Bu esa avtomobilni boshqarish va bemorga tezroq yordamga yetib kelishda yordam beradi.

Adham Ikromov chet elda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik shifokorlarni yurtlariga qaytarish borasida qanday amaliy ishlar olib borilganini ham aytib o‘tdi.
“Chetda ishlayotgan tibbiyot xodimlarining ro‘yxati tuzildi va ular bilan suhbatlashdik. Shu yilning o‘zida chet ellarda ishlayotgan shifokorlarning 10-15 nafari O‘zbekistonga qaytishi mumkin”, deb qo‘shimcha qildi vazir.
Shuningdek, yig‘ilishda tibbiyot muassasalarida har kuni ertalab kuzatiladigan o‘ziga xos “besh daqiqalik majlislar” haqida ham so‘z yuritildi. Adham Ikromovning aytishicha, bunday holat oilaviy poliklinikalarda bo‘lishi mumkin emas – u yerda faqatgina ish kunining oxirida bunday o‘ziga xos yig‘ilishlarni o‘tkazish joiz. Shifoxonalarda esa bu o‘rinli, dedi vazir.
Mavzuga oid
20:45 / 23.07.2025
Hindiston talabalarga O‘zbekistondagi tibbiy oliygohda o‘qimaslikni tavsiya qildi
19:11 / 07.03.2025
Bemorning COVID oqibatida yo‘qolgan hid va ta’m bilish qobiliyatini tiklash usuli topildi
19:02 / 18.05.2021
Tibbiyot birlashmalari faoliyati yetarli darajada tashkil etilmagan tumanlar tanqid qilindi
15:26 / 24.07.2020