Jamiyat | 13:52 / 15.02.2017
27216
3 daqiqa o‘qiladi

Bolakay nega kaltaklandi yoki Qashqadaryodagi bir jinoyat tafsiloti

G‘uzor tumanidagi fermer xo‘jaliklaridan birining raisi Baxtiyor Xushmirov (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) g‘alladan bo‘shagan yerlarni aylanib yurarkan, uch-to‘rt nafar bolaning dalasida boshoq terib yurganini ko‘rdi. Aslida-ku, bolalar shunchaki o‘yin-o‘yin bilan fermerning dalasiga kelishgandi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Hosil allaqachon o‘rib-yig‘ib olingan, yerga to‘kilib qolgan bitta-yarimta boshoq bilan fermerning davlati kamayib qolmasdi. Xalqimiz o‘rim-yig‘im paytida yerga to‘kilib qolgan bunday boshoqlarni “mashoq” deydi. Biroq fermer bolalarning ishini ko‘rib, zavqlanish o‘rniga bu holdan g‘azab otiga mindi. Qalbida uyg‘ongan xasislik, johillik bir zumda butun borlig‘ini qamrab oldi. Nazarida bu bolalar uning mulkini talon-toroj qilayotgandek tuyuldi. Shu sababli yerda yotgan tayoqni olib, nabirasi tengi bolalar ustiga xezlanib bordi. Yer egasining vajohatini ko‘rgan bolalar qo‘rqqanidan qo‘llaridagi mashoqni tashlab qochishga tushishdi. Endigina 8 yoshga to‘lgan Sanjar esa uzoqqa bora olmadi. Fermer B.Xushmirov bolakay hali norasida murg‘ak ekanini unutib, qo‘lidagi tayoq bilan uning boshiga tushirdi. Bolakay tayoq zarbidan hushini yo‘qotib, yerga yiqildi. B.Xushmirov “talonchi” bolalarning adabini berib qo‘yganidan o‘zini biroz yengil his etdi.

Sanjar boshidan olgan jarohati tufayli shifoxonaga tushdi. Uning ota-onasi fermerning ustidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga shikoyat qilishga majbur bo‘lishdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘uzor tumani sudida mazkur ish atroflicha muhokama qilinib, Baxtiyor Xushmirovga qilmishi uchun eng kam oylik ish haqining ellik baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Ha, bu voqeani eshitgan odamning eti jimirlashi tabiiy. Sanjarbek ehtimol o‘ziga yetkazilgan jarohatni unutib, fermer “amaki”ni kechirib ham yuborar, ammo bir hovuch mashoqni deb xasislik va ziqnalik qilgan fermer qishloqdoshlari ko‘ziga qanday qararkan?..

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid