Ikkinchi jahon urushi davrida nemislar qo‘liga asir tushib, Jyersi orolida tutqunlikda bo‘lgan va jahannam orolidan qochishga muvaffaq bo‘lgan Boqijon Akramov asli Namangandanmas, balki Buxoro shahridan ekani ma’lum bo‘ldi. Kun.uz muxbiri Buxoro va hozirda uning avlodlari yashayotgan Qashqadaryo viloyatida bo‘lib, ular bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi, Boqijon Akramovning urushdan o‘zi bilan olib kelgan noyob suratlari bilan tanishdi.

Yaqinda BBSʼda II jahon urushi davrida nemis askarlari qo‘liga asir tushib, Fransiya va Britaniya o‘rtasidagi La-Mansh bo‘g‘ozidagi Jyersi orolida tutqunlikda yashagan o‘zbek askari Boqijon Akramov haqida xujjatli film namoyish qilindi. Tunnel va bunkerlar qurish uchun foydalanilgan askar ajal orolidan 1943 yilning 27 aprelida qochib ketishga muvaffaq bo‘ladi va 3 oy davomida dalalarda yashirinib yurib, kartoshka po‘chog‘i bilan oziqlanib tirik qoladi.

Jyersi orolini qo‘riqlayotgan nemis askari, 1940 yil / FOTO: Atlantic-Press/ullstein bild via Getty ImagesAtlantic-Press/ullstein bild

O‘shanda mahalliy fermerlardan biri – Le Bretonlar oilasi o‘z jonini xatarga qo‘yib bo‘lsa ham Boqijon Akramovga uyidan boshpana berib, uning hayotini saqlab qoladi.

Boqijon Akramovga boshpana bergan Jon va Fillis Le Bretonlar / FOTO: BBC

O‘zbekistonlik askar oiladan ingliz tilini o‘rganadi, urush tugagunicha dala ishlarida oilaga yordam beradi. Urushdan keyin Akramov O‘zbekistonga qaytib keladi.

BBS muxbirlari Boqijon Akramov asli namanganlik bo‘lgani haqida ma’lumotga duch kelishgan. Shundan so‘ng BBC muxbiri Namanganda Boqijon Akramovning nevarasi ekani deya aytilgan Shamsiddin Oxunboyev va uning singillari bilan uchrashadi. Namanganlik oila bobosining hayotini saqlab qolgan fermerning 90 yoshli qizi Dulsi Le Breton bilan videomuloqot davomida ko‘z yosh ham to‘kishadi. Keksa Dulsi xonim Namanganga taklif qilinadi.