O‘zbekiston | 15:07 / 19.02.2017
32575
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent hokimi: Shifoxona rahbarlarining rahbarlik muddati 10 yildan oshmaydi

17 fevral kuni Toshkent shahri hokimiyatida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan brifing vaqtida bundan keyin Toshkentdagi tibbiyot markazlari bosh shifokorlari, shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi, shahar diagnostika markazi va tumanlar tibbiyot birlashmalari rahbariyati poytaxt hokimi tomonidan tayinlanishi ma'lum qilindi.

Brifingda hokim o‘rinbosari, Toshkent xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Farida Abdurahimovaning xabar qilishicha, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 fevral kuni shu haqda qarorni qabul qildi. Avval tayinlash huquqi Sog‘liqni saqlash vazirligiga tegishli edi.

Poytaxt hokimi Rahmonbek Usmonovning 17 fevraldagi qarorida bir joyda 10 yildan ortiq faoliyat olib borgan rahbarlarni rotatsiya qilish mexanizmini tadbiq etish ko‘zda tutilgan. Hujjat bilan tibbiyot muassasalari xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish ham rejalashtirilgan.

Toshkent hokimining "Toshkent shahrida Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uni rivojlantirish, tibbiyot muassasalari faoliyatini boshqarishni tashkil etishni takomillashtirish hamda uning samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida bir joyda 10 yildan ortiq faoliyat olib borgan rahbarlarni rotatsiya qilish mexanizmini tadbiq etish ko‘zda tutilgan. 

"Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi va uning hududiy organlaridagi kadrlar tarkibini tubdan qayta ko‘rib chiqish hamda yuqori malakali mutaxassislar, halol, pok, vijdonli, mas'uliyatli xodimlar bilan mustahkamlash chora-tadbirlari ko‘rilsin", deyilgan qarorda.

Shuningdek, yuqoridagi talablar asosida sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘ini va boshqaruv organlari rahbarlarining malakasi hamda kasbiy tayyorgarligi darajasini doimiy ravishda oshirib borish tizimini yaratish, ularning kasbiy tayyorgarligi va malaka darajasi egallab turgan lavozimiga munosibligi har yili tegishli davlat idoralari va jamoat tashkilotlari bilan kelishgan holda attestatsiyadan o‘tkazib, baholab boriladi.

Tuman hokimlari o‘z hududida joylashgan sog‘liqni saqlash boshqarmasi tasarrufidagi tibbiyot muassasalaridan pensiyaga chiqayotgan rahbar xodimlarni tantanali kuzatish, faxriy yorliqlar bilan taqdirlash choralarini ko‘rishi belgilangan.

Tizimda ro‘y berayotgan ta'magirlik, tovlamachilik holatlari oldini olish maqsadida tibbiyot muassasalarida faoliyat olib borayotgan barcha xodimlarga va yangi tayinlangan rahbarlarga O‘zbekiston Respublikasining "Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida"gi qonunining mazmun mohiyatini tushuntirish ishlari olib boriladi.

 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish