22:17 / 20.02.2017
13235

Erdo‘g‘anga suiqasd qilganlar ustidan sud jarayoni boshlandi

Turkiyaning Mug‘la shahrida o‘tgan yilning 15 iyulida Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning hayotiga suiqasd qilgan 44 nafar isyonchi ustidan sud jarayoni boshlandi.

Suiqasd vaqtida ushbu guruhga qarshilik qilish chog‘ida 2 nafar politsiyachi halok bo‘lgandi.

Birinchi tinglov Mug‘ladagi Savdo-sanoat palatasi konferensiya zalida bo‘lib o‘tadi, sudlanuvchilarning ishi shahar og‘ir jinoiy holatlar bo‘yicha sudda ko‘rib chiqiladi. Tumanda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Sud zaliga sudlanuvchilarning qarindoshlari va oqlovchilari kiritiladi.

Ushbu ish bo‘yicha Gulenning 47 tarafdoriga ayblov e'lon qilingan, 3 kishi hamon qidiruvda. Jumladan, Fathulloh Gulen. U ayni vaqtda AQShning Pensilvaniya shtatida istiqomat qiladi.

Prokuratura har bir ayblanuvchi uchun kamida 6ta umrbod qamoq jazosiga teng muddat so‘ramoqda.   

Turkiya Qurolli kuchlarining bir guruh harbiylari 2016 yilning 15 iyulidan 16 iyuliga o‘tar kechasi qurolli harakatlar evaziga davlat to‘ntarishi amalga oshirishga urindi. Isyonchilarning harakati fuqarolar ko‘chalarga hukumatni himoya qilib chiqishi tufayli muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Tartibsizliklar vaqtida tinch aholining 240 nafardan ortiq vakili halok bo‘ldi, isyonchilarning yo‘qotishlari hisoblanmadi.

Mavzuga oid
Top