Jamiyat | 21:17 / 20.02.2017
4914
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik 11 nafar bemor bola Germaniyada bepul davolanib keldi

Foto:UZA

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlik doirasida 11 bemor bola Germaniya klinikalarida davolanib, O‘zbekistonga qaytib keldi. Toshkent xalqaro aeroportida ularni davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar kutib oldi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

– Farzandim Jumaniyozda tug‘ma urologik nuqson bor edi, –deydi uchko‘priklik Gulnoza Mamajonova. – Mahalliy shifokorlar tomonidan uning sog‘lig‘i doimiy kuzatib borilmoqda. O‘g‘lim Germaniyada olti oy davolanib, qaytib keldi. Sog‘lig‘i tiklanganini ko‘rib, xursand bo‘ldim.

Paxtaobodlik Tojimuhamedovlarning ham ikki farzandi Germaniya klinikalarida davolanayotgan edi. Ulardan biri – 13 yoshli Muslimbek muolajalarni tugatib, ota-onasi bag‘riga qaytib keldi.

– Bundan ikki yil avval xonadonimizda ro‘y bergan yong‘in tufayli bolalarim og‘ir jarohat olgan edi, – deydi Zulayho Tojimuhamedova. – Farzandlarimga shifokorlar o‘z vaqtida tez yordam ko‘rsatgani tufayli ularning hayoti asrab qolindi. Biroq kuyish oqibatida badanida paydo bo‘lgan chandiqlarni tuzatish uchun bosqichma-bosqich muolajalar talab etilar ekan. Germaniya klinikasida o‘tkazilgan operatsiyalar natijasida o‘g‘lim Muslimbekning yuz va qo‘llaridagi chandiqlar deyarli tuzalibdi. Uning sog‘lom chehrasini ko‘rish baxti nasib etganidan benihoya mamnunmiz. Akasi olib kelgan suratlar orqali qizim Ruqiyaning ahvolidan ham xabardor bo‘ldim. U ham operatsiyalardan muvaffaqiyatli o‘tibdi, jarohatlarining o‘rni ancha tiklangan. Bolalarimizga ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik va e'tibor uchun davlatimizdan minnatdormiz.

Olotlik Boltaqulovlar ham bundan olti oy avval 10 yoshli o‘g‘li Madaminni Germaniyaga kuzatgan edi. Operatsiya natijasida uning chap oyog‘ida kuyishdan qolgan asorat bartaraf etildi. Shifokorlar ota-onaga kelgusida farzandining salomatligini nazorat qilish va bolani parvarishlash bo‘yicha maslahat va tavsiyalar berdi.

"Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi va Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti hamkorligida hayotga tatbiq etilayotgan ushbu loyiha doirasida 2002 yildan buyon terining kuyish asoratlari, tug‘ma qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari va boshqa kasalliklar bilan xastalangan uch yuz yigirma ikki bola Germaniyada davolandi.

O‘zbekistondagi yetakchi klinikalarda oyog‘i, bo‘yni, lab va tanglayida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan nogiron va bemor bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatildi. O‘ttiz nafarga yaqin bemor bolada plastik jarrohlik muolajalari bajarildi. Hamkorlik loyihasi davom etmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid