Jamiyat | 18:17 / 22.02.2017
24199
4 daqiqa o‘qiladi

Qarshi tumanidagi qishloqlardan birida 20 tup papayya yetishtirilmoqda: daromad shunga yarasha

Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida joylashgan Mirmiron qishlog‘ida  yashovchi Ulug‘bek Qarshiyev papayya yetishtira boshladi. Bundan tashqari, u o‘z issiqxonasida limon, apelsin, mandarin, banan yetishtiradi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

– Ismim Ulug‘bek, ishim bog‘bonlik, – deya xushchaqchaqlik bilan kutib oldi qishloqda “Ulug‘bek parnikchi” deb tanilgan mirmironlik Ulug‘bek Qarshiyev. – Qilayotgan ishimizda odamlar aytganiday hech qanday sir, mo‘'jiza yo‘q. Hammasi oddiy.

Uning hovlisiga kiraverishda 13 sotix yerda uzunasiga issiqxona qilingan. Plyonka bilan yopilgan. Issiqxonaning umumiy balandligi 5 metr. Ichki tomondan ham bir qavat yupqa plyonka tortilgan. Issiqxonaning eng baland o‘rta qismida uzunasiga qator qilib papayya daraxti ekilgan. Qish fasli bo‘lishiga qaramay, mevasi shoda-shoda. Ko‘rinishidan o‘zimiz shiftga osib qo‘yadigan qovunni eslatadi. Bargidan issiq kunda bemalol yelpig‘ich sifatida foydalanish mumkin. Ikki tomonga limon, apelsin, mandarin, sal teparoqda 10 tupga yaqin banan daraxti ko‘kka bo‘y cho‘zgan. Xullas, o‘zingizni go‘yo tropik yurtga tushib qolgandek his etasiz.

– Mana bu papayya, biz uni “qovun daraxti” deb ataymiz, – deydi Ulug‘bek. – Uning mevasi ko‘p xastaliklarga davo ekanini eshitib yurardim. Avvaliga sinamoqqa ikki tup ekdim. Qarasam, baravj o‘sayapti. Mo‘l hosil berdi. Bitta daraxti 80 donagacha meva tugdi. Xaridorgir. So‘rab keluvchilar ko‘paydi. Shundan so‘ng bu antiqa daraxtni ko‘paytirishga kirishdim. Hozir issiqxonada 24 tup “qovun daraxti”, 200 tup limon, mandarin va apelsin ko‘chatlari bor. Gullarni estetik zavq olish uchun ekkanmiz. Daromadimiz ham shunga yarasha. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, asl vatani Meksika, Markaziy va Janubiy Amerikaning shimoliy hududlari hisoblangan qovunga o‘xshash meva tugadigan bu daraxtni yevropaliklar XV asrdan boshlab yetishtira boshlagan. Ushbu daraxtning bo‘yi besh yil ichida to‘rt-olti metrga yetadi, yigirma yil atrofida umr ko‘radi.

– “Qovun daraxti”ning parvarishi unchalik murakkab emas, – deydi Ulug‘bek Qarshiyev. – Vaqtida ozuqasini, suvini berib, butab tursangiz, yonidan shonalatib olsangiz, qishning sovuq kunlaridan asrasangiz bas, hosil naqd deyavering. Ammo ko‘chatini yetishtirish biroz qiyin. Shu bois biz ham xorijdan keltirilgan nihollardan ekkanmiz. Bu jarayon erta bahorda amalga oshiriladi. Lekin ko‘chatlar yerga chuqur ildiz otmaydi, hatto baland daraxt bo‘lganda ham. Shuning uchun issiqxona usti ochilgach, kuchli shamoldan ehtiyot qilish lozim. To‘rt tomonga tortib bog‘lab qo‘yilsa, bu muammo ham hal bo‘ladi. Ko‘chatlar ekilgach tez ulg‘ayadi va shu yilning o‘zidayoq hosilga kiradi.

Ma'lumotlarga qaraganda, papayyaning mingdan ortiq navi bor. Qaysi mamlakatda o‘stirilishiga qarab nafaqat mevasining ko‘rinishi, balki mazasi ham farq qiladi. Biroq ularning barini bir xususiyat birlashtirib turadi – to‘yimli va salomatlik uchun g‘oyat foydali. Papayyaning eng muhim xususiyati mevasi va bargi tarkibidagi papain fermentidir. Buyuk britaniyalik olimlarning fikricha, papayya hatto saraton hujayralarini yo‘q qilish xususiyatiga ham ega ekan. Papayyani sof meva holida yoki quritib, maydalangan holda iste'mol qilish mumkin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid