Jamiyat | 17:01 / 24.02.2017
10981
3 daqiqa o‘qiladi

Shunaqasi ham uchrab turadi: 4 dollarga smartfon va'da qilgan shaxs qo‘lga olindi

Hindistonning G‘oziobod shahri politsiyasi Ringing Bells kompaniyasi asoschisi Moxit Goelni firibgarlik ishi bo‘yicha qo‘lga oldi. Kompaniya qiymati taxminan 4 dollar bo‘lgan smatfonlarni yetkazib berishni va'da qilgan, deb xabar bermoqda IANS agentligi.

Ringing Bells kompaniyasi 2016 yilning fevralida narxi atigi 4 dollar bo‘lgan smartfonlar ishlab chiqarishini e'lon qilib, o‘ziga diqqatni jalb etgandi. Ringing Bells loyihasi ishga tushirilganda 4 dollar 251 rupiyga teng bo‘lgan, shuning uchun smartfon Freedom 251 nomini oldi. Fevralda esa kompaniya smartfonlarni xarid qilish bo‘yicha murojaatlarni qabul qila boshladi hamda taxminan 70 million buyurtmani qabul qilib olgan.

Kompaniya 2016 yilning 30 iyun kunigacha taxminan 2,5 million smartfonni yetkazib berishga va'da qildi, biroq iyulda birinchi partiya atigi 5 ming nusxada yetkazib berilgani haqida e'lon qildi, shuningdek yana 65 ming qurilmaga va'da berdi. O‘shandan boshlab kompaniya telefonlarni yetkazib berish haqida hisobotlar bermadi, qurilmalar esa Tayvan ishlab chiqaruvchisining Freedom 251 brendli tayyor telefonlariga o‘xshash bo‘lgan. Bundan tashqari, kompaniya Freedom 251’ni sotuvga taklif etishni to‘xtatib, boshqa, ancha qimmatroq smartfonlar, elektrotexnikani sota boshladi.

Ringing Bells loyihasi foydalanuvchilar hamda mutaxassislar, jumladan Hindiston hukumati tomonidan tanqid ostiga olindi, biroq unga nisbatan hech qanday yuridik choralar ko‘rilmadi. 23 fevral kuni esa G‘oziobod politsiyasi kompaniya asoschisi Moxit Goelni qo‘lga oldi. Bu jarayon mahalliy Ayam Enterprises kompaniyasi shikoyati asosida ro‘y berdi, u Freedom 251’ni sotish bilan shug‘ullangan.

Ayam Enterprises Ringing Bells’ga Freedom 251 partiyasi uchun 3 million rupiy (joriy kurs bo‘yicha 45 ming dollar) to‘lab berdi, biroq faqatgina 800 minglik smartfonlarni qabul qilib oldi. Ayam Enterprises mahsulot sifat standartlariga javob bermaydi, deb hisoblab, ularni yetkazib beruvchiga qaytarib berdi. Ringing Bells’dan esa qiymati kompaniyaning 1,4 millionlik bo‘lgan boshqa mahsulotlari hamda mablag‘lari orqali olingan. Ayam Enterprises’ning xulosasiga ko‘ra, ularga taxminan 1,6 million rupiylik (24 ming dollar) zarar yetkazilgan.

Ayam Enterprises shikoyatida Moxit Goeldan tashqari kompaniyaning boshqa rahbariyati ham tilga olingan – hammasi bo‘lib to‘rt kishi. Politsiya ularni qo‘lga olish ustida ishlamoqda, deb ma'lum qildi G‘oziobod politsiyasi vakili Salmon Toj Patil.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid