Jahon | 18:12 / 25.02.2017
6865
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Shimoliy Koreyani terrorchilikka homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatiga qaytarmoqchi

AQSh hukumati KXDRni terrorchilikka homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatiga takroran kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning o‘gay akasi Kim Chen Namga qilingan suiqasd paytida VX yuqori zaharli moddasidan foydalanilgani haqidagi xabarlar fonida yuz bermoqda, deb xabar bermoqda Kiodo agentligi AQSh diplomatik doiralaridagi manbalarga asosan.

Agentlik suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, ayni damda bu ish bo‘yicha kelib tushayotgan barcha ma'lumot o‘rganib chiqilmoqda.

Avvalroq Malayziya politsiyasi 13 fevral kuni hayotdan ko‘z yumgan KXDRning Kim Chxol nomiga pasporti bo‘lgan fuqarosi yuzida asab-falajlovchi ta'sirga ega bo‘lgan VX zaharli modda izlari topilgani haqida ma'lum qilgandi. Janubiy Koreya ro‘y bergan hodisadan so‘ng halok bo‘lgan inson Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning o‘gay akasi - Makaoda yashovchi Kim Chen Nam ekanini e'lon qildi. Malayziya politsiyasi esa shimoliy koreyalik fuqaroning o‘limi sabablarini aniq belgilay olmadi, shuningdek uning shaxsi aniqlanmadi, VX zaharli modda qanday kelib chiqqani ham oydinlashmagan va KXDRning qotillikka aloqadorligi yuzasidan aniq isbotlar yo‘q.

Avvalroq Kuala-Lumpur aeroportidagi kuzatuv kameralari tomonidan olingan kadrlar taqdim etilgandi hamda unda erkakka ayol kishi hujum qilayotgani, uning yuzini ortdan qo‘li bilan berkitishi, so‘ngra qochib qolishini ko‘rish mumkin. Tergovchilarning bildirishicha, zaharli modda gumonlanuvchining qo‘llari orqali berilgan, keyin esa u hojatxonaga kirib, qo‘llarini yuvib tashlagan. Shu bilan bir qatorda, ba'zi OAVlarning ta'kidlashicha, V turkumidagi yuqori zaharli moddalarni teridan ketkazish uchun suv emas, balki oqartirgich (oqartiradigan maxsus modda, vosita) kerak bo‘ladi.

Ushbu ish bo‘yicha bir necha gumonlanuvchi, jumladan KXDR fuqarosi qo‘lga olindi, politsiya esa shimoliy koreyalik bir diplomat va Air Koryo aviakompaniyasining Malayziyadagi xodimi ko‘rsatma berishiga erishmoqchi. Shuningdek Malayziya politsiyasi xodimlari KXDR diplomati uyidan atigi ikki kilometr uzoqlikda joylashgan xonadonlardan birida tintuv o‘tkazishdi. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, xonadonda kimyoviy moddalar bilan ishlashga mo‘ljallangan kiyimlar topilgan.

Ma'lumot uchun, KXDR Amerikaning terrorchilikka homiylik qiluvchi davlatlari ro‘yxatiga 1987 yilda Janubiy Koreyaga tegishli samolyot yo‘q qilingandan so‘ng kiritilgandi. Uning bortida 115 kishi bo‘lgan. Taxminlarga ko‘ra, portlash KXDR maxsus xizmatlari agentlari tomonidan amalga oshirilgan. 2008 yilda esa AQSh sobiq prezidenti Jorj Bushning ma'muriyati KXDR terrorchilikka homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatidan chiqarilgani haqida ma'lum qildi. Bunday qaror Xalqaro atom energetikasi agentligi (MAGATE) ekspertlari Pxenyanning yadro inshootlariga borishgach, qabul qilingan.

Mavzuga oid