Sport | 20:02 / 28.02.2017
10931
3 daqiqa o‘qiladi

«Bunyodkor» avstraliyalik hakam o‘yin oxirida belgilagan penalti tufayli o‘z maydonida yutqazdi

Osiyo chempionlar ligasining 2-turi doirasida Toshkentning «Bunyodkor» jamoasi BAAning «Al-Ayn» jamoasiga qarshi o‘yin o‘tkazdi.

Uchrashuvning birinchi bo‘limida ikki jamoa ham ochiq futbol namoyish etdi. Avvaliga, 8-daqiqada mehmonlar Umar Abdulrahmonning jarima zarbasidan kiritgan goli evaziga hisob ochildi, ko‘p o‘tmasdan, 10-daqiqada Vadim Chemirtan hisobni tenglashtirdi.

15-daqiqada esa mehmonlarning yana bir hujumchisi Lukas Kayo jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Birinchi bo‘lim yakunida Doston Hamdamov hisobni tenglashtirdi.

Ikkinchi bo‘limda ham toshkentliklar jamoasi hujumkor o‘yin namoyish etdi. Ammo o‘yinning 72-daqiqasida Akrom Komilov qizil kartochka oldi va bu o‘yindagi burilish nuqta bo‘ldi. Bir kishi kam bo‘lib qolgan mezbonlar o‘yinning qolgan vaqtida vaziyatni o‘zgartira olishmadi, 89-daqiqada esa avstraliyalik hakam mezbonlar darvozasiga penalti belgiladi va 11 metrlik nuqtaga yaqinlashgan Umar Abdulrahmon aniq harakat qildi - 2:3.

Shu tariqa «qaldirg‘ochlar» OChL musobaqasidagi qatorasiga ikkinchi mag‘lubiyatini qabul qildi. «Bunyodkor» guruh bosqichini Saudiyada «Al-Ahli»dan yengilish bilan boshlagandi — 0:2.

OChL–2017. S guruhi, 2-tur
«Bunyodkor» (O‘zbekiston) – «Al-Ayn» (BAA) 2:3
Gollar: Vadim Chemirtan (10), Doston Hamdamov (43) – Umar Abdulrahmon (8, 89), Lukas Kayo (15)
«Bunyodkor»: Murodjon Zuhurov, Rustam Ashurmatov, Akram Komilov, Dushan Michich, Javlon Ibrohimov, Eldor Shomurodov, Vadim Chemirtan, Alisher Sanoyev (Otabek Shukurov, 54), Dostonbek Hamdamov, Nurillo To‘xtasinov (Xurshid G‘iyosov, 73), Dilshod Ahmadaliyev (Javohir Esonqulov, 90).
«Al-Ayn»: Holid Eysa, Ismoil Ahmad, Lukas Kayo, Umar Abdulrahmon, Ahmad Barman (Danillo Asprilla, 69), Holid Abdulrahmon, Muhammad Al Raqiy, Moxnad Salim, Nosir Al Shamroni (Diaki, 66), Li Myung Ju, Bandar Al Ahbabi (Dovud Ali, 36).

Ogohlantirishlar: Vadim Chemirtan (27), Nurillo To‘xtasinov (30), Akram Komilov (67), Rustam Ashurmatov (90) – Ahmad Barman (45).
Chetlatish: Akrom Komilov (72).

Mavzuga oid