Jamiyat | 16:38 / 02.03.2017
5891
3 daqiqa o‘qiladi

Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni joylarga chiqib o‘rganuvchi Toshkent hududiy kengashi tuzildi

Foto: O‘zA

2017 yil 1 mart kuni xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi yigirmanchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda qonuniylikni mustahkamlash, ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni va dori vositalari ta'minotini yanada yaxshilash va Kengash vakolatiga doir boshqa qator masalalar ko‘rib chiqildi. Sessiyani Toshkent shahar Kengashi raisi, shahar hokimi Rahmonbek Usmonov olib bordi. Bu haqda poytaxt hokimiyatining Axborot xizmati xabar bermoqda.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan sog‘liqni saqlash tizimining holati, muammolari va rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlab o‘tkazilgan majlislarda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli ijro etilishini ta'minlash, shu jumladan aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish samaradorligini, tibbiy madaniyatini yanada oshirish, ushbu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish va amaliyotga samarali tatbiq qilish borasidagi ishlarni tashkil etishga ko‘maklashish, shuningdek, «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining ijro etilishi va unga so‘zsiz amal qilinishi borasidagi deputatlar nazoratining ta'sirchan mexanizmlarini takomillashtirish oid masalalar ko‘rib chiqildi.

Joylarda o‘tkazilgan o‘rganishlar yakunlari aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish samaradorligining pastligi va sog‘liqni saqlash muassasalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash, ularni kerakli dori vositalari bilan doimiy ravishda ta'minlash zarurligini, ushbu muassasalarning bugungi kun talablariga muvofiq faoliyat yuritishi uchun mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmasdan kelinayotganligini  ko‘rsatgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2017 yil 24 fevraldagi “Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni, dori vositalari ta'minotini yanada yaxshilash, ushbu sohadagi qonunchilikni amaliyotga samarali tatbiq etishga ko‘maklashish, shuningdek, bu sohada parlament va deputatlar nazoratini samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni va dori vositalari ta'minotini yanada yaxshilash, ushbu sohadagi qonunchilikni amaliyotga samarali tatbiq qilish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent shahar hududiy komissiyasi tuzildi.

Hududiy komissiyaning asosiy vazifalari etib, Toshkent shahridagi sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni va dori vositalari ta'minotini yanada yaxshilash borasidagi faoliyatini joyiga chiqib o‘rganish, o‘rganish natijalarini shahar Kengashi sessiyalarida muntazam muhokama qilib borish, aniqlangan muammolarni joyida bartaraf etilishiga doir choralar ko‘rish, sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish belgilandi.

Mavzuga oid