Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Uyim renovatsiyaga tushsa nima bo‘ladi?» – Eng dolzarb savollarga javoblar
Renovatsiya haqidagi qonun qabul qilingach, ko‘pchilikni bir xil savol qiynamoqda: “agar uyim renovatsiya hududiga tushsa, mening roziligimsiz buzilishi mumkinmi? Kompensatsiya qanday hisoblanadi? Uy bahosiga rozi bo‘lmasam-chi?” Kun.uz shu kabi savollarga mas’ul idoralar vakillari bilan o‘tkazilgan suhbatda javob izladi.
Shahar — tirik organizm. Uni to‘xtatib bo‘lmaydi
Renovatsiya bo‘yicha eng ko‘p muhokama qilinayotgan masalalardan biri – bu jarayon Toshkentni yanada katta qurilish maydoniga aylantirib yubormaydimi, degan xavotir hisoblanadi. “Toshkent Invest Kompaniyasi” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Rustam Qodirovning ta’kidlashicha, shaharni rivojlantirish tirik organizm bilan ishlashdek murakkab jarayondir.
“Shaharni rivojlantirish - bu xuddi anesteziya qilinmagan, ya’ni yurib turgan, harakatdagi odamning urib turgan yuragini operatsiya qilishdek gap. Mashina dvigatelini o‘chirib ta’mirlash mumkin, lekin tirik shahar organizmini to‘xtatib bo‘lmaydi. Shaharni rivojlantirish o‘zi aslida juda og‘ir va murakkab jarayondir. Toshkentda qurilishga bo‘lgan bunday yuqori talabning tub negizi esa 2017 yilda propiska tizimining butunlay bekor qilinganiga borib taqaladi. Bu islohot viloyatlardan kelib, poytaxt rivojiga hissa qo‘shish, shu yerda yashash va mulk sotib olish istagida bo‘lgan minglab fuqarolarga yo‘l ochdi va tabiiy ravishda uy-joyga bo‘lgan ehtiyojni keskin oshirib yubordi”.
Eng bahsli norma — 80 foiz rozilik
Jamoatchilikda eng ko‘p muhokama qilinayotgan masala — agar mulkdorlarning 20 foizi renovatsiyaga mutlaqo qarshi bo‘lsa, ularning huquqlari qanday ta’minlanishi.
“Biz konstitutsiyani inson qadrini eng oliy qadriyat sifatida oldikmi, endi inson qadrining o‘sha konstitutsiya bilan mutanosibligini ta’minlash maqsadida uning mulki daxlsizligini ta’minlab berishimiz kerak. Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonunimizning 13-moddasida “renovatsiyada ishtirok etish faqatgina ixtiyoriylik asosida” deyilgan, ya’ni eng asosiy bizning fundamental tamoyillarimizdan biri sifatida ushbu qonunimizda ixtiyoriylik masalasini ilgari surdik”, - dedi Adliya vazirligi mas’ul xodimi Nuriddin Shermatov.
Uning ta’kidlashicha, agar mulkdorlarning 80 foizi loyihani qo‘llab-quvvatlasa ham, qolgan 20 foizning huquqlari qonun bilan himoya qilinadi. Asosiy qoidaga ko‘ra, norozi mulkdorlarning mulki daxlsiz saqlanadi va imkoni bo‘lsa, loyiha ularni chetlab o‘tgan holda amalga oshiriladi. Faqat davlat va jamiyat ehtiyojlari taqozo etgan alohida hollarda mulk sud qarori hamda adolatli kompensatsiya evaziga olinishi mumkin.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, kompensatsiya faqat uyning bozor qiymati bilan cheklanmaydi. Unda hovlidagi ko‘p yillik daraxtlar, moddiy bo‘lmagan qadriyatlar hamda madaniy va ma’naviy ahamiyatga ega omillar ham inobatga olinadi.
Shuningdek, qonun amaliyotga tatbiq etilgach, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarni yagona yondashuv asosida hal qilish uchun Oliy sud plenumining qo‘shimcha tushuntirishlari qabul qilinishi kutilmoqda.
Fuqaro mustaqil baholovchi chaqirishi mumkin
“Toshkent Invest Kompaniyasi” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosariga ko‘ra, fuqaro o‘z uyining bozor qiymatini istalgan mustaqil baholovchi tashkilotga baholatishi mumkin.
“Qonunga ko‘ra, uy-joyning bozor qiymatini xususiy baholash tashkilotlari aniqlaydi. Agar fuqaro tashabbuskor (davlat yoki investor) tomonidan o‘tkazilgan baholash natijasidan norozi bo‘lsa, u o‘zi istagan mustaqil baholash tashkilotini jalb qilib, mulkini qayta baholatish huquqiga ega. Agar mustaqil baholovchi tomonidan aniqlangan qiymat yuqoriroq chiqsa, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, tashabbuskor ushbu baholash natijasini inobatga olishi va kompensatsiyani shu qiymatdan kelib chiqib belgilashi lozim. Shu tariqa fuqarolarning mulki bozor qiymatida baholanishi va ularning manfaatlari himoya qilinishi ko‘zda tutilgan”.
Renovatsiya haqidagi barcha ma’lumotlar yagona platformada joylashtiriladi
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bosh yuriskonsulti Abduvali Muxtorov yangi qonunda yana bir muhim yangilik – “Shaharsozlik renovatsiyasi” platformasi tashkil etilishi nazarda tutilganini ma’lum qildi.
“Aholi uchun yana bir muhim qulaylik shundaki, bu qonunda Shaharsozlik renovatsiyasi platformasini ishga tushirish nazarda tutilgan. Ushbu platformada amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan har bir renovatsiya hududi bo‘yicha batafsil ma’lumotlar joylashtiriladi. Xususan, renovatsiya tashabbuskori kimligi, loyiha kim tomonidan amalga oshirilayotgani, hududda qanday qurilishlar olib borilishi va qaysi obektlar qurilishi rejalashtirilgani ochiq va shaffof tarzda e’lon qilinadi. Bu esa jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, renovatsiya jarayonlarining shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalarining ushbu platformadagi ma’lumotlarni keng jamoatchilikka yetkazishdagi amaliy ko‘magi ham muhim ahamiyat kasb etadi”.
Suhbat davomida fuqarolardan kelgan qator amaliy savollarga javob bor. Xususan, renovatsiyaga tushgan uyda qolishni istagan mulkdorlarning huquqlari, otasi nomiga rasmiylashtirilgan uyda farzandlari yashab kelayotgan holatlar, shuningdek, yillar davomida egalik huquqi rasmiylashtirilmagan hovli qismining “qizil chiziq”dan tashqarida qolishi kabi vaziyatlarga huquqiy tushuntirishlar berildi.
Suhbatning to‘liq videosini Kun.uz’ning YouTube kanali orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
10:20
Andijonda davlat zaxirasidagi yerni 160 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan fuqaro ushlandi
10:16 / 02.07.2026
“Yangi uyda yashashni hamma xohlaydi” - toshkentliklar renovatsiyaga qanday fikrda?
11:58 / 01.07.2026
Ko‘p kvartirali uylarda yashovchilar soni avval aytilgan rasmiy raqamlardan ancha kamligi ma’lum bo‘ldi
09:00 / 01.07.2026