Jamiyat | 17:05 / 02.03.2017
11922
6 daqiqa o‘qiladi

Tanaga bitilgan «maktublar»

Foto: Kun.uz

...Iltimos, rahmingiz kelsin. Badanim ilma-teshik bo‘lib, zirqirab og‘riyapti... Bu oh-vohlar qayerdan kelayotganiga hayron bo‘lib, atrofga razm solaman. Biror sharpa ko‘rinmaydi. Ingragan ovoz yana takrorlanadi... 

Ulkan chinor daraxti savlat to‘kib turibdi. Yerdan to qo‘l yetar nuqtasigacha turli e'lonu, reklamalar ilib tashlangan. Chinor tanasidagi qog‘oz parchalariga ko‘z tashlayman. «...sotiladi», «...sotib olaman», «...ishga taklif etamiz» va hokazo. E'tiborimni o‘ziga jalb etgan e'lonlardan yana biri «Daraxt arralaymiz!». Bu go‘yoki, daraxtga «sening kushandangman», degandek tuyuladi. E'lonlarning aksari oddiy qog‘ozda daraxt tanasiga yelimlangan bo‘lsa, ba'zilari maxsus taxtachaga bitilib mustahkamroq bo‘lsin, deya mixlab tashlangan. 

Bugun XXI asrda yashayapmiz. Texnika asri deya «ardoqlanayotgan» bu davrda, ayniqsa, tabiat ne'matlarining qadri toptalgandek, nazarimda. Boisi «Reklama — taraqqiyotni harakatlantiruvchi kuch», deb fikr yuritilayotgan bir paytda afsuski, bizni toza havo bilan ta'minlab turgan yashillik olami ham  hatto reklama domiga tortilayotir. Deyarli har birimiz kun davomida duch keladigan, odatda tabiiy hol sifatida qabul qilayotganimiz daraxtlarning «E'lonlar taxtasiga» aylanib qolgani kishini mulohazaga, mushohadaga chorlaydigan dolzarb muammolardan biri aslida. 

Reklama, e'lon tarqatuvchi «shovvozlar» daraxt tanasi bilan qanoatlanmay, bekatlar, ko‘p qavatli uy, devor va yo‘laklariga ham «iz» qoldirib ketayotganini nima deb baholashni bilmaysan kishi. Har kuni ishdan qaytib, ko‘p qavatli uyning kirish eshigiga yopishtirilgan ikki-uchta ana shunday e'lonni olib tashlashimga to‘g‘ri keladi. «E'lon ilmang, jarima falon so‘m!», degan ogohlantirishdan ham tap tortishmaydi. Negaki, biz uchun bu po‘pisa o‘tmaydi, ko‘rib qo‘y, degandek ogohlantirish qog‘ozining ustiga o‘z e'lonini ilib qo‘yishadi. 

Odatda bunday mashg‘ulot bilan shug‘ullanuvchilar ishi kechqurun boshlanadi. Ularni kuzatarkanman juda chaqqonlik bilan yo‘lakdagi har bir daraxt tanasiga «muhr» qoldirib ketishiga guvoh bo‘ldim. Ko‘pchiligi o‘smir yigitlar bo‘lgan bunday uddaburonlar bilan suhbatlashishga harakat qilaman.

— Nega daraxt tanasiga qog‘oz yelimlab tashlayapsiz?
— Qayerga ilish kerak?
— Maxsus joylar yo‘qmi, shunday e'lonlar uchun?
— Bor, lekin juda oz. Bo‘sh joy topilmaydi.
— Bu kimning e'loni?
— Pulini to‘lasa kim qanday e'lon bersa ham yopishtirib chiqaveraman. 
— Xizmat haqqi qancha?
— Har bir e'lon uchun 300-500 so‘mgacha olaman.
Qitmirlik qilgim keladi. — Hammasini joyladim, deb yolg‘on gapirib pulni olib yursa ham bo‘ladiku?
— Ey aka, ishni to‘g‘ri bajarib, pulni halollab olish kerak.

Ana sizga to‘g‘ri yashashu, halollikdan saboq. Qarang, qilayotgan ishining o‘zi qanchalik noto‘g‘ri, o‘zgalar mehnatining oyoq osti qilish bo‘lsa ham aytilgan topshiriqni yakuniga yetkazmaslikka vijdon yo‘l qo‘ymaydi. Nega endi seni toza havo bilan ta'minlab, tiriklik baxsh etayotgan, jaziramada soya tutayotgan daraxt tanasini «bezashga» qolganida vijdon bir bor bo‘lsa-da, o‘yg‘onmaydi? 

— Har kuni necha yuzlab e'lonlarni tozalashga to‘g‘ri keladi, — deydi obodonlashtirish xodimi. — Ochig‘i, supirib-sidirib qo‘ygan yering hech qancha vaqt o‘tmay yana eski holiga qaytganini ko‘rib, mehnatimga achinaman. E'lon osuvchilar kech tushgach paydo bo‘lgani uchun kunduzi ularga ro‘para bo‘lmaymiz. Ularni uchratsam daraxt, devorlarga qog‘oz yopishtirmaslik, qo‘lingizdagi axlatni duch kelgan yerga irg‘itmaslikning nahot iloji bo‘lmasa, degim keladi.

Bugun ertalab ishga ketayotib yana o‘sha azim chinor yonidan o‘tdim. Negadir bir zum to‘xtab qoldim. U zorlanib nido qilayotgandek tuyuldi, menga. Musaffo havomizning beminnat qo‘riqchilariga mana shunday beayov munosabatda bo‘lsak, uning ham bir kun sabr kosasi to‘ladi, tabiat o‘z ne'matlari uchun o‘ch oladi. 

Yo‘l bo‘yi shu haqda o‘ylab keldi-mu, fikrlarimni siz bilan bo‘lishishga ahd qildim.   

Xayrullo ASTANAQULOV,
jurnalist

Mavzuga oid