20:19 / 04.03.2017
6515

NYT: Uber ko‘p yildan beri turli davlatlar hukumatlarini aldab kelgan

Uber taksi onlayn-xizmati o‘zining xizmatlari uchun o‘rnatgan past narxlari sababli faoliyati cheklangan yoki taqiqlangan davlatlarning hukumatlarini bir necha yildan beri aldab kelmoqda, deb yozmoqda New York Times nashri.

Nashrga Uber’ning 4 nafar sobiq va amaldagi xodimlarining ma'lum qilishicha, taksi xizmati Greyball isntrumenti yordamida Uber dasturi va boshqa usullar yordamida to‘plangan ma'lumotlardan xizmatga qarshi chiquvchi amaldorlarni aniqlash va ularni chetlab o‘tish uchun foydalanadi.  

Bu instrument VTOS (xizmat shartlari qoidabuzarligi) dasturining bir qismi hisoblanadi va u kompaniya fikricha, dasturdan noto‘g‘ri foydalangan odamlar xizmatdan foydalana olmasliklari uchun mo‘ljallangan. 

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, amaldorlarni chetlab o‘tishning yo‘llaridan biri hukumat binolari atrofidagi geohududlarni xaritada belgilab chiqishdir. Kompaniya bu hududlar yonida Uber dasturini tez-tez ochib-yopadiganlarni kuzatadi va ularni huquq-tartibot idoralari xodimlari sifatida belgilaydi.  

Xizmat shuningdek mijozning kredit kartalari haqidagi ma'lumotni to‘plab, kartaning hukumat muassasalari bilan bog‘langanini tekshiradi.   

Ta'kidlanishicha, bu instrument AQSh, Fransiya, Avstraliya, Xitoy va Janubiy Koreya shaharlari rahbariyatlarini chetlab o‘tish uchun 2014 yil oxiridan ishlatib kelinadi. Ba'zi mutaxassislar Greyball’ning qo‘llanishi noqonuniy bo‘lishi mumkinligini ta'kidlashmoqda. 

Uber sayt yoki mobil dastur yordamida taksiga buyurtma berishni taqdim qiluvchi onlayn-xizmatdir. Kompaniya 2009 yilda yaratilgan va uning bosh qarorgohi San-Frantsiskoda joylashgan.

Top