Sport | 23:01 / 06.03.2017
34814
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon chempioniga aylangan o‘zbekistonlik sportchini Arnold Shvartseneggerning shaxsan o‘zi tabrikladi

O‘zbekistonlik sportchilar 2-5 mart kunlari har yili AQShning Ohayo shtatida bo‘lib o‘tadigan mashhur Arnold Sports Festival sport musobaqasida ishtirok etishdi. 

Arnold Sports Festival AQShning eng nufuzli sport festivallaridan biri sanalib, shaxsan Arnold Shvartseneggerning o‘zi bu musobaqani bevosita qo‘llab-quvvatlab keladi. 

Shunisi quvonarliki, mazkur nufuzli musobaqada o‘zbekistonlik sportchilar o‘z mahoratlarini ko‘rsatib, sharafli o‘rinlarni zabt etishdi. 

Jumladan, Farrux Niyazimbetov Arnold Sports Festival sport musobaqasining sambo turi bo‘yicha barcha raqiblarni ortda qoldirib, faxrli birinchi o‘rinni egalladi va jahon chempioniga aylandi. 

U Kun.uz nashriga bergan intervyusida o‘z hayajonini quyidagicha izohlaydi: 

"Men musobaqaning Sambo yo‘nalishida ishtirok etdim va birinchi o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘ldim. Eng quvonarlisi, Arnold Shvartseneggerning shaxsan o‘zi men bilan uchrashib, qo‘limni siqdi. Unga O‘zbekiston nomidan ishtirok etayotganimni aytib o‘tdim. Bu damda qalbimda o‘tgan hissiyotlarni tushuntirib berish juda qiyin. Barcha qo‘llab-quvvatlagan insonlarga minnatdorchiligimni bildiraman".

Eslatib o‘tamiz, mazkur nufuzli musobaqaning masrestling yo‘nalishida yana bir o‘zbekistonlik sportchi Olesya Gureyeva sharafli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi va jahon chempioniga aylandi.

Феруза Авазова
Tayyorlagan Феруза Авазова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid