Jamiyat | 20:46 / 14.03.2017
13272
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda to‘y korteji ishtirokchilari o‘q uzganlari uchun javobgarlikka tortiladi

Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatida to‘y korteji ishtirokchilari to‘pponchalardan o‘q uzganlari videosi paydo bo‘ldi. 

Politsiyachilarning aytishlaricha, videorolikdagi voqea 11 mart kuni Janao‘zen-Aqtau yo‘lida yuz bergan. Unda janao‘zenlik uch kishi ishtirok etgan. "Lexus LX mashinasidan havoga o‘q uzgan, Janao‘zenda yashovchi 1997 yilda tug‘ilgan shaxsga nisbatan "Mayda bezorilik" va "Aholi punktlarida va maxsus ajratilmagan joylarda o‘qotar, gaz qurolidan o‘q otish" moddalari bo‘yicha bayonnoma tuzilgan. U 45380 tenge miqdoridagi jarimaga tortiladi", deyilgan xabarda.

Qoidabuzardan Stalker M906 rusumidagi shovqin to‘pponchasi tortib olindi. Shuningdek,  Lexus LX 570 egasi, 1997 yilda tug‘ilgan shaxs mashinani qalbaki davlat raqamlari bilan boshqargani aniqlangan. Unga nisbatan ham bir necha moddalar bo‘yicha bayonnoma tuzilgan. Qoidabuzarga nisbatan 113 ming tengelik jarima undirish yoki transport vositasini boshqarishdan bir yilga mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin.

Voqeaning yana bir ishtirokchisi, BMW avtomobilini boshqargan 1993 yilda tug‘ilgan shaxs "Taqiqlangan joylarda orqaga burilish yoki orqa bilan yurish" moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortildi. Unga solinadigan umumiy jarima miqdori 45 380 tengeni tashkil qilgan.

Ushbu qoidabuzarliklar bo‘yicha materiallar Janao‘zen ma'muriy sudiga ko‘rib chiqish uchun yuborilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid