Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Aholini raqamli televideniye bilan qamrab olish darajasi 100 foizga yetkaziladi
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha inson bir kunining o‘rtacha 3 soatini televizor qarshisida o‘tkazishga sarflaydi.
Qayd etish kerakki, bu nisbatan kamaygan ko‘rsatkich. Chunki, keyingi paytlarda internet ommalashishi bilan “zangori ekran” tomoshabinlari soni birmuncha qisqardi. Ammo bu internet televideniyeni butunlay chetga surib qo‘ydi, degani emas. Axir televideniye orqali yangiliklar, turli ko‘rsatuv va shoular, film hamda seriallarni ko‘rishning o‘ziga xos zavqi bor va shu jihat doimo ustunlik kasb etib turadi.
Albatta, har bir ko‘rsatuv ortida katta jarayon, minglab odamlarning mehnati yotadi. Bugun sohada tomoshabinlar sonini oshirish hamda auditoriyani kengaytirish uchun tasvir va ovoz uzatishning yangi texnologiyalari joriy etilmoqda, qo‘shimcha qulayliklar yaratish ustida tinimsiz mehnat qilinmoqda. Ana shunday innovatsiyalardan biri raqamli televideniye bo‘lib, u ayni paytda yurtimiz aholisi hayotidan ham chuqur o‘rin egallab bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bo‘lim boshlig‘i Sirojiddin Usmonov bilan suhbat mamlakatda aynan raqamli televideniyeni rivojlantirish istiqbollari xususida bo‘ldi.
— Raqamli televideniye paydo bo‘lishi bilan odamlarda shunday savol tug‘ila boshladi: uning analogli televideniyedan farqi nimada?
— Farqi juda ko‘p. Avvalo, bu tasvir sifatida ko‘zga yaqqol tashlanadi. Chunki tasvirni uzatish hamda qabul qilish jarayonida raqamli qayta ishlanishi yanada yuqori sifatga erishish imkonini beradi. Ilgari uydagi televizor juda kam holatlarda a'lo darajada ko‘rsatardi, ekrandagi tasvirlar jimirlashib, turli tashqi ta'sirlar kuzatilardi, tasvir tez-tez yo‘qolib qolar edi. Yangi shakldagi televideniyeda esa tashqi ta'sirlar sezilarli darajada kamayib, tasvirning ravshanligiga erishilgan.
Buni tovush sifatida ham ko‘rish mumkin. Avvallari televizorda tovush birmuncha noaniq chiqar, vijillab eshitilardi. Raqamli televideniyeda ovoz stereo yoki 5.1. shaklida uzatilishi bilan ham ustundir. Bugungi kundagi televizorlarga beshta oddiy va bitta past chastotali ovoz kuchaytirgichni ulab, uy kinoteatri muhitini yaratish mumkin.
Bundan tashqari, raqamli televideniyening joriy qilinishi butun respublika bo‘ylab yanada ko‘proq teledasturlarni namoyish etish imkonini beradi. Analogli TVda bitta uzatkich bitta dasturni yetkazib berardi. Tabiiyki, 12ta dasturni uzatish uchun 12ta uzatkich o‘rnatish kerak bo‘lardi. Bu esa radiochastota kanallari yetishmasligi sababli imkonsiz edi, qolaversa, katta xarajat talab qilardi. Raqamli televideniyeda bitta uzatkich 12 — 16ta dasturni tarqata oladi, bundan tashqari, mamlakatimiz miqyosida bunday tarmoqni yaratish birmuncha oson hisoblanadi.
— Boshqa mamlakatlarda raqamli televideniye qanchalik rivojlangan?
— Teleko‘rsatuvlarni yangi shaklda uzatish turli davlatlarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan va joriy qilingan. Misol uchun, Belarusda 2016 yilda raqamli televideniyega to‘liq o‘tildi, analogli signal uzatish to‘xtatildi. Qozog‘istonda esa 2012 yilda bir qator shaharlarda raqamli efir yo‘lga qo‘yildi. Litvada bu davrda DVB-T yangi raqamli standart joriy qilingan, o‘shandayoq analogli efirdan voz kechilgan. Rossiya esa 2018 yilda analogli efir uzatishni to‘liq to‘xtatadi. Bizning mutaxassislarimiz ham O‘zbekistonning o‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda, -boshqa mamlakatlar tajribasini o‘rganib chiqishdi.
— Harakatlar strategiyasining alohida bandida raqamli televideniye uchun asbob-uskunalar o‘rnatish belgilangan. Unga kim xizmat ko‘rsatadi? Ushbu uskunalar tashqi omillarga nechog‘li chidamli? Deylik, elektr ta'minoti uzilib qolsa, qanday ishlaydi?
— Mazkur hujjatga binoan, respublikamiz hududlarida 66ta yuqori quvvatli va 328ta kamquvvatli raqamli televideniye uzatkichini o‘rnatish hamda ishga tushirish belgilangan. Natijada mamlakat aholisini, shu jumladan, tog‘li va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi aholini raqamli televideniye bilan qamrab olish darajasi 100 foizga yetkaziladi.
Aytish joizki, zamonaviy asbob-uskunalarga xizmat ko‘rsatish texnik xodimlar zimmasiga yuklatiladi. Signal transport telekommunikatsiya tarmoqlari orqali uzatiladi va zarar yetgan hollarda, zaxira liniyalar, albatta, ishga tushadi. Ya'ni yuqori quvvatli raqamli teleuzatkichlar noqulay ob-havo sharoitida ham ishlashda davom etadi. Agar to‘satdan chiroq o‘chib qoladigan bo‘lsa, dizel generatorlar avtomatik ravishda ishga tushadi. Kamquvvatli uzatkichlarga maxsus xizmat ko‘rsatish talab etilmaydi. Ular yaqin atrofda joylashgan aholi punktidagi elektr quvvati tarmog‘iga ulanadi. Kamquvvatli uskunalarga signal sun'iy yo‘ldosh aloqa tarmog‘i orqali yetkazib beriladi. Shuning uchun judayam noqulay ob-havo sharoitida namoyish qilinayotgan tasvir va ovoz sifatida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin.
— Shahar-u qishloq aholisi qancha kanaldan foydalanishi mumkin bo‘ladi? Raqamli TVni ko‘rish uchun qanday uskunaga zarurat tug‘iladi?
— Yuqorida qayd etilgan jihozlar o‘rnatilganidan so‘ng fuqarolar raqamli televideniye bilan to‘liq qamrab olinadi. Bugungi kunda 12ta kanaldan iborat ochiq to‘plam mavjud bo‘lib, u izchil ko‘paytirib borilayapti. Bu to‘plamdan respublikamizning barcha hududida foydalanish mumkin bo‘ladi.
2016 yil oxirida DVB-T2 yangi standarti joriy qilinishi bilan bitta raqamli teleuzatkich yordamida 16ta teledasturni uzatish imkoniyati paydo bo‘ldi. Joriy yilda borish qiyin bo‘lgan va olis hududlarda aynan mana shunday kamquvvatli yangi avlod uzatkichlari o‘rnatiladi. Demak, olis tumanlar aholisi 12ta emas, balki 16ta dastur bilan, ya'ni 12ta davlat va 4ta nodavlat kanali bilan qamrab olinadi. Shu o‘rinda DVB-T2 standartida signal tashqi ta'sirlarga ancha chidamli hisoblanishini aytish kerak.
Ochiq to‘plamlar bepul. Shuningdek, xorij telekanallarini ko‘rish imkoniyati ham mavjud. Mazkur xizmat abonent to‘lovi asosida taqdim qilinadi. Bugungi kunda “UzDigital TV” MChJ tomonidan turli raqamli televideniye xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
Zamonaviy televizorlarning aksariyati, jumladan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotganlarida maxsus raqamli tyuner o‘rnatilgan. Ushbu uskuna DVB-T2 standartida ishlaydi. Unga oddiy antenna bo‘lsa, bas. Eski avlod televizorlari uchun “Set-top-Box” tyunerini xarid qilish kerak bo‘ladi. U yangi standartdagi to‘lqinni qabul qiladi. Mazkur qurilmani “UzDigital TV” ofislaridan olish mumkin. Shu bilan birga, ushbu kompaniyaning barcha tuman markazlarida vakolatxonalari va rasmiy distribyuterlarini ochish mo‘ljallanmoqda. Ularda abonentlarga zaruriy maslahat va xizmatlar ko‘rsatiladi.
— Analogli efir yana qancha muddat namoyish etiladi? Chunki hammaning ham televizori yangi formatga mos emas, tyunerlari ham yo‘q.
— Vazirlar Mahkamasining bu boradagi tegishli qarori loyihasi tayyorlangan. Hozirgi kunda ushbu hujjat mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqilmoqda, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilayapti. Analogli retranslyatorlarni efirga uzatish hukumat qarori bilan tasdiqlanadigan maxsus jadval asosida tugatiladi. Ungacha analogli televideniye raqamli televideniyega o‘tkaziladi. Eng muhimi, bu jarayon odamlar uchun muammo tug‘dirmaydi. Hujjatda, shuningdek, kam ta'minlangan oilalarga raqamli tyuner va boshqa qurilmalarni imtiyozli kreditlar asosida xarid qilish imkoniyatini yaratib berish ko‘zda tutilayapti.
R. Alisherov suhbatlashdi.
Mutaxassis maslahati:
Televizor xarid qilayotganda, DVB-T2 standartida ishlaydigan tyuner bor-yo‘qligiga e'tibor qaratish lozim. Mahsulotning texnik tavsifida bu haqida batafsil axborot berilgan bo‘ladi. Bunday televizor raqamli televideniyega ulanish uchun ortiqcha qurilmalarni talab qilmaydi. Bugungi kunda mamlakatimiz va xorijda ishlab chiqarilayotgan aksariyat televizorlarda DVB-T2 standartida ishlaydigan tyunerlar mavjud.
Mavzuga oid
18:46 / 05.09.2023
Bolalar uchun mo‘ljallangan Kivi Kids TV televizori taqdim etildi
22:37 / 20.01.2023
Belarusda shaffof televizor yaratildi
15:43 / 08.12.2022
Tadqiqot: Rossiyaliklar televideniyedagi propagandadan charchadi
09:23 / 15.11.2022