Sport | 19:48 / 22.03.2017
10666
2 daqiqa o‘qiladi

Samvel Babayan Suriyaga qarshi o‘yinning ahamiyati haqida gapirdi

JCh–2018 saralash bosqichi «A» guruhi 6-turidan o‘rin olgan Suriya – O‘zbekiston uchrashuvi oldidan O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan o‘yin borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Suriya hurmatga loyiq jamoa ekaniga nafaqat biz, balki butun Osiyo amin bo‘ldi. Toshkentda bo‘lib o‘tgan o‘yinda tashabbusga ega bo‘lishimizga qaramay, raqib himoyada mustahkam o‘yin namoyish qilgandi. Jamoa tartibli o‘yin ko‘rsatadi, tarkibida esa individual mahoratga ega bo‘lgan futbolchilar bor.

Asosiy maqsadimiz – JCh–2018 final bosqichiga chiqishdan iborat. Ushbu maqsadni ro‘yobga chiqarish uchun harakat qilyapmiz. Shu sababli har bir bo‘lajak o‘yin katta ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqib, ertaga eng muhim o‘yin arafasida turibmiz. Ayni vaqtda Rossiyaga yo‘l olish uchun necha ochko kerak ekanini hisoblash o‘rinsiz bo‘lardi. Muhimi har bir o‘yinga tayyorgarlik ko‘rib, imkon qadar ko‘p ochko olish kerak. Ochkolarni esa saralash bosqichi yakunida hisoblaymiz», – deya fikrini bildirdi Babayan.

Eslatib o‘tamiz, Suriya va O‘zbekiston uchrashuvi 23 mart kuni Malayziyaning Malakka shahridagi Hang Jebat Stadium stadionida bo‘lib o‘tadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 17:00 da start olishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid