O‘zbekiston | 20:10 / 23.03.2017
4370
2 daqiqa o‘qiladi

Dehlida O‘zbekiston va Hindiston maslahatlashuvlarining navbatdagi raundi o‘tkazildi

23 mart kuni Dehli shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning o‘n uchinchi raundi bo‘lib o‘tdi.

Hindiston delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Priti Saran boshchilik qildi.

Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlar, shuningdek, BMT, ShHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikning holati batafsil ko‘rib chiqildi hamda xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashildi.

Ikki tomon ham ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat berishi, turli darajalardagi doimiy muloqotning davom ettirilishidan manfaatdor ekanligi qayd etildi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Prezidenti Pranab Mukerjining mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan o‘zaro almashgan tabrik maktublarida ham o‘z tasdig‘ini topgan.

Uchrashuvda Toshkent shahrida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Hindiston Hukumatlararo komissiyasi 11-yig‘ilishining kelishilgan muddatlarda o‘tkazilishi o‘zaro manfaatli savdoni kengaytirish, ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalar, shu jumladan xorijiy investorlarga ulkan bojxona va soliq imtiyozlarini beradigan O‘zbekiston iqtisodiy hududlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga imkoniyat yaratishiga ishonch bildirildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi hindistonlik hamkasblarining iltimosiga ko‘ra ularni O‘zbekiston Prezidenti tomonidan qabul qilingan 2017-2021 yillarda mamlakatni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining asosiy mazmuni bilan tanishtirdi. Ushbu strategiyani amalga oshirishda Hindiston vakillari ham ishtirok etishi mumkinligi e'tirof etildi.

Maslahatlashuvlar davomida diplomatlar tomonlarni qiziqtirgan boshqa dolzarb masalalarni ham ko‘rib chiqishdi.

Mavzuga oid