Ma'lumki, yong‘in xavfsizligini ta'minlash masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Chunki, “tilsiz yov” moddiy boyliklarni butunlay yaroqsiz holatga keltirish bilan birgalikda insonlarning hayotiga ham zomin bo‘lmoqda. 2017 yilning hozirgi davriga qadar viloyatimiz hududida 78 ta yong‘in qayd etilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6 taga kamayganini ko‘rsatmoqda. Ming afsuski, yong‘inlar natijasida 2 nafar fuqaroning halok bo‘lish va 3 nafar fuqaroning tan jarohati olish holati qayd etilgan.

Aksariyat yong‘inlar olovdan ehtiyotsizlik, isitish pechlari va elektr uskunalari sababli yuzaga kelayotganligini e'tiborga olib, soha xodimlari tomonidan mazkur jabhalarda targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirishga alohida e'tibor qaratilayotir.

Shu sababli soha xodimlari profilaktik ishlarni viloyatimizning barcha jabhalarda keng miqyosda olib bormoqda. Joriy yilning 24 mart kuni ana shunday uchrashuvlardan biri Baxmal tumani tibbiyot birlashmasida ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.

Garchi, birlashma rahbariyati uchrashuv o‘tkazilishidan bir kun oldin “Yong‘in xavfsizligini ta'minlash – dolzarb masala” mavzusida seminar-uchrashuv o‘tkazilishi haqida ogohlantirilgan bo‘lsa-da, birlashma hududida mavzuga mutlaqo teskari holatning guvohi bo‘ldik:

– muassasa tashkiliy-uslubiy bo‘limga kirganimizda bu yerda bir nechta qo‘lbola elektr isitish moslamasi ochiqdan-ochiq foydalanilayotganligi, garchi bu yong‘in xavfini keltirib chiqarishi mumkinligi ayon bo‘lib, hatto pech joylashgan polning yuqori harorat ta'sirida o‘z rangini o‘zgartirib, yong‘inning ilk alomati hisoblangan “qora dog‘”ning paydo bo‘lishiga qaramay, muassasa xodimlari bunga mutlaqo e'tiborsiz bo‘lgan;

– muassasa devonxonasiga kirganimizda bu yerda ham elektr isitish pechi o‘rnatilgani, ammo xodim yong‘in xavfsizligi va mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomadan o‘tmaganligi, muassasada xodimlarning xavfsizlik qoidalari bilan tanishtirish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgani xodimning o‘zini tutishidan ham ayon bo‘lib qoldi. Vaholanki, qoida bo‘yicha mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi bo‘yicha muassasa rahbariyati tomonidan alohida buyruq chiqarilishi va xodimlar tomonidan imzo qo‘ydirish yo‘li bilan doimiy tanishtirib borilishi zarur edi;

– elektr qalqoni joylashgan xona butunlay qarovsiz qoldirilib, ortiqcha narsalar saqlanadigan “omborxona”ga aylantirilgan. Bu yerdagi vaziyat “chiqindixona”ni eslatadi. Vaholanki, elektr qalqoni saqlanadigan xonalarga alohida xavfsizlik qoidalari qo‘yiladi. Chunki, birinchidan, ushbu xonada yuqori kuchlanishli elektr simlari o‘tgan bo‘lib, bu insonlar hayoti va salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi. Ikkinchidan, binodagi umumiy kuchlanishni ham aynan shu xonadan boshqarish mumkin, ya'ni agar binoning boshqa xonalarida yong‘in yuzaga kelganda ham aynan shu xonadan elektr kuchlanishini o‘chirib, so‘ng yong‘inni bartaraf etishga kirishish zarur. Shu sababli xona toza va doimiy nazoratda bo‘lishi talab etiladi. Ushbu holatda esa mutlaqo teskari vaziyatni ko‘rish mumkin;