Volontyorlik – jamiyatga foyda keltirishning zamonaviy yo‘li
Bir kuni kafelardan biriga kirdim. U yerda odamlar gavjum, shovqin-suron… Ovozlarni eshitmaslikka harakat qildimu, lekin yonimda bo‘layotgan muhokamani jon dilim bilan eshitdim. Bir guruh qizlar “yurtimizdagi volontyorlik sohasi, uning rivoji, kerakli g‘oya va IT texnologiyalar” haqida bahs olib borardi…
Shunday qilib volontyorlik nima? Ushbu sohaning dunyoda va yurtimizda o‘rni, rivoji qay darajada?
Volontyorlik asli fransuzcha volontaire so‘zidan olingan bo‘lib, «ko‘ngilli», “o‘z xohishiga ko‘ra ish qiluvchi” ma’nolarni anglatadi. Volontyorlik harakati - hozir dunyoda keng tarqalayotgan mashhur sohalardan bo‘lib, istagan soha, maqom, lavozimdagi odamlar, ko‘ngillilar qatorida bo‘lib jamiyat, insonlarning turli muammolari yechimiga, ularning hayoti har tomonlama yaxshilanishiga xizmat qiluvchi, shunga doir turli loyihalar tuzuvchi va eng asosiysi, mablag‘ yoki biror moddiy yordam talab qilmaydigan, bir ezgu maqsad sari birlashgan guruhga aytiladi. Bunda esa, kishi o‘z xohishi, savob qilish va yordam berish istagi orqali volontyorlarga qo‘shilishi mumkin.
Masalan e’tibor bergan bo‘lsangiz, ba’zi supermarketlarda maxsus ehson qutilari bor. U yerga tushgan mablag‘ turli kasalliklar bilan og‘rigan bolalar, odamlarning muolajasiga sarflanadi.
Volontyorlik termini va ushbu soha rivojlanishi ko‘p yillik tarixga ega emas. U ilk marta Yevropada 1990 yili jamiyatning madaniy, iqtisodiy, ekologik yo‘nalishlarida tuzilgan Xalqaro Ko‘ngillilar Assotsiatsiyasining XI Kongressida volontyorlik harakati tuzilgandan boshlab, ommalasha boshladi.
Volontyorlar harakatini tashkil qilishdan asosiy maqsad esa aholini, ayniqsa, yoshlarni jamiyat hayotiga yana ham jalb qilish bilan, bag‘rikenglik, o‘zaro yordam, hurmat, sabr, o‘zgalar muammosiga befarq bo‘lmaslik, daxldorlik hissi va boshqa fazilatlarni rivojlantirish orqali, fuqarolik jamiyatini barpo qilish - bosh vazifa qilib belgilangan. Aynan shuning uchun butun dunyo beg‘araz volontyorlikni targ‘ib qilmoqda. Yevropa Hamjamiyati bu yo‘lda ilk qadamini 2001 yilni “Volontyorlik yili” deb e’lon qilish bilan boshladi.
Agar volontyorlar soni 1987 yilda 80 million bo‘lsa, 2009 yilga kelib esa, 130 millionni tashkil etdi. Ularning asosiy qismini yoshlar tashkil etadi.
Volontyorlikka kirish esa, istagan odamning o‘z individual harakatidan ham boshlanadi: masalan, tekinga, yaxshilik uchun qabrlarni ozoda saqlab, tozalab yurish, me’morchilik obidalarini ta’mirlash, quruvchilarga yordam berish va hokazo. Albatta, bular savob ish uchun qilingan yordam bo‘lishi mumkin, lekin volontyorlik shunday kichik ishlardan boshlanadi.
Volontyorlar guruhi, boshqa sohalar kabi o‘z maqsadlariga erishishda, oldilariga turli vazifalarni qo‘yganlar:
-Mustaqillik;
-O‘zaro birlik;
-Universallik;
-Insonparvarlik;
-Xolislik;
-O‘zaro hurmat.
Har bir volontyor guruhi kimga yoki nimaga, nima uchun yordam berishayotganini aniq bilgan holda, loyihalarini aniq belgilab oladilar. Misol uchun, o‘zim uchratgan volontyor qizlarning loyiha rejasi quyidagicha: ular IT, kompyuter dasturlari sohasida 15-18 yoshlar atrofida bo‘lgan qizlarni jalb etish va shu orqali jamiyatda qizlarning rolini yanada oshirishdir. Ularning telefon ilovalari uchun 4 ta loyihasi bor:
1. Kimdir kelajakda qaysidir kasb egasi, masalan, xonanda bo‘lmoqchi bo‘lsa, o‘ziga kerakli barcha ma’lumot, telefon raqamlari, kerak bo‘lgan manzillargacha aks etgan, maxsus, bepul ilova ishlab chiqish;
2. Yurtimiz xaritalarini Google orqali yanada mukammalashtirish, xato yoki xarita to‘lmagan joylarni to‘ldirish, xaritani hamma tushunuvchi holatga keltirish. Bu orqali sayyohlarga, aholiga yordam berishga mo‘ljallangan ilova ishlab chiqish;
3. Har kimda mavjud turli keraksiz buyumlarni muhtoj odamlarga qulay tarzda jo‘natish uchun mo‘ljallangan maxsus ilova ishlab chiqish;
4. Yoshlar qilmoqchi bo‘lgan maqsadlarni amalga oshirishga, masalan, IELTS’ga tayyorlanuvchilar uchun yordam beruvchi, kerakli ma’lumot, xabarlarni yetkazuvchi maxsus ilova ishlab chiqish.
Yuqorida aytilgan, volontyorlar shunday ilova, dasturlarni xalq uchun, biz uchun qilishayotgan ekan, ular jamoatchilik fikrlari orqali qaysi loyiha ko‘proq manzur va kerak bo‘lishini bilib olishlari muhim. Shuning uchun, ular ham men va boshqalardan o‘sha zahoti, kerakli fikrlarni olishdi.
Albatta, ana shunday o‘sayotgan volontyorlar harakatiga parvozlar tilagan holda, aytmoqchimanki: hozirda dunyoda soatlab turli soha, texnologiya, axborot va xizmatlar rivojlanmoqda, ularning aksariyati esa, ezgu maqsad yo‘lida emasligi barchamizga ayon…
Lekin, shunday xizmatlar orasida insonning hayotini, yashash tarzini, faoliyatini biron mablag‘ talab qilmay yaxshilovchi, bunga ko‘maklashuvchi xizmatlar ham bor. Ana shu harakat a’zolari esa, oramizda yurib, izlanishmoqda, yordam berishmoqda. Shunday ekan, biz ularga yordam berishimiz, ularning loyihalarida qatnashib, yaxshilik yo‘lida jamiyatni yangi pog‘onaga olib chiqish uchun intilishimiz kerak.
Nozima Olimova
O‘zMU Jurnalistika fakulteti talabasi
Mavzuga oid
11:52 / 24.01.2024
Volontyorlik loyihalarini amalga oshirish uchun mablag‘ ajratish boshlanadi
11:47 / 06.10.2022
Yoshlar ishlari agentligi volontyorlik sohasidagi maxsus vakolatli organ etib belgilanadi
07:27 / 20.08.2022
Yoshlar ishlari agentligining volontyorlik sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda
10:56 / 13.04.2022