O‘zbekiston | 18:39 / 24.02.2026
1707
2 daqiqa o‘qiladi

«Volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash» jamg‘armasi tashkil qilinadi

Ushbu jamg‘armaga har yili budjetdan 20 milliard so‘mdan mablag‘ beriladi. Bunga qo‘shimcha viloyat hokimlari ham mahalliy budjetdan 3 milliard so‘mdan ajratadi.

Toshkentdagi «Ko‘ksaroy» qarorgohida prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Unda ta’kidlanishicha, dunyo aholisining 10 foizdan ortig‘i volontyorlik bilan shug‘ullanmoqda. O‘zbekistonda ham volontyorlik faoliyatining huquqiy asosini yaratilgani, Volontyorlar maktabi, oliygohlarda markazlar tashkil qilingani hisobiga bunday yoshlar 5 karra ko‘paydi. Ekologiya, tibbiy xizmat, ta’lim, favqulodda vaziyatlarda ko‘maklashish yo‘nalishidagi volontyorlarning soni 100 mingdan oshdi.

Mana shunday tashabbuskor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida vazirlik va idoralar rahbarlari, faol ko‘ngilli yoshlardan iborat Volontyorlik harakatini rivojlantirish bo‘yicha Vasiylik kengashini tashkil qilish taklif etildi.

Yoshlar ishlari agentligida «Volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash» jamg‘armasi tashkil qilinadi. Ushbu jamg‘armaga har yili budjetdan 20 milliard so‘mdan mablag‘ beriladi. Bunga qo‘shimcha viloyat hokimlari ham mahalliy budjetdan 3 milliard so‘mdan ajratadi.

Mazkur mablag‘lar hisobidan yoshlarning volontyorlik loyihalariga 100 million so‘mgacha grant beriladi. Ko‘ngilli yoshlarga «ijtimoiy faollik kartasi» ochilib, ekologiya, ijtimoiy himoya, tibbiyot, ta’lim, jamoat xavfsizligi kabi yo‘nalishlardagi ishtirokiga qarab, ball berib boriladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid