Brexit tayyor, ser: Endi YeI va London 60 milliard borasida bahsni boshlaydi
Buyuk Britaniya Yevropa ittioqfidan chiqish jarayonini boshladi: Qirollik bosh vaziri Tereza Mey parlamentda deputatlar oldida chiqish qildi, Bryusseldagi elchi Tim Berrou esa siyosatchining maktubini Yevrokengash raisi Donald Tuskka topshirdi.
To‘qqiz oylik kutishlardan so‘ng (Brexit borasidagi referendum 2016 yilning iyunida o‘tkazilgan edi) London rasmiy ravishda YeI oldidagi majburiyatlarini zimmasidan soqit qilmoqda. Britaniyaliklarni endi yuzlab milliard dollar qiymatida baholanayotgan "chiqish haqida shartlashuv" borasida murakkab muzokalar kutmoqda. Birgina "tovon" pullari (London ilgari to‘lashni o‘z gardaniga olgan, biroq haligacha moliyalashtirmagan loyihalar uchun mablag‘) 60 milliard yevro miqdorida baholanmoqda.
2016 yilda ikki muqobil variant ko‘rib chiqilayotgandi — "yumshoq" va "keskin" tark etish, lekin bu yilga kelib oydinlashdiki "yumshoq" Brexit’ga ishonadiganlar kam. Tereza Mey 17 yanvar kuni "aniq va qat'iy" tark etish haqida so‘z ochdi, bosh vazirning so‘zlaridan keskinlik alomatlarini sezish qiyin emasdi. Londan ishchi kuchining erkin harakatlanishiga qarshi, YeIga hech qanday to‘lov qilmoqchi emas va Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi yurisdiksiyasidan ham chiqmoqchi. Buning oqibatida Britaniya 500 million iste'molchini birlashtirgan yagona Yevropa bozoridan haydalishi ham mumkin.
Bu savdo-sotiq makonida ishtirok etish masalasi — Brexit atrofidagi bosh intrigalardan biri. YeIga a'zo bo‘lmagan davlatlardan ba'zilari, masalan, Norvegiyaning yagona bozorga kirishga ruxsati bor. Lekin bu huquq uchun YeIdan o‘z iqtisodiyotiga ishchi kuchi kiritishga majbur — sizdan ugina, bizdan bugina, deganlaridek. Axir Brexit xorijiy migratsiyani, jumladan, Yevropa ittifoqidan keladigan ishchi kuchlarini cheklash bandi borligi sababli saylovchilarga manzur tushgan.
Rivojlanishning eng yomon variantida Buyuk Britaniya hech qachon yevrointegratsiyaga intilmagan Shveytsariyadan ham kamroq aloqalarni saqlab qolishi mumkin. Alarmistlar (kelajakda hammasi yanada badtarroq bo‘lishiga ishonuvchi ayyuhannoschilar) 2019 yildan boshlab retsessiya yuz berishidan ogohlantirishmoqda, garchi hozirgi holada Birlashgan Qirollik iqtisodiy ko‘rsatkichlari me'yorida bo‘lsa ham.
Inglizcha tark etish — shartnomalarsiz
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Boris Jonson eng radikal muqobil — YeIni hech qanday bitimlar tuzmasdan tark etish haqida gapirmoqda. Siyosatchi YeI bilan iqtisodiy aloqalarni uzib, uning o‘rnini London uzoq xorij davlatlarining e'tiborsiz qoldirilgan bozorlarini egallash bilan qoplashi mumkin. Voqealar shunday tus oladigan bo‘lsa, YeI va oroldagi qirollik o‘rtasidagi munosabatlar Butunjahon savdo tashkiloti me'yorlari bilan tartibga solina boshlaydi, bu esa ikki tomonlama soliqqa tortish va har ikki taraf uchun ham eksport tushumining pasayishiga olib keladi. Bu holatda Fransiyaning yo‘qotishlari 4 milliard yevro miqdorida baholansa, Germaniyaning zararlari yanada kattaroq bo‘ladi.
Brexit’ning Jonson singari radikal kayfiyatda bo‘lmagan tarafdorlari Yevropa makonida ba'zi bir iqtisodiy imtiyozlarni saqlab qolgan holda YeIni tark etishni mo‘ljallashmoqda. Masalan, savdo bojlarini 3 foiz miqdorda muzlatib qo‘yish imkoniyati o‘ylab ko‘rilmoqda. Lekin bu masalada ko‘p narsa Yevropa ittifoqining pozitsiyasiga bog‘liq bo‘lib turibdi. YeI elitasi orasidan kechkin Brexit uchun qasos olishga chaqiruvlar ham yangramoqda — toki boshqa a'zolarga ham dars bo‘lmog‘i uchun. Muzokaralarning intrigasi — keskin brekzitchilarga qit'ada ulardan-da keskinroq raqiblar borligini bildirib qo‘yish.
Ularning sirasiga birinchi navbatda Yevrokomissiya raisi Jan-Klod Yunkerni va ba'zi bir istisnolar bilan, Fransiya prezidenti Fransua Ollandni kiritish mumkin. Ollandning ixtiyorida shohona dalil bor — migratsiyaga oid: chunki 2003 yilgi shartnomaga ko‘ra, fransuz hukumati qochqinlarni Buyuk Britaniyaga o‘tkazib yubormasdan o‘z hududida ushlab turadi. Bitimni qayta ko‘rib chiqib, Parij qit'a va Buyuk Britaniyani bog‘lovchi tunnel yaqinida joylashgan Kaldagi migrantlar lageri muammoasidan butunlay qutilishi mumkin. Biroq, sotsialistlar ma'muriyati qo‘lidagi bunday ustunlikdan foydalanish uchun tayyor emasga o‘xshaydi.
Endi nima bo‘ladi?
29 mart kuni Buyuk Britaniya YeI tarkibidan chiqishi haqida e'lon qilgach, koptok endi Bryussel tomonga o‘tdi. Kutilishicha, 31 mart kuni Yevrokengash raisi Donald Tusk Meyning maktubiga rasman javob beradi. Biroq, byurokratik to‘siqlar mavjudligidan muzokaralar, albatta, ancha keyin boshlanadi. Avvaliga Yevropa yetakchilari o‘z pozitsiyalarini ma'qullashtirish maqsadida oldindan mo‘ljallanmagan sammit o‘tkazib olishdi. Shundan so‘ng London va uning 27 sobiq hamkoriga bir to‘xtamga kelish uchun murakkab yo‘llardan yuriladigan yagona muzokara formatida uchrashishga to‘g‘ri keladi. Axir yakuniy shartnoma jarayonning barcha qatnashuvchilari tomonidan tasdiqlanishi kerak, ularning har biri de-fakto veto huquqiga ham ega.
Eksport kreditlarini sug‘urtalashga ixtisoslashgan Euler Hermes kompaniyasi voqealar optimistik tus olganida ham Britaniyaning tark etishi bilan bog‘liq detallar Yevropa konstitutsiyasi o‘rnini bosuvchi Lissabon shartnomasida ko‘zda tutilgan muddatlardan o‘tib ketadi, deya baholamoqda. Ushbu hujjatning 50-moddasiga ko‘ra tark etuvchi davlatga 2 yil ajratiladi. Biroq bir to‘xtamga kelishning iloji yo‘q bo‘lsa, qaysarlar uchun yana muddat qo‘shib berilishi mumkin. Euler Hermes tomonidan bayon etilgan ssenariyda Brexit bo‘yicha muzokaralar 2021 yilgacha davom etishi mumkin. Bu esa hali voqealar rivojining eng yomon varianti emas.
Mavzuga oid
20:45 / 12.11.2024
Angliyada birinchi akkumulyatorli poyezd sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi. U soatiga 120 km tezlikka chiqdi
18:15 / 12.11.2024
Buyuk Britaniya mudofaa ehtiyojlari uchun yadroviy yoqilg‘i ishlab chiqarishni qayta tiklashi mumkin
19:02 / 10.11.2024
The Guardian: Buyuk Britaniya hukumat almashganidan keyin Ukrainaga raketalar yetkazishni to‘xtatdi
00:46 / 10.11.2024