Sh.Mirziyoyevning Qozog‘istonga tashrifi natijalariga ekspert nigohi
22-23 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga birinchi rasmiy tashrifini amalga oshirdi. Nursulton Nazarboyev bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha hamkorlikka doir 10 dan ziyod hujjat imzolandi. Uchrashuv oldidan ekspertlar orasida Ostona-Toshkent "mintaqaviy o‘qi"ni yaratish imkoniyatlari muhokama qilingan edi. Bu prognozlar qanchalik oqlandi? Mustaqil ekspert Baxtiyor Ergashev (Toshkent) «Yevraziya.Ekspert»ga bergan intervyusida shu kabi savollarga javob berdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga rasmiy tashrifining asosiy natijalari qanday?
"Ta'kidlash joizki, tashrif muvaffaqiyatli o‘tdi. 13 turdagi hujjat imzolandi. Masalan, umumiy qadriyatlarga doir hamkorlik dekalaratsiyasi yoki 2017-2019 yillar uchun mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikka oid kelishuv. Iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish tashrifning asosiy maqsadi bo‘ldi.
Mening nuqtai nazarimda, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ikki tomonlama soliqning oldini olish to‘g‘risidagi bitim juda muhim va qiziq. Agar biz haqiqatdan o‘zaro sarmoyaviy munosabatlarni istasak, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish niyatida bo‘lsak, bu masala hal qilinishi kerak. Shu bois tashrif samarali bo‘ldi va juda ko‘p natija berdi. Bu iqtisodiy jihat.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Qozog‘iston ikki mamlakatning suv-energetika masalalari bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarmagani haqida bayonot berishdi.
Shuningdek eng avvalo Afg‘onistonga oid xavfsizlik masalalari bo‘yicha jiddiy blok mavjud. O‘zbekiston va Qozog‘iston afg‘on muammosini hal qilish bo‘yicha doimo yagona pozitsiyada bo‘ladi: mojaro tinch yo‘l bilan bartaraf etilishi kerak".
Kelajakda Ostona-Toshkent "mintaqaviy o‘qi"ning shakllanish ehtimoli qay darajada?
"Ostona-Toshkent "mintaqaviy o‘qi"ni tuzish zarurati haqida men 2013 yilda, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanayotganida aytganman. Men ana shu geosiyosiy va geoiqtisodiy loyiha tarafdoriman. Bunday "o‘q"ning yaratilishi hech qanday xavf solmaydi, aksincha yangi imkoniyatlar yaratadi - nafaqat O‘zbekiston va Qozog‘iston uchun, balki mintaqadagi barcha mamlakatlar uchun.
Hozir Qozog‘istonda jadal va innovatsion rivojlanish dasturi amalga oshirilmoqda, davlat rahbari modernizatsiyaning uchinchi to‘lqini haqida e'lon qilgan. O‘zbekistonda sanoatlashtirish, yangi sanoat klasterlarini yaratish, yangi sohalarni shakllantirish, YaIMda sanoat ulushini ko‘paytirishga yo‘naltirilgan faol siyosat davom etmoqda. Ya'ni ikki mamlakatda ham sinxron ravishda bir-birining iqtisodiy salohiyatini kuchaytiruvchi iqtisodiy jarayonlar ketmoqda.
Ikki mamlakatning eksport tovar tuzilmasini kengaytirish va diversifikatsiya qilish uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bu jiddiy uzoq muddatli hamkorlik uchun iqtisodiy asos yaratadi. Ya'ni Ostona-Toshkent "o‘qi"ning shakllanishi iqtisodiy jihatdan chuqur va uzoq muddatli asoslarga ega.
Siyosiy nuqtai nazardan qiyinroq. Masalan, harbiy-siyosiy loyihalar iqtisodiy loyihalar kabi faol va dinamik bo‘lmaydi. Biroq nima bo‘lganda ham, iqtisodiy asos bu "o‘q"ni yaratishning iloji borligi haqida gapirish imkonini beradi".
O‘zbekiston va Qozog‘iston yaqinlashish jarayonida qanday to‘siqlarga duch kelishi mumkin?
Qozog‘iston ba'zi post-sovet tuzilmalarida qatnashadi, O‘zbekiston esa - yo‘q. Bu Ostona-Toshkent geosiyosiy va geoiqtisodiy "o‘q"ning shakllanish yo‘liga g‘ov bo‘lishi mumkin. Shu bois "o‘q"ning tezkorlik bilan shakllanishi haqida gapirishga erta, lekin uning salohiyatga ega ekanligi - aniq.
Mavzuga oid
20:56 / 30.10.2023
Jinoyat protsessining ayrim qatnashchilariga haq to‘lash tartibi belgilandi
15:06 / 20.04.2023
Yangilanayotgan Konstitutsiya xorijiy ekspertlar tomonidan baholandi
10:04 / 11.03.2023
Xususiy sud ekspertlarining kasb etikasi qoidalari tasdiqlandi
11:53 / 28.09.2022